Qirg‘iz-O‘zbek chegarasidagi hodisa yuzasidan tekshiruv boshlangan

Image caption Muammoli chegara

Qirg‘iziston mulozimlari O‘zbekiston chegarachilari So‘x anklavida bir qirg‘iztonlikni otib o‘ldirilgani yuzasidan tekshiruv boshlashgan.

Mazkur hodisa sabablarini aniqlash uchun Botken viloyati va O‘zbekistonning So‘xdagi chegarachilarining uchrashgani haqida Qirg‘iziston chegara xizmati matbuot kotibi xabar qilgan.

Ayni ma‘lumotga qaraganda, O‘zbekistonning So‘x anklavidagi hududda o‘zbek chegarachilari otgan o‘qlardan bir kishi qurbon bo‘lgan, yana bir qirg‘izistonlik qo‘lga olingan.

Halok bo‘lgan qirg‘izistonlik Qorato‘qay qishlog‘ining yashovchisi, 22 yoshli Mahmudjon o‘g‘li Mansur ekani aytilgan.

Qochishga harakat qilib, ammo keyinroq qo‘lga tushgan boshqa bir yigit 24 yoshli Mahmudjon o‘g‘li Shunqordir.

Ikkovlon O‘zbekiston fuqarolari bilan kelishib Qirg‘izistonga oziq-ovqat olib ketishayotgan bo‘lgan.

Ularni ko‘rib qolgan O‘zbekiston chegarachilari mashinaga qarata o‘t ochgani aytiladi.

Ana shu otishmada Mansur qattiq yaralanadi va So‘xdagi kasalxonada joni uziladi.

Uning akasi Shunqor esa qo‘lga olinadi.

Ularning yonida yana bir Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgani aytiladi, ammo u qochishga ulgurgan.

12 mayda chegarachilar uchrashuvidan so‘ng Mahmudning jasadi va hibsga olingan akasi Qirg‘iziston tomoniga qaytarilgan.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati So‘x tumanida ro‘y bergan hodisada "kontrabandachi"larni ayblagan.

Matbuot xizmati "yirik miqdorda" qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini noqonuniy olib chiqishga urinilgan deb ta‘riflar ekan, aniq raqamlarni keltirmaydi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ikki orada avtomobil bilan oziq-ovqatlarning doim ham rasmiy bo‘lmagan savdosi deyarli an‘anaga aylangan.

Ikki davlat chegarasidagi bu kabi hodisalar birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

Chegara hududlarida chegarachilar ishtirokida turfa noxush hodisalar, jumladan qurol ishga solinishi deyarli har yili ro‘y berib turadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq