@Elektron muftiylarning "Islomiy davlat"ga qarshi janggi

Image copyright BBC World Service
Image caption Doktor Sahar - @ elektron mullalardan

Bir tomonda 1400 yillik ilmni o‘zida jamuljam qilgan, dunyoning eng yirik diniy tizimi bo‘lsa, boshqa tomonda o‘zini "Islomiy davlat" deb atayotgan guruh...

"Islomiy davlat" deyarli har kuni targ‘ibot videolari bilan internetda ham muhoraba olib bormoqda.

An‘anaviy ulamolar internetdagi bu o‘ziga xos "raqamli jangga" tayyormi?

Agar dunyodagi har bir ulamo "Islomiy davlat"ga qarshi, deylik Twitter ni ishga solgan taqdirda ham, yosh musulmonlar baribir "Islomiy davlat"ning yozganlarini o‘qiyverishlari mumkin.

Ammo Iordaniyaning elektron muftiylari asta-sekinlik bo‘lsa ham internetdagi jangga "qilich yalang‘och"lab kirishayotgan ekan...

Shu yil boshlarida "Islomiy davlat" Iordaniya uchuvchisini tiriklayin yoqqan va videoni internetda tarqatgan edi.

Bu "Islomiy davlat"ning o‘ziga qarshi xalqaro havo hujumlarida Iordaniya harbiy kuchlarining ishtiroki uchun qasosi edi.

Ana shundan keyin bu guruh ayni qotillik uchun o‘zlaricha "diniy isbotlar"ni tarqata boshlashdi.

Kim qarshi chiqsa uni beayov "trollar" hujumiga tutishdi.

Men Iordaniyaning Oliy Muftiysi Abdul Karim Xasavnehdan "Islomiy davlat"ning tashviqotlariga qarshi nima qilmoqdasizlar deb so‘rayman...

Muftiy o‘laroq, u dindorlarning kundalik savollariga javob beradi va bu vazifaga hukumat tomonidan tayinlangan.

Ammo "Islomiy davlat"ning internetdagi anchayin qudratli hozirligiga qarshi faqat Juma ma‘ruzalari bilan kurashish mumkinmi?

"Agar haqiqiy hayotga nazar tashlasak, "Islomiy davlat" guruhidagilar zamonaviy aloqa tizimlari, ijtimoiy tarmoqlarda ancha tajribaga ega", deydi Iordaniya Oliy muftiysi.

"Men bizning idora ularga qarshi yolg‘iz kurasha oladi deb aytolmayman".

Twitter da "Islomiy davlat" qanchalar faol?

Image caption Iordaniya Oliy Muftiysi: "Yoshlar katta avloddan ko‘ra qudratliroq..."

Birgina Twitter da "Islomiy davlat"ga tegishli 46000 a‘zolik hisobi bor.

Men Oliy muftiyning internetda hisobi bor-yo‘qligi va qanchalar faolligi bilan qiziqaman.

"Yoshlar katta avloddan ko‘ra ko‘proq qudratliroq bu masalada", deb javob beradi u.

Keyin uning jamoasi meni hayratga soladi.

Oliy muftiy xonasi joylashgan qavatdan teparoqda tobora kengayib borayotgan onlayn idoraga kiramiz.

Bu yerda doktor Jamil Abu Sarah boshchiligida yosh ulamolar ishlashadi.

O‘zining bevosita rahbari singari Jamil Abu Sarah ham diniy kiyimda, faqat uning qo‘lida smartfon!..

"Biz aksariyat bilan Facebook, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlar vositasida aloqadamiz shu kunlar", deydi u.

"Bugungi kunda dunyoning o‘zaro robitasi shu ijtimoiy tarmoqlarga qolgan... Avvalgi yillar biz biror fatvo yo maslahat bilan chiqadigan bo‘lsak, 2000 ta nusxada chop qilar va keyin tarqatar edik".

"Ammo hozir biz birdaniga 100 ming kishiga mujda tarqatishimiz mumkin. Muxlislarimiz ham butun dunyoda...Fatvolarimizni tarjima qilmoqdamiz. Avvaliga inglizchadan boshladik".

Ana shu "raqamli" harakatlar oqibatida yangi, anchayin mukammal websahifa paydo bo‘ldi.

Bu sahifa "Islomiy davlat"ga qarshi internet "jihodi"ga kirishgan.

Hozirda ayni harakatlarni barcha ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chirish va 24 soat yangilanib turadigan sahifaga aylantirish harakatlari boshlandi.

Jamil Abu Sarahga ko‘ra, u o‘z harakatlari bilan ayrim yosh mutaasib dindorlarni qaytadan to‘g‘ri yo‘lga kirishlariga sababchi bo‘lgan.

Ammo Jamil Abu Sarah "Islomiy davlat"ning internetdagi faoliyati bilan o‘z jamoasi qilayotgan ishlarni solishtirib bo‘lmaydi deb hisoblaydi.

"Islomiy davlat" ham moliya va tajbira nuqtai nazaridan oldinda ekan.

Image copyright BBC World Service
Image caption "Haqiqah" jurnalidan

"Islomiy davlat"ning Jamil Abu Sarah boshchilik qilayotgan sahifaga nazari tushishi bilan bu guruh tarafdorlari qarshi hujumga o‘tishdi.

Tabiiyki, muftiylikning Iordaniya hukumati bilan aloqalari urg‘ulandi.

"Ular uchuvchini o‘ldirishganida...bu shariatga qarshi amal emasligi haqida da‘vo qila boshladilar", deydi Jamil Abu Sarah.

"Biz bunga to‘liq va aniq javob berdik, ular bilan bilan bir necha kun aloqada bo‘lib turishdi".

"Endilik esa biz ularning websahifamizga tashrif buyurishlarini kutib o‘tirmayapmiz... Qaytaga ularning websahifalariga, hisoblariga biz tashrif amalga oshirmoqdamiz va ular bilan haqiqiy Islom tili bilan gaplashmoqdamiz".

Iordaniyaning elektron muftiylari "Islomiy davlat"ga qarshi chiqayotgan ilk internet "mujohid"lari emas.

O‘tgan yil Saudiya Arabistoni ham "Islomiy davlat"ga qarshi targ‘ibotida 40 ta televizion kanalni ishga solgandi.

Ulamolar jonli efirda telefon orqali savollarga javob berishdi.

G‘arbda ham shunga o‘xshash harakatlar boshlangan.

Britaniya homiyligida Onlayn Imomlar guruhi "Islomiy davlat"ga qarshi muntazam xabaru mulohazalar tarqatib turadi.

Bu guruh Haqiqah nomli yangi jurnal ham nashr eta boshladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq