Kun.uz sayti asoschisi nima uchun uni tark etdi?

Kun.uz asoschisining loyihani tark etishi "Prezident saylovida haqiqiy siyosiy raqobat kuzatilmadi" nomli xabar chiqqanidan 1,5 oy o‘tib sodir bo‘lmoqda. 26 yoshli Muhrim A‘zamxo‘jayev kun.uzni boshqa bir jamoaga topshirganini bildirdi. Sayt asoschisi nima sababdan bunday qarorga kelganini izohlamagan.

Faqat o‘zbek tilida xabar berishi bilan mashhur kun.uz sayti asoschisi Muhrim A‘zamxo‘jayev Facebookdagi sahifasida ushbu saytdagi ishtiroki yakuniga yetganini bildirgan.

U loyihaga omad va badavlat reklama beruvchilarni tilab qolishini bildirgan.

Kun.uz asoschining nima sababdan qo‘qqisdan loyihani butunlay tark etishi borasida turli fikrlar bildirilgan.

Ayrimlar uni ushbu loyihani boshqa sarmoyadorlarga sotganini gumon qilishgan.

Kun.uz faqat o‘zbek tilida yangilik tarqatuvchi sanoqli mustaqil nashrlardan biri bo‘lish bilan birga hukumat nashrlarida chiqmaydigan xabarlarni berish bo‘yicha ham tanilgan edi.

Sayt O‘zbekiston Prezidentligiga saylov natijalari bo‘yicha Ovro‘pada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan e‘lon qilingan xulosani tanqidiy jihatlarini ham yozgandi.

30 mart kuni chiqqan xabarda "O‘zbekiston Prezidenti saylovida haqiqiy siyosiy raqobat kuzatilmadi", degan xulosa sarlavhaga olib chiqildi.

O‘zbekiston ichidan turib nashr qilinadigan saytlarda bu kabi hukumat uchun "yoqimsiz" xabarlar deyarli kuzatilmaydi.

Ushbu xabar chiqqanidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda fikr qoldirgan o‘quvchilar, avvaliga ushbu xabar bir necha soatlarda olib tashlanishini taxmin qilishdi, keyin esa kun.uzning yaqin kunlarda yopilishi ehtimolini yozishdi.

Xabar olib tashlanmadi, sayt ham yopilmadi, ammo uning asoschisi Muhrim A‘zamxo‘jayev oradan taxminan 1,5 oy o‘tib loyihani tark etayotganini bildirdi.

Biz Muhrim A‘zamxo‘jayev bilan bog‘lanib izoh olishga harakat qildik. Lekin qo‘l telefonni hech kim ko‘tarmadi.

A‘zamxo‘jayev loyihani nima sababdan tark etayotgani borasida Facebookda va o‘z blogida biror izoh qoldirmagan.

Shu yilning yanvar oyida Muhrim A‘zamxo‘jayev O‘zbekiston Professional futbol ligasidagi ish faoliyatini tugatgan. Biroq ushbu maskan haqida o‘z blogida "Uch yil" nomi ostida post qoldirgan va jamoa haqida iliq fikrlar yozgan. Endi kun.uzda yaxshiroq ishlashga harakat qilayotganini bildirgandi.

Kun.uz o‘zbek tilidagi xabarlari bilan o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lgan loyihalardan biri edi.

O‘zbekistondan mustaqil jurnalist Salohiddin Mansur kun.uzni 2012 yildan beri kuzatib borishini va aynan loyiha asoschisining uddaburonligi evaziga o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lganini aytadi.

"Nazarimda kun.uzning muharriri-rahbari jurnalistika sohasida yaxshi bilimga ega bo‘lganligi uchun o‘zining auditoriyasini to‘g‘ri aniqlab bildi. Auditoriyaga mos ravishda, sur‘atlar va axborot berishni yo‘lga qo‘ya oldi", - deydi Salohiddin Mansur.

Jurnalistga ko‘ra, kun.uzning yutug‘i rasmiy zerikarli bo‘lgan xabarlarni o‘quvchini qiziqtira oladigan tomonini bo‘rttirib olib chiqa olish bilan ham izohlanadi.

Mustaqil jurnalist Aziz Muhammad kun.uz xabar berishga ixtisoslashgan bo‘lsa-da, to‘liq imkoniyatlaridan foydalana olmaganini aytadi.

Unga ko‘ra xabarlar asosan ruschadan tarjima qilingan, agentliklardan olingan yoki ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlardan yasalgan.

"Original material yo‘q. Tushunishim bo‘yicha, tahririyat kichkina. Chunki iqtisodiy tomonlama ko‘tarmaydi. Shuning uchun ular ruscha saytlar va boshqa saytlardan tarjima qiladi. Rasmiy organlarning press relizlaridan foydalanib xabar tayyorlashadi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib o‘tirishadi, foydalanuvchilar biror yangilik aytsa o‘shani xabar qilib tayyorlashadi", - deydi Aziz Muhammad.

Suhbatdoshimizning aytishicha, kun.uz xodimlari moliyaviy muammolar sabab axborot manba‘i bilan bevosita ishlamaydi va voqea joyidan kamdan kam hollarda xabar tarqatadi.

Bundan tashqari saytda jamiyatdagi jiddiy muammolar deyarli olib chiqilmaydi.

"Qanaqadir maishiy va ijtimoiy muammolar olib chiqilishi mumkin. Lekin ular ko‘tarib chiqqan jiddiy muammolar yo‘q. Yoki birorta jiddiy siyosiy mavzuni ko‘tarib chiqqanmi? O‘zbek jurnalistikasida kunning eng dolzarb mavzulari yo‘q. Hamma xabarlar va yangiliklar mavzu jihatidan bir-biriga yaqin. O‘tkir, shov-shuvli narsalarni ko‘rmaymiz", - deydi Aziz Muhammad.

Tanqidlarga qaramasdan A‘zamxo‘jayevning kun.uz loyihasi O‘zbekistonda o‘z auditoriyasiga ega bir sayt ekanligi aytiladi.

Kuzatuvchilar loyiha asoschisining uni tark etishi sayt tahrir uslubiga ham ta‘sir qilishini taxmin qilishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq