"Ko‘chalarni tozalash bemorlarni qabul qilishga xalaqit bermaydi"

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlarning ko‘chalarni tozalashi bemorlarni qabul qilishga xalaqit bermasligini ma‘lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, xashar O‘zbekistonning qadimdan kelayotgan an‘anasi va unga xodimlar faqatgina ko‘ngilli ravishda jalb qilinadi.

BBC shanbalik bahona O‘zbekistondagi meditsina ahvoliga nazar tashladi. Izlanishlar natijasida, e‘tibor qaratish kerak bo‘lgan shanbalikdan ham muhimroq tomonlar chiqib keldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining uz24 web nashriga bergan javobida shanbalik yoki hashar yilda ikki marta o‘tkazilishi va xodimlar unga o‘z xohishlari bilan chiqishini ma‘lum qilgan.

Vazirlikning ushbu javobi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning kulgulariga sabab bo‘lgan.

Foydalanuvchilar do‘xtirning vazifasi ko‘cha tozalash emas bemorga qarash bo‘lishi kerakligini ta‘kidlagan.

Ammo surishtiruv olib borganimizda joylardagi ahvol bundan ham yomonroqligi ma‘lum bo‘ldi. Jizzax viloyatining qishloq xo‘jaligiga moslashgan tumanlarida tibbiyot xodimlarining mahalliy fermerlarga ishchi sifatida biriktirib qo‘yilganligi oydinlashdi.

"Poliklinika xodimlari boshqa byudjet tashkilotlari kabi fermerlarga homiy sifatida biriktirilgan. Ularning vazifasi fermerlarning paxtasini o‘tdan tozalash, yagona , chekanka qilish va pishib yetilgach terib berishdan iborat", - deydi byudjet xodimi.

Unga ko‘ra, bunday amaliyot keng yoyilgan va bu shifokorlarning ishiga ta‘sir o‘tkazmasdan qolmayapti.

Suhbatoshimizga ko‘ra, tuman miqyosida tibbiyot nochor ahvolga kelib qolgan. Puli borlar va o‘ziga to‘qroq odamlar bemorni ko‘rsatish uchun tuman shifoxonasiga olib bormaydi. Chunki malakasiz va ta‘magir shifokorlar bemorni yanada yomon ahvolga solib qo‘yish mumkin.

- Qo‘lim sinib tumanimizdagi travmotologiya bo‘limiga bordim. Gipslab, 40 kundan keyin kelasiz deb yuborishdi. 40 kun davomida mumiya ichib yurdim, qo‘limdagi og‘riq qolmadi. Aytgan vaqtida borib gipsni yechtirsam, suyaklarni qiyshiq terib qo‘yishibdi. Keyin uni Samarqand shahriga borib qaytadan sindirib gipslashimizga to‘g‘ri keldi, - deydi 55 yoshlardagi ayol.

Uning atishicha, bu kabi holatlar boshqa hamqishloqlari bilan ham bo‘lgan.

Bolalar shifokorining malakasi ham so‘roq ostiga olinadi. Yosh onaning aytishicha, shifokor 1 oylik bolasining boshida o‘simta bor deya tashxis qo‘yib bergan va shu bilan ota onani chuqur depressiyaga tushirgan.

Biroq keyinchalik ma‘lum bo‘lishicha, bu bosh chanoq qon bosimining boshlanish alomatlari bo‘lib chiqqan.

Shifokor va hamshiralar dala ishlariga majbur qilinsa ham ish yo‘qligi va pora olish imkoni borligi sabab shifoxonalarga ishga kirish o‘ta qiyin va qo‘shimcha pora talab qiladi.

Bolangning og‘zi qiyshiq

Davolanish bo‘limiga ishga kirish o‘rtacha 1,5 million so‘m ekanligi ma‘lum bo‘ldi. Eng yog‘li ishlar bu tug‘ruqxona bo‘lib unga oddiy sanitar bo‘lib kirish uchun 3 million so‘m yoki 700 dollar deyishdi.

Tibbiyot muassasalari xodimlari tuman sharoitlarida o‘rtacha 350-400 ming so‘m maosh oladi. Uning ma‘lum qismi ta‘mirlash va gazeta obunasiga urib qolinadi.

Ammo mijozlardan tushadigan pul orqali berilgan pulni chiqarib olish mumkin.

- Tug‘ruqxonaga tushishdan oldin yig‘ib terib pul taxlab qo‘yamiz. Yaqinda ayolim tug‘di. O‘rtacha 1 million so‘m sarfladik. Hali bola tug‘ilmasidan oldin dorilar, bint va hatto spirtgacha ro‘yxat qilib yozib berishadi. Undan keyin doyadan tortib, sanitar va bolani ko‘tarib chiqqan hammani rozi qilishingiz kerak. Hattoki ovqat tashiydigan xodimigacha bir ikki so‘m pul bermasangiz bo‘lmaydi, - deydi kirakash.

Sovet davrida qurilgan tug‘ruqxona yillar o‘tib zamonaviy bo‘lishning o‘rniga 30 yil oldingi imkoniyatlarini ham yo‘qotmoqda. Issiq va sovuq suv yo‘q, inventarlar almashtirilmagan, chiroq tez tez o‘chib turadi.

O‘zbekiston va Qozog‘istondagi tug‘uriqxonalarda yotgan ayol ikki davlatdagi ushbu muassasalarni solishtiradi.

"Gigiyenada juda ham katta farqi bor. O‘zbekistonda yotganimda nechta palata bo‘lgan bo‘lsa hammasi uchun bitta hojatxona ishlardi. Uning ham suvi yo‘q. Uning ichiga rasvo bo‘lganligidan kira olmaysiz. Bitta palada 4-5 ayol yotadi. Qozog‘istonda 2-3 ayol yotadi, har bir palataning oldida bittadan hojatxona va yuvinish xonalari bor. Unda sovuq va issiq suv chiqib turadi. Bir kunda ikki marta tozalashadi. O‘zbekistonda esa bitta hojatxona bo‘lganligi uchun odamning kirgisi kelmaydi".

Suhbatdoshimizning aytishicha, O‘zbekistonda yotgan tug‘ruqxonada mijozlari o‘zlari bilan idish tovoqlariyu, choyshablarigacha uydan ko‘tarib kelishga to‘g‘ri keladi. Tug‘ruqxonaga qabul qilishning shartlari ham shundan iborat.

"Choyshablari yo‘q edi. O‘zimiz uydan olib keldik. Bitta yoping‘ich, choyshab va ko‘rpa jildini uydan olib kelganmiz. Tug‘ruxona tomonidan berilgan matratsida odamning yotgisi kelmaydi. Ayollarning qoni qotib qolgan", - deydi O‘zbekiston va Qozog‘iston tug‘uruqxonalarida yotgan suhbatdosh,

Shifokorlarning mijozdan pul undirish uchun turli tuman bahonalarni o‘ylab topishi aytiladi.

"Ikkinchi bolamni keserova amaliyoti bilan tug‘dim. Qaynonam hamma shifokorlarga 50 dollardan "minnatdorchilik" puli berib chiqdi. Lekin bolalar shifokoridan javob olishning imkoni bo‘lmadi. Nima bo‘ldi, desam. Uydagilaringizni chaqiring, chaqaloqning og‘zi qiyshiq, dedi. Qaynonam kelsa, pul so‘rabdi. Bolalar vrachiga berilmay qolib ketgan ekan", - deydi yosh ona.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio