Rustam Sa‘diyev: "Sotqin"- Andijon haqidagi film emas"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Andijondagi qonli voqealarning 10 yillik sanasi arafasida o‘zbek kinochilari tomonidan ishlangan "Sotqin" nomli badiiy film kino ekranlariga chiqarilgan.

Film voqealari Andijonda suratga olingan va unda 2005 yilning 13 may kuni sodir bo‘lgan hodisalarni eslatuvchi sahnalar mavjud.

Filmning bosh qahramoni Sarvar Bahromov (aktyor Farruh Soipov) ismli talaba yigit Andijonda asosan jinoiy ta‘sirga ega bo‘lgan otasi va akasi (aktyor Javohir Zokirov) ning mavjud tuzumni ag‘darishga qaratilgan fitna rejalaridan xabar topgach, ularga qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi.

Ammo Sarvar jihod yo‘lini tanlagan ota va akaning mutaassibona harakatlarini to‘xtatishga ojizlik qiladi va film so‘nggida o‘zi ham jihodchi akasi tomonidan o‘ldiriladi.

Qarashlari mustaqillik mafkurasi bilan yo‘g‘rilgan va dunyoviylik tarafdori bo‘lgan Sarvar diniy ekstremizm ta‘siriga tushgan yaqinlarining xatti-harakatlari Andijonda qanday insoniy fojialarni keltirib chiqarganiga guvoh bo‘ladi.

Diniy ekstremizm g‘oyalarini yoygan va Andijonda mavjud hokimiyatga qarshi harakatlarni moliyalagan xorijlik emissar - Hafizulloh Omon obrazi filmning markaziy rollaridan biri hisoblanadi.

Filmdagi voqealardan tashqari, qator obrazlar Andijonda 2005 yil mayida hokimiyat binosini egallab olgan namoyishchilar rahbarlarining prototiplariga o‘xshab ketadi.

Qahramonlardan ayrimlarining ismlari ham namoyish tashkilotchilarining ismlariga o‘xshash.

Andijon voqealarning shohidlari va faollar filmni qonli voqealarning 10 yillik sanasi arafasida hukumatning yana bir marta voqealar borasidagi rasmiy talqinini jamoatchilikka singdirish urinishi, deya talqin qilishmoqda.

Ammo BBC bilan suhbatda film muallifi, taniqli kinorejissyor Rustam Sa‘diyev "Sotqin" Andijon voqealariga bag‘ishlangan film ekanini rad etdi.

"Biz filmda Andijon voqealarining elementlaridan foydalanganmiz, ammo uni to‘la Andijon voqealariga bag‘ishlangan, deb aytish to‘g‘ri bo‘lmaydi", - deydi rejissyor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Sotqin" filmi o‘zbek kinochilarining Suriya, Iroq va Ukraina kabi davlatlaridagi urushlar, notinchliklarga munosabatidir.

"Bu urushlar, voqealarning stsenariysiga qarasangiz, hammasi bir-biriga o‘xshash. Biz ushbu film orqali jamiyatimizni ogohlikka chaqirishni maqsad qilganmiz", - deydi Rustam Sa‘diyev.

U davlat tomonidan moliyalangan ushbu film targ‘ibot filmi ekanligini rad etadi.

Filmni tomosha qilgan inson haqlari faoli Mo‘‘tabar Tojiboyevaning aytishicha, "Sotqin" filmining aynan Andijon fojialarining 10 yillik sanasi arafasida kino ekranlariga chiqarilishi tasodif emas.

"Filmda Akromjon Yo‘ldoshevning "Islomga yo‘l" risolasining yirtib tashlanishi, mahbuslar yaqinlarining qamoqdagilarni qutqarish uchun qamoqxonaga bostirib kirishlari singari epizodlarni tasodif deb bo‘lmaydi", - deydi Andijon qirg‘ini shohidi.

Mo‘‘tabar Tojiboyevaga ko‘ra, O‘zbekistonda hozirgi sharoitda Andijon voqealari haqida na hujjatli va na haqqoniy badiiy filmni suratga olish imkoni yo‘q.

2005 yilning 13 mayida Andijonning markaziy Bobur maydonida yuzlab, asosan, tinch namoyishchilar hukumat kuchlari tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida ayollar va yosh bolalar doxil, yuzlab insonlar halok bo‘lgan edi.

O‘zbekiston hukumati aksariyati "terrorchilar"dan iborat 187 kishining halok bo‘lganini aytib keladi.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari voqealarni "qirg‘in" deya tasvirlashgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq