#Uzbekistan: narxlar oshgach, bahs qizir

Mana kutilganidek, O‘zbekistonda kommunal xizmat narxlari 15 May kuni oshirilishi e‘lon qilindi. Mamlakat fuqarolari oyliklar oshirilishi oldidan e‘lon qilinadigan bu "oshdi-oshdi" xarajatlarni ijtimoiy tarmoqlarda turlicha kutib olmoqdalar.

"Novosti Uzbekistana" Facebook guruhi a‘zolari elektr toki narxi oshirilishi haqidagi e‘lonni istehzo bilan saylovdan keyingi "kutilgan sovg‘a" kabi qarshi oldilar.

"Prezident bu yil hech qanday narxlar oshmaydi deb so‘z bergandi!!!" - deb yozgan "Ekaterina Kitayeva". Unga javoban "Aziz Light" shunday degan: "Ekaterina, balki saylovdan oldin so‘z berilgandur:)". "Mumu Mumu" esa "Ha, saylovlar o‘tib bo‘ldi-ku" - deb qo‘shimcha qilgan. "Ancha kutib qoldik", - deydi istehzo bilan "Alex Degtyaryov".

"Svetlana Nata" shuni yozib qoldirgan: "Xuddi obligatsiyalar bilan bo‘lganidek saylov bilan ham aldashdi. O‘zlarinikini olishdi, endi esa buyog‘iga yo‘rg‘alayveradi. O‘zimiz shundaylarni saylaymiz".

Boshqa foydalanuvchilar esa bu "oshdi-oshdi"larni kam ish haqqidan to‘lab ulgura olmayotganlarini aytishgan. "Alena Shahnazarova" shunday degan: "Eski narxlarga ko‘nikishga ulgurmasimizdan yangilari paydo bo‘ladi. Narxlar oshmoqda, oylikdan boshqa hamma narsani narxi oshmoqda))) Yaqinda oyliklarni mikroskopda ko‘radigan bo‘lamiz(((".

"Ketrin Kavana" jumladan shunday nola qilgan: "Hukumat jonga tegdiyla… jigarlarim, qachondur maosh va pensiyalar oshiriladimi????". "Albina Sadykova" esa o‘zbek ministrlaridan hamma davlat ishchilari oyliklarini o‘z oyliklari darajasiga ko‘tarishlarini talab qilgan. U oddiy odamlarning sotib olish salohiyatini bila turib, bunday qarorlarni "o‘ylamasdan qabul qilmaslik kerak" - deb aytgan. "Deputatlar! Uyg‘oninglar! Qani sizlarning oddiy odamlar manfaatini ta‘minlovchi tashabbuslaringiz???", - deb qo‘shimcha qiladi ushbu faol.

Ushbu guruhda gaz narxi oshirilishi haqidagi xabarga ham bir qancha izohlar bo‘lgan. Guruh foydalanuvchilari saylov oldidan aldanganliklarini tan olishgan. "Eh, 92 foiz, saylovda ovoz berishdan oldin prezidentning rivojlanish rejasini baribir o‘qib ko‘rish kerak edi", - deb aytgan "Ramil Yalilov". Unga javoban "Tanya Kalyujnaya" shunday degan: "Ha, siz haqsiz, lekin uni o‘qish mumkinmi, o‘qishga bir narsani berib, amalda boshqa narsani ko‘rsatishadi".

"Mana sizlarga saylov natijlari. Nima eksang shuni o‘rasan" - deb aytgan "Lilya Madaminova" quyidagi izohni qo‘shimcha qilgan: "Pul masalasida Amerika va Toshkentda yashash bir xil bo‘lib qoldi". "Murod Hasanow" shuni qo‘shimcha qilgan: "O‘zingdan chiqqan baloga qayga borasan davoga".

"Obshchestvenny kontrol UZ24" Facebook sahifasida ham O‘zbekistonlik internet faollari energiya resurslarga narxlar oshishini salbiy kutib olishgan. "Victoria Hawk" nomlik guruh a‘zosi "Xo‘sh, buning uchun kimdur javobgarmi? Biz, iste‘molchilar bunga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?" - deb savolga tutgan.

"O‘zingizni bosing bolalar. Har yili bir xil ahvol, biz bunga endi ko‘nikishimiz kerak. Ularga sizning noroziliklaringizni yozib qoldirishingiz bir chaqa puldek gap. Bu shunchaki inflyatsiya, shu javob bo‘ladi. Yoki boshqa bir o‘ziga xos bahona - dollar oshdi-ku. Dollar nechpul bo‘ldi, 4,500?" - deb izoh qoldirgan "Petr Igorevich Yegorov".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio