Rossiyadagi muhojirlarni ekstremist guruhlar "ovlamoqda"mi?

Image caption "Ekstremistik guruhlarga a‘zolik ayblari bilan minglab tojikistonliklar qamoqqa tashlangan..."

Tojikiston shimolidagi Xo‘jand shahrida 19 kishi "Jamoat Ansarulloh" guruhiga a‘zolik va ekstremizmda ayblanib uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilganlar.

Xabarlarga ko‘ra, yana to‘rt kishi bu guruh a‘zolarining "jinoiy harakatlari" haqida tegishli idoralarga xabar bermaganlikda ayblanib, hukm etilganlar.

"Jamoat Ansarulloh" ning rahbari deb ko‘rilgan shaxs qariyb 18 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Qolgan 18 nafar ayblanuvchilar 8,5 yildan ozodlikdan mahrum qilinganlar.

Tojikistonda noqonuniy ekstremist guruh deb tanilgan "Jamoat Ansarulloh" a‘zolarining "jinoiy faoliyatlari" haqida xabar bermaganlikda ayblangan to‘rt kishining xar biriga 1 yildan qamoq jazosi belgilangan.

Oliy Mahkama xabarnomasida aytilishicha, barcha hukm etilganlar "Jamoat Ansarulloh" guruhiga Rossiya Federatsiyasida muhojirliklari davrida a‘zo bo‘lishgan.

Muhojirlar Rossiyada yollanmoqdami?

Image copyright BBC World Service
Image caption Mehnat muhojirlari

So‘nggi yillar Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida ekstremist guruhlar, jumladan "Islomiy davlat" ham "yollash" ovini kuchaytirgani haqida aytiladi. Mutaxassislarga ko‘ra, Suriya va Iroqda "Islomiy davlat" safida jang qilayotganlar markaziy osiyoliklar, xususan tojikistonlar safida sobiq mehnat muhojirlari salmoqli o‘rin egallaydi.

BBC bilan yopiq suhbatda, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan mehnat muhojirining aytishicha, "turli diniy guruhlar doim mehnat muhojirlari orasidan o‘ziga tarafdor yig‘ishga doim harakat qilib kelishadi".

Ammo Rossiyadagi inqiroz tufayli minglab muhojirlar ishsiz qolgani va yo daromadlari keskin tushib ketishi, aksariyatni nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy vajlar bilan ham ekstremistik guruhlar safiga kirishiga sabab bo‘ldi, deydi o‘zbekistonlik muhojir.

"Vatanga borsa nima qiladi? Hech bir ishi porasiz bitmasa, ish bo‘lmasa, militsiyaning bedodligini asti qo‘yavering, ayniqsa namoz o‘qiydigan bo‘lsangiz joningiz xatar ostida...Hukumatdagilar namoz o‘qiydiganlar qo‘rqadi, namoz o‘qiydiganlar vatanga qaytishdan...Buni IShIDchilar ham, hizbchilar ham yaxshi biladi", deydi u.

Moskvalik jurnalistga ko‘ra, bugungi kunda Tojikistonning bir milliondan ortiq fuqarolari Rossiyada mehnat qilishadi.

So‘nggi yillar Tojikiston hukumati "milliy madaniyat"ga yot degan bahona bilan uzun soqol qo‘ygan erkaklar va hijoblik xotin-qizlarga qarshi targ‘ibotni kuchaytirib yuborgan.

Ayrim mulozimlar hatto arabcha ismlardan voz kechish taklifi bilan chiqishar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzular qizg‘in munozaralarni urchitib yuborgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, azaldan an‘anador va diniy qadriyatlari mustahkam mamlakatda hukumatning bu kabi qattiqqo‘l choralari salbiy qarshilanmoqda.

"Jamoat Ansarulloh"

"Jamoat Ansarulloh" ilk bor 2010 yilda, Xo‘jand shahrida amalga oshirilgan xudkushlik hujumi ortidan e‘tiborga tushgan.

Hodisada to‘rt militsiya xodimi qurbon bo‘lgan va o‘nlab kishilarga tan jarohati yetgandi.

Ushbu voqea ortidan qator ekstremistik guruhlarning internet sahifalarida "Jamoat Ansarulloh"ning bayonoti e‘lon qilingan va guruh hujumga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqqandi.

2011 yilda sharqiy Rasht vodiysida olib borilgan maxsus harbiy amaliyotlar chog‘ida tojikistonlik taniqli jangari qo‘mondon Mullo Abdullo yashiringan g‘ordan ham guruhning bayrog‘i topilgani xabar berilgan va shundan so‘ng "Jamoat Ansarulloh" Tojikiston hududida jiddiy faoliyat olib borayotganiga oid to‘xtamga kelingandi.

Guruhning kimlardan iborat ekani, a‘zolarining soni va joylashgan yeri haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Mulla Abdullo terrorchi guruhlar orasida katta nufuzga ega bo‘lgan va ko‘p yillar Afg‘oniston hududida "Al-Qoida" tarmog‘i tarafida turib, jang qilgan.

Tojikiston Bosh prokuroturasining ma‘lumotlariga ko‘ra, "Jamoat Ansarulloh" O‘zbekiston Islomiy Harakatiga mansub guruhdir.

Mulozimlarga ishonilsa, bu guruhni Al Qoida moliyalaydi.

Boshqa bir xabarlarda, "Jamoati Ansarulloh" bundan o‘n yilcha avval Pokistonning Vaziriston mintaqasida tashkil topgani aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq