Kobul aeroporti yaqinidagi hujumda 3 kishi halok bo‘ldi

Image copyright Reuters
Image caption Nishon olinmagan esalar-da, hujumning aksariyat qurbonlari oddiy odamlardir

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, Kobul xalqaro aeroporti kirishi yaqinida yuz bergan hudkushlik hujumida kamida 3 kishi halok bo‘lgan.

Hujum harbiy mashinalar turadigan joyga yaqin yerda sodir bo‘lgan va afg‘on politsiyasini tayyorgarlikdan o‘tkazayotgan Ovro‘po Ittifoqi missiyasiga tegishli mashinani nishonga olgan.

Mashina ichidagi shaxs bilan birga o‘smir yoshdagi ikki afg‘on qiz halok bo‘lgan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, qizlar hodisa joyidan o‘tib ketayotgan bo‘lishgan.

Kamida 20 kishi yaralangan.

Kobul politsiyasining bildirishicha, yaralanganlar orasida kamida 8 nafar ayol va 3 nafar yosh bolalar, shuningdek, "Eupol" nomi bilan bilingan Ovro‘po missiyasining 3 nafar xodimlari ham bor.

Siyrak tutun

BBCning Kobuldagi muxbiri Devid Loynning xabar berishicha, qattiq portlash ortidan havoga o‘rlagan siyrak tutun orasidan hodisa sahnasidagi dahshatli manzarani ko‘rish mumkin edi

Image copyright AFP

Hujumdan keyingi sarosimada qutqaruvchilar yaralanganlarni olib chiqishga qiynalishgan.

Aeroport yaqinida joylashgan shifoxonadagi ayrim shifokorlar jarohatlanganlar orasidan o‘z yaqinlarini tanib olganliklari aytiladi.

Tolibon hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Bu oxirgi bir haftada Afg‘oniston poytaxtida sodir bo‘layotgan ikkinchi yirik hujumdir.

Payshanba kuni shahardagi mehmonxonaga uyushtirilgan Tolibon hujumida aksariyati xorijliklardan iborat 14 inson halok bo‘lgan.

Yakshanba kungi portlash Tolibon va afg‘on hukumati o‘rtasidagi muzokaralardan ikki hafta o‘tib sodir bo‘lmoqda.

BBC muxbiriga ko‘ra, tinchlik muzokaralari borayotgan bir paytda Tolibon ichidagi ayrim unsurlar afg‘on hukumatiga bosimni kuchaytirayotgan bo‘lishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio