Britaniya saylovi: Kim g‘olib va kim mag‘lub? Buning ahamiyati nimada?

Image copyright PA

Britaniyada kecha bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovlarining ilk natijalariga qaralsa, konservatorlar parlamentdagi eng ko‘p o‘rinlarni egallashadi va hukumat tuzishga muvaffaq bo‘lishadi. BBC bashoratiga ko‘ra, konservatorlar 329ta o‘rinni egallaydilar va bu ularning yakka partiyali hukumat tuzishi uchun yetarlidir. Parlamentga umumiy hisobda 650 deputat saylanadi. Ibrat Safo saylovni yaqindan kuzatmoqda, Ibrat, avvalo, qanchalar kutilmagan bo‘ldi bu ilk natijalar?

Mutlaqo kutilmagan natijalar bo‘ldi. Demokratiya o‘zining naqadar kutib bo‘lmaydigan va bashorat qilish qiyin bo‘lgan jozibali tarafini yana bir bor namoyish qildi. Hatto Bosh Vazir Devid Kameronning o‘zi ham bu kabi muvaffaqiyatni kutmagandi. Chunki uning oxirgi besh yil ichida olib borgan siyosati, ba‘zilar tomonidan, boyni boy qiluvchi va qashshoqlarni yanada ezuvchi siyosatdek taqdim qilindi va Kameron janoblari o‘zining konservatorlar partiyasi aksariyat ovozlarni olishlariga ko‘zi yetmagandi. Leyboristlar, o‘zlarining yosh lideri Ed Miliband bilan katta mag‘lubiyatga uchradilar, ular ham buni kutishmagandi, ular ovozlar deyarli teng bo‘lishi va balki boshqa partiyalar bilan koalitsiyaga kirib hukumatni boshqarishga ham ko‘z tikayotgandilar. Ammo, aftidan endi ular parlamentda 233ta o‘rinni egallaydilar. Leyboristlar rahbari Ed Miliband ovozlar sanalishi bilan o‘tgan tunni o‘z partiyasi uchun "o‘ta mashaqqatli va g‘amgin tun" deya tasvirladi. Ilk natijalar va bashoratlarga binoan, oxirgi besh yil ichida hukumatdagi koalitsiyaning bir qismi bo‘lib kelgan liberal-demokratlar partiyasi mazkur saylovlarda eng katta mag‘lubiyatga uchradi va parlamentda 47 o‘rinni yo‘qotdi. Eng katta g‘oliblar deb Shotlandiyaning milliy partiyasi, SNPni aytish mumkin. U mahalliy leyboristlar ustidan yirik g‘alaba qozonganini namoyish qilmoqda. U Shotlandiyadagi 59ta okrugdan 56tasini qo‘lga kiritishi kutiladi.

Shu yerda Britaniya saylov tizimini biroz tushuntirib bersangiz. Ya‘ni har bir saylov uchastkasida eng ko‘p ovoz olgan nomzod parlamentdan o‘rin oladi, shunday emasmi?

Xuddi shunday, saylovlar 650ta okrugda aksariyat ovoz tizimi bo‘yicha bo‘lib o‘tdi. Bu degani har bir hududda saylovchilar partiya uchun emas, balki aniq nomzodga ovoz beradilar. G‘olib esa eng ko‘p ovozni olgan nomzod bo‘ladi. Ba‘zilar uchun bu adolasiz tizimdek ko‘rinishi mumkin, mana masalan, Britaniya mustaqil partiyasi, ya‘ni UKIP o‘zining Ovro‘po Ittifoqiga qarshi siyosati bilan mamlakat bo‘ylab millionlab ovozlar yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi, lekin faqat bitta nomzodi bitta okrugda yutib chiqqani uchun, u endi parlamentda faqat bitta vakiliga ega bo‘ladi. Shuning uchun kichikroq partiyalar anchadan beri islohotlarni talab qilib kelishayapti, va agar saylov tizimi isloh qilinsa, har doim britan saylovlarining qurboni bo‘lib keladigan kichik partiyalar parlamentga mustahkamroq o‘rnashib olishlari mumkin bo‘ladi.

O‘ng qanotning g‘olib chiqishi, chap qanotning mag‘lubiyati, undan tashqari shotland millatchilarining bu kabi yirik g‘alabasi nimani o‘zgartirishi mumkin kelgusi besh yil ichida?

Ba‘zi tahlilchilar bu saylovlar Britan tarixidagi har qanday saylovdan ham jiddiyroq va ahamiyatliroq oqibatlarga olib kelishi mumkin deyishayapti. Chunki endi Ovro‘po Ittifoqiga a‘zolikdek yirik masala kun tartibiga kiritiladi, Devid Kameron ikki yildan so‘ng "Bu ittifoqdan chiqib ketaylikmi?" deb referendum o‘tkazishi kutilayapti. Shuningdek, Buyuk Britayaning o‘zi ham parchalanish xavfi ostida qolayotir, chunki Shotlandiyada SNP milliy partiyasi o‘ta yirik g‘alaba qozonib, Shotlandiyani endi deyarli yakka partiya hukmron bo‘lgan o‘lkaga aylantirdi. O‘tgan yili Shotlandiya mustaqilligi borasidagi referendumda shotlandlar oz ko‘pchilik bilan mustaqillikka "yo‘q" deb javob berishgandi, lekin endi yana referendum o‘tkazilishi va bu safar "ha" deb javob berishlari ehtimoli katta. Tasavvur qiling, konservatorlarni toqat qila olmaydigan 56ta millatchi shotland deputatlar endi parlamentdan o‘rin olishadi va bu parlamentdagi muvozanatni keskin silkitadi. Leyboristlar esa o‘rinlarni yo‘qotib mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsalarda, agar muxolifat doirasida shotlandlar bilan til biriktirishsa, konservatorlarning siyosatiga yaxshigina qarshilik qilishlari mumkin bo‘ladi. Undan tashqari, agar Britaniya mustaqil partiyasi UKIPning qanchalar ko‘p ovoz olganiga qarasak, Britaniyada muhojirlarga qarshi kayfiyatlar, ba‘zilar nazdida, hatto irqchi qarashlar qanchalar kuchayib borayotganini ko‘rish mumkin. "Britaniyaga muhojirlar kerak, ular mamlakatimizga foyda keltiradi" deb chiqqan partiyalar esa kam ovoz oldilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer