"Iroq va Suriyadan qayting, avf etilasiz"

Image copyright BBC World Service

Bunday da‘vat bilan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi chiqqan: Iroq va Suriyada jang qilayotgan tojikistonlik jangarilar ortga qaytishsa, ularni avf etishga va‘da bergan. Qaytishlariga ham o‘zlari ko‘mak berishlarini bildirgan.

Bu haqda kuni-kecha Tojikiston Ichki ishlar vazirligining rasmiy web sahifasida chop etilgan bildirishnomada aytiladi.

Vazirlikning bu kabi bayonoti Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlariga bevosita chegaradosh Afg‘onistonda "Islomiy Davlat" guruhi anchayin faollashishga muvaffaq bo‘layotgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, shu kunlarda Afg‘onistonning Tojikistonga shundoq qo‘shni shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida yuzlab toliblar bilan bir safda "Islomiy Davlat" jangarilarining ham jang qilishayotgani rasman o‘z tasdig‘ini topgan.

Xabarlardan bu jangarilar aksariyatining O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari ekanliklari anglashilgandi.

Qunduzlik rasmiylar esa, "Islomiy Davlat" jangarilari, bundan tashqari, toliblarni harbiy tayorgarlikdan o‘tkazishayotgani, ularni yanada yirikroq va zamonaviy janglarga hozirlashayotganini ham aytishgandi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qo‘shni Afg‘onistonda voqealarning bu kabi rivoji ehtimolidan jiddiy xavotir izhor etib kelishayotgan esa-da, "Islomiy Davlat" tahdidi chegaralariga bu qadar yaqinlashmagandi.

Ustiga ustak, Qunduz Afg‘oniston Tolibon harakati bu yilgi bahorgi amaliyotining nishoniga aylangan ilk viloyat bo‘lgan, oradan qariyb ikki hafta o‘tayotgan esa-da, minglab afg‘on harbiylari sonlari o‘zlaridan bir necha bor kam bo‘lgan jangarilarni daf etishni butkul uddasidan chiqa olishmagan.

"Islomiy Davlat" allaqachon Pokistonda o‘zining mintaqadagi yangi tarmog‘iga asos solgan. Faollik bilan Afg‘oniston va Pokistondan o‘ziga yangi jangarilar yollash harakatida.

O‘tgan bir necha oyning o‘zida ularning soni bir necha yuzga yetgani va aksariyatining sobiq toliblardan iborat ekani aytiladi.

Oralarida tojikistonlik jangarilar ham ozmuncha bo‘lmagan O‘zbekiston Islomiy Harakati esa, o‘tgan yil oxirida to‘lig‘icha "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirib bo‘lgan.

Bugun aynan O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining Afg‘onistonning Markaziy Osiyoga qo‘shni qator viloyatlarida faollashishga muvaffaq bo‘lishgani kuzatiladi.

Xavotir

Shundoq biqinlarida kechayotgan qaqshatqich janglar Tojikiston tomonini ham jiddiy xavotirga solmay qo‘ymagan, ularni Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarani yanada mustahkamlash uchun qator qo‘shimcha chora-tadbirlarga qo‘l urishga ham undagandi.

Hozirda Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegara hududida ikkinchi himoya chizig‘i barpo etilgan, mamlakatning boshqa mintaqalaridan katta sondagi qo‘shimcha harbiylar tashlangan.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa, lozim bo‘lsa, o‘z chegaralarini himoyasi uchun Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti va bu ham kifoya qilmasa, 201-sonli Rossiya harbiy bo‘linmasidan ko‘mak so‘rashlarini ham bayon qilgandi.

Buning ortidan, janob Rahmon kuni-kecha Moskvada bo‘lib o‘tgan norasmiy sammit chog‘ida MDHga a‘zo davlatlar vakillarini janubiy chegaralarini mustahkamlash uchun shoshilinch choralar ko‘rishga ham undagandi.

So‘nggi bildirishnomalari manzarasida Tojikiston Ichki ishlar vaziri janubiy Kulob shahrida bo‘lib o‘tgan maxsus seminar chog‘ida chetda jang qilayotgan fuqarolarining sonlariga oid yangi ma‘lumotlarni ham oshkor qilgan.

Vazir Ramazon Rahimzoda keltirib o‘tgan raqamlarga tayanilsa, hozirga kelib ularning soni 386 kishiga yetgan.

Ammo vazir janoblari ularning sirasiga Suriya va Iroqdan tashqari, Pokiston va Afg‘onistonda ham jang qilayotgan fuqarolari kirishini bildirgan.

Shu paytgacha Tojikistondagi qolgan xavfsizlik tizimlari tomonidan ularning soni 200-300 atrofida ekani aytib kelinardi.

Image copyright AP

Tojikiston Ichki ishlar vaziri, o‘z o‘rnida, jangarilikda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan 150 ta jinoiy ish ochilganini ham ma‘lum qilgan.

Suriya va Iroqda halok bo‘lgan fuqarolarining soni 50 nafar ekanini ham qo‘shimcha qilgan.

Shu kunlarda Tojikistonning qator yetakchi internet nashrlarida Ichki ishlar vazirligi maxsus tezkor bo‘linmasi(OMON) rahbari polkovnik Gulmurod Halimovning yana 10 kishi bilan birga "Islomiy Davlat"ga qo‘shilish istagida Moskvaga yo‘l solganiga oid xabarlar ham paydo bo‘lgan.

Ammo bu kabi xabarlar, halicha, rasman o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q.

Boshqa tomondan, ular rost bo‘lsa, polkovnik Gulmurod Halimov Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" saflariga qo‘shilgan eng yuqori martabali Tojikiston fuqarosi bo‘ladi.

Suriya va Iroqda jang qilayotgan tojikistonliklar orasida sobiq mehnat muhojirlari ko‘pchilikni tashkil qilishi, ularning guruh saflariga Rossiyadan yollanganliklari aytiladi.

Rasmiy avf

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Tojikiston chetda jang qilayotgan fuqarolariga rasman avf taklif qilgan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.

"Ichki ishlar vazirligi huquq-tartibot idoralari orqali tojikistonlik yoshlarning yo‘ldan adashib, Suriya, Iroq va yana boshqa davlatlarda jang qilishayotganidan xabar topdi. Ulardan ayrimlari hozir Turkiyadalar va o‘z ixtiyorlari bilan ortga qaytish imkoniyatiga egalar. Biz ularga shuni bildirishni istardikki, bu kabi insonlar jinoiy javobgarlikdan ham soqit etilishadi", - deyiladi Tojikiston Ichki ishlar vazirligining rasmiy bildirishnomasida.

Ushbu bildirishnoma tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, buning uchun ularning oldiga vazirlik tomonidan biror bir shart qo‘yilmaydi.

Eslatib o‘tish joiz, o‘tgan yil Tojikistonning shimoliy So‘g‘d viloyati prokuratura idorasi birinchilardan bo‘lib bu kabi tashabbus bilan chiqqan. Ammo ular e‘lon qilgan avf So‘g‘d viloyati chegarasidan tashqariga chiqmagandi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining so‘nggi bildirishnomasi nazarda tutilsa, bu – ilk bor mas‘ullar tomonidan butun mamlakat bo‘ylab e‘lon qilingan birinchi avf bo‘ladi.

Agar, Xalqaro Inqiroz guruhi yaqinda e‘lon qilgan ma‘lumotlarga tayanilsa, hozirga kelib, Suriya va Iroqda jang qilayotgan markaziy osiyoliklarning soni ikki mingdan-to‘rt ming nafargacha bo‘lishi mumkin. Ularning orasida eng ko‘pini o‘zbeklar tashkil etishi aytiladi.

Yaqinda olingan xabarlardan ma‘lum bo‘lishicha, shu kunlarda O‘zbekiston ommaviy-axborot vositalari ham "Islomiy davlat"ga qarshi yirik targ‘ibot amallarini boshlashgan.

Shaxsan prezident Karimovning tashabbusi deb atalayotgan bu kampaniyaga diniy ulamolar, jurnalistlar va qo‘shiqchilar ham qo‘shilishgan.

Mamlakat diniy ulamolari ham bu xavf-xatardan jamoatchilikni ogoh etishga da‘vat qilingan.

Qirg‘iziston esa, o‘z hududida "Islomiy Davlat" guruhining faoliyatini rasman taqiqlangan mintaqadagi birinchi davlat bo‘lgandi.

Guruh Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturasi idorasi tomonidan ekstremistik va terrorchi, deya e‘lon qilingandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq