Ikki o‘t orasidagi markaziy osiyolik mehnat muhojirlari haqida

Image caption Muhojir

Rossiyaning "Tojikiston mehnat muhojirlari" tashkiloti shu yil boshidan beri amalda bo‘lgan yangi qoidalarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Bu tashkiloti shuningdek, muhojirlar bilan ishlovchi idoralarni mahkamaga tortish lozimligini uqtirmoqdalar.

Ayni shu idoralar tufayli 800 mingdan ortiq tojikistonlik muhojirlar jabrlanganlar.

Tojikistonlik muhojirlarning rahbarlaridan Karomat Sharipov hozirgi vaziyatni o‘ta tahlikali deb biladi.

Ammo ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, Rossiyaning muhojirlarga doir yangi qonunchiligi anchayin taraqqiyparvardir, faqat aksariyat mulozimlar mamlakatda ishlashni istaydigan xorijliklar soni bu qadar yirik bo‘lishiga tayyor emas edi, xolos.

Boshqa tomondan, ayrim tahlilchilar ishlarini yo‘qotgan muhojirlar chorasizlikdan ekstremistik tashkilotlar safiga yollovchilar domiga tushib qolishmoqda deyishadi.

Sobiq muhojirlar endilikda Suriya va Iroqqa mujohidlar o‘laroq hijrat qilishmoqda.

Rossiyadagi muhojirlarga doir qonunchilik ustidan shikoyatga yuz minglab tojikistonliklar imzo yig‘ishmoqda.

Bu ariza Moskva va Rossiya mulozimlariga jo‘natiladi.

"Moskva va Dushanbe tojikistonlik mehnat muhojirlarining sharoitini yaxshilashga doir davlatlararo shartnoma imzolashgan. Ammo haqiqiy hayotda ularning vaziyati yana ham og‘irlashib ketdi. Hukumatlar millionlab oddiy muhojirlarni aldashdi. Ular uchun Rossiyada ishlash ro‘zg‘or tebratishning yagona yo‘lidir", deydi Karomat Sharipov.

"Bizni aldashdi"

Image caption "Navbat ham sotiladi..."

Tojikistonlik muhojirlar asosan "Ko‘ptarmoqli muhojirlar markazi" davlat muassasasidan norozilar.

Aslida ana shu muassasa muhojirlarning og‘irini yengil qilishi kerak edi.

Ammo aynan shu markaz ishga tushishi bilan muhojirlarning hayotlari yana ham og‘irlashgan.

"Bizni aldashdi. Bu imtiyozlar aslida bizga hech narsa bermadi. Avvaliga Rossiya mulozimlari o‘tgan yil olingan patentlar bekor qilinmaganini aytishdi, ammo shu yil boshidan yo‘qqa chiqarishdi va muhojirlar yana chet elga chiqib kelish uchun 1500 dan 3000 rublgacha xarajatga tushishdi…Yangi markazi bizning muammolarimiz yechmaydi,qaytaga yana bir qog‘ozbozlikka asoslangan to‘siq yasaydi", deydi notijoriy hamkorlik tashkiloti "ETMOS" prezidenti Karimjon Erov.

Unga ko‘ra, Tojikiston mulozimlari mehnat muhojirlarining barcha muammolaridan xabardor, ammo ularni yechishda yordam ko‘rsatayotgani yo‘q.

Karomat Sharipovning aytishicha, Rossiya hududida ishlash huquqini olish uchun bir muhojir 30 ming rubl ( 600 dollar atrofida) to‘lashi kerak.

Buning ustiga u rus tilini bilishi haqida guvohnoma, tibbiy ko‘rikdan o‘tgani haqida hujjat , patent va tibbiy sug‘urta taqdim qilishi kerak.

"Ana o‘shandan keyin muhojir ish topishiga umid qilishi mumkin, ammo hech kim buning kafolatini bermaydi. Ishni u o‘zi qidirib topishi kerak. Yangi qonunchilikni yaratganlar aksariyat ish beruvchilar muhojirlar bilan shartnomani hujjatlashtirmasliklarini bilishgan. Bundan ularga foyda yo‘q. Mulozimlarni ishsiz yurgan mehnat muhojiri 30 ming rubni qayerdan olishi haqidagi savol qiziqtirmagan", deydi Karomat Sharipov.

Karomat Sharipovga ko‘ra, tojikistonliklar Rossiyada ish topib, qonunan joylashib olish niyatida o‘z uylarini garovga qo‘yib, bankdan qarz olishmoqda.

"Muhojir endi pulsiz orqaga qaytolmaydi. Ishsiz qoldimi, tamom, "jihod" uchun yollovchilarning kuni tug‘adi. Aksariyat markaziy osiyoliklar jihodchilar safiga qo‘shilib ketishmoqda. Rossiya esa Suriya va Iroqqa yo‘l olayotgan jihodchilar uchun tranzit mamlakatga aylanib bo‘ldi", deydi Karomat Sharipov.

Suriya – chorasizlik yo‘li

Image copyright Reuters
Image caption Ish bo‘lsa xo‘p-xo‘p, bo‘lmasa...

Rossiyadagi muhojirlarni o‘rganish markazi direktori Dmitriy Poletayevga ko‘ra, yangi qonunchilik aslida anchayin taraqqiyparvar va sohadagi korruptsiyaning ildiziga bolta urish uchun ishlab chiqilgan.

"Ammo muhojirlar masalalari bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bu kabi yirik muhojirlar oqimiga tayyor bo‘lishmagan. Aslida korruptsiyani kamaytirish, o‘rtakashlarni yo‘qotish edi maqsad…Muhojirlar endilikda to‘lovlarni davlatga berishlari kerak edi. Lekin boshqa bir korruptsiya ko‘rinishi o‘rtaga chiqdi. Navbatni sotish urf bo‘ldi", deydi Poletayev.

Mutaxassislarga ko‘ra, muhojirlarning muammolari yechilmayotgani Rossiya xavfsizligiga tahdid solayotir.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyoning yuzlab fuqarolari so‘nggi yillar Suriya va Iroqqa radikal guruhlarga qo‘shilib yo‘l olishgan.

Ularning aksariyati aslida mehnat muhojirlari bo‘lishgan, ishlarini yo‘qotishar ekan, ro‘zg‘or tebratish ilinjida chorasizlik bilan "mujohid"lar safiga qo‘shilishgan.

"Bu yil men bormadim Rossiyaga…U yerda oson emas hozir ish topish. Qishlog‘imizdan Suriyaga ketganlarni taniyman. Bilasizmi, odamlar eng so‘nggi chora sifatida qarz olishmoqda, uylarini garovga qo‘yishmoqda Rossiyaga boraman deb…Rossiyada esa ish topisholmaydi. Uyga qaytolmaydi. Shu payt "jihodchi yollovchilar" paydo bo‘ladi. Nima qiladi keyin? Ketadi chorasizlikdan… Kambag‘alga hech kim kuymaydi. Uyida ham, xorijda ham xor. Yana nima qilish kerak", deydi Xatlon viloyatidan Shokir Fayzullayev.

Yalpi ichki mahsulotning 40% muhojirlarning puli

Image caption Eng og‘ir ishlarni mehnat muhojirlari bajarishadi

Aksariyat tojikistonlik muhojirlar asosan mamlakat qishloqlarida istiqomat qilishadi.

Ko‘pchilik o‘rta maktabni tugatishi bilan Rossiyaga yo‘l oladi. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Rossiyada 7 yarim million markaziy osiyolik mehnat muhojiri bor.

Ular orasida tojikistonliklarning aniq soni bo‘yicha ma‘lumot yo‘q.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, 1 yarim milliongacha tojikistonliklar Rossiyada ishlashadi.

Aynan shu mehnat muhojirlarining vatanga jo‘natayotgan mablag‘lari iqtisodning to‘la inqirozga yuz tutishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Mehnat muhojirlari yiliga 3 milliard dollardan ortiqroq mablag‘ni vatanga jo‘natishadi, bu esa Tojikiston yalpi ichki mahsulotining 40 foizi deganidir.

Aksariyat oilalar uchun o‘z yaqinlarining jo‘natayotgan mablag‘laridan boshqa daromad manbai yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq