Maxfiy amaliyot: Andijonlik qochqinlar bolalari qanday "olib qochilgandi"?

Image copyright bbc

2005 yil mayida hukumat kuchlari Andijonda namoyishchilarni o‘qqa tutishi ortidan 400dan ortiq qochqin avvaliga O‘sh, keyin Ruminiyada boshpana topdi. U yerdan esa, uchinchi davlatlarga ko‘chirildi.

2005 yili BMTning Qochqinlar bo‘yicha vakolatxonasi so‘rovi bilan Chexiya hukumati o‘zbekistonliklarning bir guruhini qabul qilishga rozi bo‘ldi.

Biroq, ayrimlarning oila a‘zolari, yosh bolalari O‘zbekistonda qolib ketgandi.

Chexiya Ichki ishlari vazirligi uch yil davomida O‘zbekiston hukumatini qochqinlar bolalarini chiqarib yuborishga undadi. Ammo, urinishlar zoye ketdi.

Qaltis taklif

O‘zbek mulozimlari turli bahonalar bilan bolalarning o‘z ota-onalarini bilan birlashishlariga to‘siqnlik ko‘rsatishdi.

Hafsalasi pir bo‘lgan Chexiya vazirligi yordam so‘rab, mustaqil jurnalistga murojaat qildi.

Chexiyalik jurnalist andijonlik qochqinlarning bolalari bilan diydorlashishlariga ko‘maklashishga rozi bo‘ldi.

U bolalarni ota-onalariga yetkazish amaliyotida ishtirok etdi.

Shuningdek, olti nafar bola va bir ayol yetti yil oldin Andijondan Pragaga, bu yerdan boshpana topgan yaqinlariga yetkazib kelindi.

O‘ta nozik sabablar bois jurnalist o‘z nomini oshkor qilishni istamaydi.

Unga ko‘ra, bolalar norasmiy yo‘llar orqali Chexiyaga olib kelingan va buni andijonlik qochqinlarning o‘zlari taklif qilishgan.

"Boshqa chora qolmagandi... Ichki ishlar vazirligining bor-yo‘q istagi - bolalarni ota-onalariga yetkazish edi. Ularning qanchalar ezilayotganlarini ko‘rib, bu taklifni qo‘llab-quvatladi", deydi jurnalist.

Chexiya tarafi yordam so‘rab xalqaro tashkilotlarga rasman murojaat qildi.

Qizil Xoch tashkiloti bolalarni O‘zbekistondan chiqib ketish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar bilan ta‘minlashga ahd qildi.

Garovdagi bolalar

Yoshlari 1-10 yosh orasida bo‘lgan bolalar ikki oilaning farzandlari edi. Ayol esa - bolalardan eng kichigining onasi.

Image copyright bbc
Image caption Andijondagi qonli hodisalar ortidan 400dan ortiq qochqin O‘zbekistonni tark etdi

"Ota-onalar Andijonda yuz bergan hodisalar ortidan shosha-pisha farzandlarini ortda qoldirib chiqib ketishgan. Ular siyosiy qochqin emasdilar. Hayotlari xatarda qolgani boisgina mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishgandi. Ayniqsa, ular O‘zbekistonda Andijon voqelariga aloqasi borlikda gumon qilinganlarga qarshi qattiq jazolar qo‘llanilganiga guvoh bo‘lishgan. Ular qo‘rquvda qolgan oddiy qochqinlar edi. Chexiya hukumati ularga siyosiy boshpana berishga qaror qildi".

O‘zbekiston hukumati bir necha yil davomida andijonlik qochqinlarga bosim o‘tkazib, Andijonga qaytishlarini talab qilgan.

"O‘shandagina o‘z bolalaringizni ko‘risha olasiz", deyilgan ularga.

Bolalarning mamlakatdan chiqishlariga esa, ruxsat berilmagan.

O‘zbek rasmiylari bolalarni bir ma‘noda garovda ushlab turishgan.

"O‘zbekiston bolalarni garovda ushlab turdi deyish mumkin. Buning ajablanarli tomoni yo‘q. Chexoslovakiya doxil ko‘plab kommunistik totalitar mamlakatlarda ham o‘xshash holatlar yuz bergan. Misol uchun, kommunistlar tuzumi davrida chet elga ketmoqchi bo‘lgan chexlarning bolalarini atayin mamlakat ichida olib qolishgan. Bu odamlar chetga chiqib, siyosiy boshpana so‘ramasligi uchun qilingan. Xuddi shuningdek, O‘zbekiston ham mustaqil bo‘lganiga qaramay, o‘sha eski sho‘rocha usullarni qo‘lladi. Mamlakatni tark etgan odamlar o‘z bolalari bilan qayta ko‘risha olmaganlar", deydi suhbatdosh.

Maxfiy amaliyot

Umid yo‘qotmagan andijonlik qochqinlar bolalarini Pragaga olib kelishning turli yo‘llarini o‘ylab chiqishadi. Qochqinlarning ahvolidan boxabar Chexiya Ichki ishlar vazirligi bolalarni qutqarish bo‘yicha maxsus bir amaliyotni mufassal tashkillashtira boshlaydi.

"Butun amaliyot maxfiy edi. Hech kimga lom-lim deyilmagan. Amaliyotlar muvafaqiyatli o‘tishi uchun maxfiy o‘tishi kerak edi", deydi jurnalist.

Bu hatto bolalardan ham sir tutilgandi.

"Ular uylaridagi yaqinlari bilan xayrlashayot paytlari qayerga ketayotganlarini bilishmagan. Chunki, agar bilishsa, bu ularning o‘zlari uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin edi. Baribir, bola bola-da, o‘zlari bilmagan holda birovga og‘iz ochib qo‘yishlari mumkin edi".

Murakkab vazifa

Xullas, olti bola va bir ayol o‘zbek-qirg‘iz chegarasi orqali O‘shga yetib boradi.

U yerda ularni Qirg‘izistonga uchgan chex jurnalisti kutib oldi. Qirg‘izistondagi BMTning Qochqinlar agentligi esa, barcha hujjatlar bilan ta‘minlaydi. Bolalar va ayol qochqinlik maqomini olishadi. O‘shda vaziyat notinch bo‘lgani sabab, jurnalist ularni Bishkekka olib ketadi.

Bolalar va ayol Bishkek chetidagi mehmonxonaga joylashtiriladi.

Oradan o‘n kun o‘tadi. Bolalar zerikib, to‘polon qiladilar. Ularni tinchlantirish uchun, jurnalist o‘z kompyuterini beradi, multfilmlar va o‘yinlar ko‘rsatardi.

Lekin, bolalar juda siqiladilar va nima uchun Bishkekka kelganlarini tushunmay, injiqlik qilishgan.

Ko‘cha aylangani faqat kechqurunlari chiqishadi.

Jurnalist odamlar e‘tiborini tortmaslikka harakat qilgan. Atrofdagilar esa, ular haqida "otasi o‘ris, onasi o‘zbek, qanday g‘alati oila" deb o‘ylashgan.

An‘anador oiladan bo‘lgan ayol esa, boshqalardan ajralib turmaslik uchun safar davomida ro‘molini yechib, ovro‘pocha kiyinib olgandi.

Intizorlik bilan kutilgan diydorlashuv

Nihoyat, guruh London orqali Pragaga uchadi.

Diydorlashuv o‘ta hayajonli kechadi.

"Bu o‘ta his-hayajonga to‘la lahzalar edi. Bolalar ota-onalarini ko‘rib, juda xursand bo‘ldilar. Londonda samolyotga o‘tirganlarida ularga ota-onalari bilan ko‘rishishlari haqida aytilgan. Aeroportda bir-birlarini ko‘rib, hamma yig‘ladi. Ota-onalar ham, bolalar ham ko‘z yosh qilishardi", deya hikoya qiladi jurnalist.

Praga aeroportida Andijon qochqinlari jurnalistga tashakkur bildirishadi.

Uni "haqiqiy qahramon" deya olqishlaydilar.

"Men qahramon emasman. Men bu uchun kurashmaganman. O‘zbekiston hukumati bilan, ba‘zi hamkorlarim kabi, muloqotda bo‘lmaganman. Men oddiy inson, oddiy ijrochiman, xolos", deydi jurnalist.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq