Checheniston: Militsiya boshlig‘i maktab o‘quvchisiga baribir uylanadi

Image copyright RIAN

Bu haqda Checheniston prezidenti qoshidagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Heda Saratova RIA Novosti axborot agentligiga bildirgan.

Saratova xonimning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bu haqdagi xabarlarning o‘ziyoq katta shov-shuv va qarama-qarshi chiqishlarga sabab bo‘lgan to‘y 16 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Chechenistonlik 57 yashar militsiya boshlig‘i Nujud Guchigov 17 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lgan Luiza Goylabiyevaga, baribir, uylanadi.

Heda Saratovaning aytishicha, bo‘lajak to‘y kuni haqida uni kuyovning o‘zi ogohlantirgan va har ikki tomon ham allaqachon to‘y hozirliklarini bitirib bo‘lishgan.

"Qizgina juda baxtli va militsiya boshlig‘iga o‘z ixtiyoriga bilan turmushga chiqmoqda", - deb aytgan Saratova xonim.

Avvalboshdan bu shov-shuvli to‘y atrofidagi ziddiyatli xabarlarni yoritib kelayotgan "Novaya gazeta" nashri xodimasi Yelena Milashina esa, bu borada umuman boshqacha fikrda.

Uning aytishicha, bo‘lajak kelinning uyida to‘yga biror bir hozirlik ko‘zga tashlanmaydi, qizginaning o‘zi ham to‘y kunidan butkul bexabar.

"Nazarimda, 29 aprel kuni kuyovning uyiga qilgan telefon qo‘ng‘irog‘im ortidanoq, uni uyidan olib ketishgan. Bu esa, ikkovlonning nikohlari o‘qib bo‘linganini anglatadi. Shunday ekan, Luiza allaqachon erli hisoblanadi", - deydi jurnalist.

Image copyright RIA Novosti

Kuni-kecha ikkovlonning to‘yi atrofidagi shov-shuvli xabarlarga munosabat bildirarkan, Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov uning "qandaydir liberal janoblarning buyurtmasi", ekanini bayon qilgandi.

Turli ommaviy-axborot vositalaridagi xabarlarga esa, "yolg‘onga chaplangan", deya baho bergandi.

Checheniston rahbariga ko‘ra, qiz ham, uning ota-onasi ham to‘yga o‘z roziliklarini bildirishgan.

Bundan tashqari, Ramzan Qodirov bo‘lajak kuyov va kelinning yoshi o‘rtasidagi farq bahs etilgan gap-so‘zlarni ham asossiz, deb atab, buni "sevgi yosh tanlamasligi" bilan izohlagandi.

Nojay-Yurt tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va o‘quvchi qiz o‘rtasidagi to‘y xabari o‘tgan oy ilk bor "Novaya gazeta" nashrida paydo bo‘lgandi. Bu xabarda Guchigovning xotinli erkak ekani ham aytilgandi.

Jurnalistlar esa, qizginaning militsiya boshlig‘iga erga tegish istagi yo‘qligi, ammo Guchigovdan qo‘rqib, ota-onasining bu to‘yga rozilik bildirishgani haqida yozishgandi.

Chechenistonlik mas‘ullar esa, matbuotda bo‘y ko‘rsatgan bu xabarlarni rasman rad etib chiqishgandi. Guchigovning uylangan erkak ekani yuzasidan esa, biror bir izoh berishmagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq