Karimov Moskvadagi paradda qatnashmaydi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Karimov 2005 yilgi paradda qatnashgan edi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining xabaridan anglashilishicha, Prezident Islom Karimov 8 may kuni Moskvadagi MDH davlat rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etadi, ammo 9 may kuni o‘tadigan tantanali paradda qatnashmaydi.

"Islom Karimov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 8 may kuni Moskva shahriga tashrif buyuradi va Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida MDH davlat rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etadi", deyiladi Tashqi ishlar vazirligining web sahifasida chop etilgan xabarda.

Rasmiy xabarda janob Karimovning Moskvadagi paradda ishtirok etish-etmasligi haqida hech narsa deyilmagan, ammo undan tashrifning faqat bir kunlik ekanini anglash mumkin.

9 may kuni janob Karimovning Toshkentda o‘tadigan rasmiy tadbirlarda qatnashishi kutiladi.

Chorshanba kuni Toshkentda chop etiladigan "Novy vek" ro‘znomasi O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmatiga tayanib, janob Karimov Moskvaga bormasligi, 9 may kuni O‘zbekistonning o‘zida o‘tadigan tadbirlarda faol ishtirok etishini xabar qilgan edi.

Ikkinchi jahon urushida 1.4 milliondan ortiq o‘zbekistonliklar ishtirok etishgan, ulardan 400 mingdan ko‘pi halok bo‘lgan, 130 ming odam bedarak ketgan.

9 may O‘zbekistonda 1999 yildan buyon G‘alaba kuni emas, balki "Xotira va qadrlash kuni" sifatida nishonlanadi.

Shu kuni Prezident Karimov Toshkentdagi "Motamsaro ona" haykali poyiga gulchambar qo‘yadi va urush faxriylari bilan uchrashadi.

Image copyright umida ahmedova
Image caption O‘zbekistonda 4 mingga yaqin urush qatnashchilari qolgan

O‘zbekiston Prezidenti Moskvada 2005 yilgi paradda ishtirok etgan edi.

Mehmonlar ro‘yxati

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning o‘n yillik sanalari Rossiyada o‘zgacha tantana bilan bilan nishonlanadi.

Biroq ushbu bayram bu yil ancha siyosiy tus olgan.

10 yil oldingidan farqli ravishda, bu safargi paradda ishtirok etishni bildiruvchi davlat rahbarlarining soni kundan-kunga kamayib bormoqda.

Shu kungacha 26 davlat rahbari tantanalarda ishtirok etmasligini bildirgan.

Bunga Ukrainadagi voqealar va unda Rossiyaning roli sabab qilib keltirilmoqda.

O‘zbekiston Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagan va inqirozni muzokaralar yo‘li bilan yechishga chaqirgan.

Tahlilchilar rasmiy Kreml paradga keluvchi davlat rahbarlarining sonini ko‘paytirish maqsadida MDH davlatlarining norasmiy yig‘ilishini atayin 8 may kuniga belgilaganligini aytishadi.

Biroq MDHga a‘zo 11 davlatdan 3 tasi Ukraina, Moldova va O‘zbekiston ushbu sammitda ishtirok etmasligini bildirgan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko esa, sammitdan so‘ng Minskka uchib ketishini va mamlakatida 9 may kuni bo‘ladigan harbiy paradda ishtirok etishini aytgan.

2010 yilda Toshkentda sovet askari xotirasiga qo‘yilgan yodgorlikning buzib tashlanishi Moskvaning g‘azabli munosabatiga sabab bo‘lgan edi.

Rasmiy Toshkent sho‘ro askariga qo‘yilgan haykal Ikkinchi jahon urushi jangchilarining xotirasi timsoli bo‘lmagani, balki "bor-yo‘g‘i eski tuzum mafkurasini aks ettirgani"ni aytgan.

Shu yilning mart oyida Angren shahridagi Ikkinchi Jahon urushida halok bo‘lgan angrenliklar xotirasiga o‘rnatilgan haykal ham buzib tashlangan.

Rasmiylar haykal shaharni qayta ta‘mirlash me‘morchilik rejasiga to‘g‘ri kelmagani vajidan buzilganini aytishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio