O‘sh: Melis Mirzakmatovning akasi hibsga olindi

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘sh sobiq hokimining akasi Kenesh Mirzakmatov tovlamachilikda ayblanmoqda. Allaqachon uning ustidan jinoiy ish ochilgani ham aytilmoqda.

Yaqinda xalqaro qidiruvga berilgan Melis Mirzakmatov o‘zining qayerdaligi hanuz ma‘lum emas.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘sh sobiq hokimi ustidan sirtdan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Unga rasman "o‘z xizmat lavozimini suiiste‘mol etganlik" aybi qo‘yilgan, hibsga olishga qaror qilingandi.

Ayon bo‘lishicha, Kenesh Mirzakmatov 2 may kuni O‘shdan Bishkekka ketish yo‘lida hibsga olingan.

U bilan birga yana uch kishining qo‘lga olingani, hibsdagilar qolganlarining ham tovlamachilikda ayblanayotgani aytiladi.

Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining O‘sh viloyati va shahri bo‘yicha Bosh boshqarmasi matbuot xizmati bildirgan.

Matbuot xizmati ma‘lumotlariga tayanilsa, to‘rttovlondan ikki nafari o‘tgan yili "Botken faxriylari jamiyati"ni tuzib, uy sotib olishga ehtiyojmand odamlarga o‘z xizmatlarini taklif qilishgan, ulardan pul undirishgan.

"Joriy paytda ularning tovlamachiliklari yuzasidan to‘qqiz kishi rasman arz qilgan. Ammo boshqa jabrdiydalarni ham topish ishlari davom etmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ular yetkazgan umumiy ziyonning miqdori 132 ming AQSh dollari va 1 million somdan ortiqroqni tashkil qiladi", - deyiladi boshqarma matbuot xizmati bayonotida.

Matbuot xizmati, o‘z navbatida, shu paytga qadar bu guruhning qo‘lidan 19 kishining jabr chekkani aniqlangani, hozir beshinchi gumondorning qidirilayotgani haqida ham xabar beradi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bir nafarining qidiruvda ekaniga qaramay, allaqachon beshovlon ustidan jinoiy ish ochilgan.

Kenesh Mirzakmatovning mahkama hukmi asosida ikki oygacha muvaqqat tergov izolyatorida saqlab turilishi ham aytiladi.

Mas‘ullarga ko‘ra, joriy paytda uning tovlamachilik bilan bog‘liq mojaroda O‘sh shahri hokimligi davlat mulki boshqarmasi sobiq boshlig‘ining ham qo‘li borligiga oid iddaosi tekshirilmoqda.

Melis Mirzakmatov

Image copyright Courtesy Photo

Xabarlarga ko‘ra, sobiq hokimga qo‘yilayotgan ayblov Qirg‘izistonning janubiy O‘sh shahridagi qurilish jarayonlari bilan bog‘liq.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Melis Mirzakmatovning o‘zi hozir xorijda bo‘lishi mumkin.

Qirg‘iz mulozimlari esa, uning aynan qaysi davlatda ekani haqida hech narsa deyishmayapti.

Ammo sobiq hokimning ancha paytdan buyon jamoatchilik joylarida ko‘rinmay qolgani kuzatiladi.

Uning "Uluttar birimdigi" partiyasi "Melis Mirzakmatov ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilishini siyosiy qatag‘on", deb tasvirlagandi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining bildirishicha, O‘sh shahri va viloyati tergov bo‘limlarining tekshiruvlari sobiq hokimning Navoiy ko‘chasidagi estakada ko‘prigi qurilishi jarayonida noqonuniy xatti-harakatlarga qo‘l urganini tasdiqlagan.

Jumladan, janob Mirzakmatovning qator qonunlarga zid ravishda, hech qanday texnik-iqtisodiy asoslarsiz, shahardagi xizmatlar va idoralar rahbarlariga ko‘prik qurilishi uchun mablag‘ ajratish va darhol ishni boshlash to‘g‘risida buyruq berganligi oshkor bo‘lgan.

Tergov tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, shu maqsadda o‘tgan yili ikki marta noqonuniy tender o‘tkazilgan:

Shartnomalar imzolanib, oqibatda davlatga katta miqdorda, ya‘ni 27 million som zarar yetkazilgan.

Janob Mirzakmatov 2010 yilning yoz oyida mahalliy o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida kelib chiqqan qonli etnik nizolar chog‘ida o‘zining millatchi chiqishlari bilan tanilgan.

Nufuzli xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida esa, O‘sh shahri sobiq hokimi o‘zbek mahallalariga qarshi hujumlarni to‘xtatmaslikda ayblangan.

Shu bilan birga uning hokimlik faoliyatiga ijobiy baho berganlar ham yo‘q emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq