"Bin Lodin o‘limi bilan bog‘liq vaziyat buzib ko‘rsatilgan"

Image copyright AP
Image caption Usama bin Lodinning o‘limi haqidagi turli farazlar aytiladi

Taniqli amerikalik jurnalist Seymour Hershga ko‘ra, AQSh hukumati 2011 yilda "Al-Qoida" rahbari Usama bin Lodinning o‘limi bilan bog‘liq vaziyatni buzib ko‘rsatgan.

Hersh berayotgan farazga qaraganda, bin Lodin Amerika hukumati rasmiy ma‘lumotida aytilganidek, Pokistonda ozodlikda yashirinib yurmagan, balki mahalliy josuslik xizmati tomonidan hibsda saqlangan va undan "Al-Qoida" kuchlariga bosim o‘tkazish maqsadida foydalanib kelingan.

Shuningdek bin Lodinning manzili haqida Pokiston josuslik xizmati xodimi 25 ming dollar evaziga AQSh hukumatiga xabar bergan, deb ta‘kidlaydi jurnalist.

Qo‘shma Shtatlar rasmiy xabari bo‘yicha, bin Lodin 2011 yil 2 mayda maxsus amaliyot chog‘ida o‘ldirilgan va "Al-Qoida" rahbarining jasadi Arab dengizida dafn qilingan. Hersh keltirayotgan ma‘lumotlarga qaralsa, boshidan otib o‘ldirilgan Usama bin Lodinning tanasi Hindikush tog‘lari ustida tikuchardan tashlab yuborilgan.

"Yolg‘on tasdiq"

Image copyright BBC World Service
Image caption Usama bin Lodinning o‘limi aslini olganda qotillik edi, ta‘kidlaydi yozuvchi Seymour Hersh

Pulittserovskiy mukofoti sovrindori yozuvchi Seymour Hershning so‘zlari bo‘yicha, Usama bin Lodin o‘ldirilgan amaliyot haqiqatda amerikaliklarning maxfiy va tavakkal harakati bo‘lmasdan, balki Pokiston va AQSh harbiy josusligining hamkorlikdagi amaliyoti hisoblangan.

Jurnalistning aytishicha, bu tafsilotlarga u ismi sir qolishi kerak bo‘lgan manba‘ orqali voqif bo‘lgan, so‘ngra AQSh maxsus amaliyotlari boshqarmasining ikki harbiysi va Pokistondagi boshqa manbalar bilan gaplashgan.

Barak Obama tashqi siyosatining sahnasi bo‘lgan qahramonona amaliyotni "fosh qilgan" muallif nomiga AQShda bo‘lgani kabi, Pokistonda ham ayblovlar yog‘dirildi. Bunday katta da‘vo bilan chiqqan jurnalist yetarli dalillar ko‘rsatmaganlikda tanqid qilindi.

"Usama bin Lodin o‘ldirilgan maxsus amaliyot faqat amerikaliklar tomonidan o‘tkazilmagani haqidagi gaplar butunlay yolg‘ondir", - deb aytgan Oq Uy vakili Ned Prays. Hershning asari "noaniq va asossiz xulosalardan" iborat, deya qo‘shimcha qiladi u.

Hershning so‘zlariga ko‘ra esa, "Pokistondagi "amaliyot" aslini olganda Usama bin Lodinni o‘ldirishni rejalashtirgan edi".

"London Review of Books"da chop etilgan maqolada ta‘kidlanishicha, bin Lodin 2006 yildan beri Abbottobodda Pokiston nazorati va Saudiya Arabistoni moliyaviy dastagi ostida yashab kelgan.

"Kelishuv"

Hershga ko‘ra, amerikaliklarga pokistonlik manba‘ orqali bin Lodinning manzili aniq bo‘lgach (rasmiy ma‘lumotlarda aytilganidek, "Al-Qoida"ning asirga tushgan jangarilari va bin Lodinning kurerini so‘roq qilish orqasidan emas), yuqori lavozimli Pokiston rahbarlari Qo‘shma Shtatlarga aslida qotillik bo‘lgan bu "amaliyot"ni o‘tkazishga ruxsat berganlar.

Shundan keyin o‘rtada go‘yoki qaror tuzilgan, amerikaliklarga ob‘ektni kuzatishga, bin Lodin shaxsini tasdiqlash uchun DNK namunalariga ega bo‘lishga ruxsat berilgan va hatto Pokiston josuslik xizmati va uning rahbarlarini moliyalashtirishni davom ettirish evaziga mahalliy josus yordami bilan ta‘minlangan.

Image copyright BBC World Service
Image caption Barak Obama bin Lodin o‘limini kelishuvdan bir hafta oldin e‘lon qilgan, deydi Hersh

Hersh ta‘kidlashicha, Barak Obama bin Lodinning o‘limi haqida Pokiston bilan kelishuv talab qilganidan bir hafta oldin e‘lon qilgan. Kelishuv doirasiga ko‘ra, AQSh bin Lodinning o‘limini e‘lon qilishni bir hafta ushlab turishi va bin Lodin Afg‘onistonda dron hujumi natijasida o‘ldirildi, deb e‘lon qilishi kerak bo‘lgan, deb ta‘kidlaydi Hersh.

Biroq amaliyot davomida Amerikaning tikucharlaridan biri halokatga uchrashi orqasidan, Oq Uy amaliyotning butun tarixi oshkor bo‘lishi xavotirida kelishuvni bajarmaydi.

Shu boisdan, Barak Obama o‘sha kechasiyoq xalqiga maxsus xizmatlar bir necha oy davomida olib borgan ishlari natijasida murakkab amaliyotni amalga oshirgani va Usama bin Lodin to‘qnashuvda o‘ldirilgani haqida e‘lon qiladi.

Keyingi kunlarda esa Oq Uy amaliyot bilan bog‘liq, hatto bir-biriga zid keluvchi tafsilotlarni bera boshlaydi. So‘ngra maxsus xizmatlar va mudofaa boshkarmasi vakillari noroziligi orqasida ularni rad qilishga ham to‘g‘ri keladi.

"Oq Uy tomonidan taqdim qilingan tarixni shunday muvaffaqiyat bilan Luis Keroll ham yoza olardi", deb zaharxanda qiladi yozuvchi Hersh "Alisa mo‘‘jizalar mamlakatida" muallifiga ishora qilarkan.

"London Review of Books"da chop etilgan maqolasini Amerika ma‘muriyati tashqi siyosati haqidagi tanqidiy so‘zlari bilan yakunlaydi:

"Yuqori darajadagi yolg‘on maxfiy turmalar, uchuvchisiz uchoqlar, maxsus xizmatlarning tungi reydlari qatorida Amerika siyosatining asoslaridan biri bo‘lib qolmoqda", deydi u.

Hershning maqolasi ijtimoiy tarmoqlarda tezda siyosiy bahslar va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bin Lodin o‘limi haqida uning farazlari uning jurnalist hamkasblari tomonidan shubha ostiga ham olindi.

Ularning aytishicha, maqolada keltirilgan manba‘lar ishonchsiz, ma‘lumotlar bir-birini inkor qiladi.

Shuningdek, agar amaliyot AQSh va Pokiston hamkorligi natijasi va Pokistonni moliyalashtirishga kelishilgan ekan, nega bin Lodin o‘limidan so‘ng aloqalar yomonlashdi?

Yoki Saudiya Arabistoniga o‘z podsholigini ag‘darishni ko‘zlagan shaxsni moliyalashtirish nega kerak bo‘ldi, degan savollarni keltirishgan.

Seymour Hersh o‘zining jurnalistik tadqiqotlari bilan mashhur. U Amerikalik askarlar 1968 yilda Vetnamda tinch fuqarolarni ommaviy qirg‘in qilgani haqidagi maqolasi uchun Pulittserovskiy mukofotini olgan.

Seymour Hershning o‘zi dushanba kuni bergan teleintervyusida yuqoridagi fikrlarini yana ta‘kidlab, hodisada Amerika bergan ma‘lumotlarga ishonish mumkin emas, deb aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq