Karimov farmoni tadbirkorlarni 'maski shou'dan qutqaradimi?

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan buyon mamlakatdagi iqtisodiy siyosatni kuzatib kelayotgan tahlilchilar fikricha, hukumat tadbirkorlik yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash yo‘lida yana "chala" qadam qo‘ygan.

Matbuotda e‘lon qilingan Prezident Islom Karimovning yangi farmoni istiqboliga ana shunday qaralmoqda.

Farmonda tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni yo‘qotish uchun yana qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Xususan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarning davlat ro‘yxatidan o‘tishi jarayonlarini osonlashtirish, tekshirishlarni kamaytirish, tadbirkorlik faoliyatiga o‘zboshimcha aralashgan davlat amaldorini jinoiy javobgarlikkacha tortish kabi choralar ko‘zda tutilgan.

Biroq O‘zbekistondagi mavjud qonunchilik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan strukturalar, tekshirishlarni tartibga solish maqsadidagi muvofiqlashtirish kengashini nazarda tutib hamda tadbirkorlik bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib shunday xulosaga kelish mumkinki, 24 yil davomida tadbirkorlikni muhofaza qilish maqsadida mamlakatda yaratilgan tizim o‘z vazifasining uddasidan chiqmagan.

Eng avvalo, har bir tuman hokimligi amaldori o‘z tumanidagi tadbirkorlik sub‘ekti va o‘sha firma xodimlarini o‘zining qo‘li ostidagi bo‘ysunishi shart insonlar deb biladi.

Prokuratura, soliq, militsiya, Milliy xavfsizlik xizmati, boshqa davlat organlarida ishlaydigan "bo‘yni yo‘g‘on" to‘raning ta‘magirlik maqsadida xohlagan shirkat yoki firmasiga "maski shou" uyushtirmasligiga kafolat yo‘qligi ko‘plab o‘zbekistonliklarga ayon.

Vaholanki, biror korxonada tekshirish uyushtirish uchun ruxsat shu paytgacha ham tekshirishlarni muvofiqlashtirish kengashi tomonidan berilishi talab qilinar edi.

Oqibatda insonlarni ish bilan ta‘minlab kelgan shirkat va fermer xo‘jaliklari yopilib ketdi, yuzlab, minglab insonlar ishsiz qoldilar.

Oilasini boqish uchun Rossiya, Qozog‘iston yoki boshqa mamlakatlarga otlangan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni ko‘paydi.

Biroq Rossiyaning Ukrainadagi siyosati bois G‘arb joriy etgan sanktsiyalar Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatni murakkablashtirdi.

Rossiyada band bo‘lgan o‘zbekistonliklarning daromadlari kamaydi.

O‘zbekistonliklar ortga qaytishga qaror qildilar, Rossiyada qolganlarning esa uyiga yuborayotgan pul jo‘natmalari keskin kamaydi.

Iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov fikricha, Rossiyadagi inqiroz O‘zbekiston rahbariyatini yangi ish joylarini yaratishga undagan.

Toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevich aytishicha, so‘nggi farmon Prezident Islom Karimovning qayta saylanganidan keyin korruptsiyaga qarshi kurashishga qaror qilgani alomati bo‘lishi mumkin.

"Prezidentimiz 4 -marta qayta saylanganidan keyin biz uning qiziqarli qarorlarining guvohi bo‘layapmiz. Misol uchun Milliy Xavfsizlik xizmatining ikki yuqori lavozimli mulozimi ishidan bo‘shatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu ikki mulozim go‘yoki korruptsiyaga botib ketgan bo‘lgan. U o‘zining inaguratsiya marosimida ilk bor korruptsiyaga qarshi kurashish lozimligini aytdi. Taxmin qilish mumkinki, prezidentimiz keksayganida O‘zbekiston uchun qandaydir yaxshi narsa qilishga qaror etgan", deydi Aleksey Volosevich.

O‘zbekistondagi eng yuqori moliya tizimlarida uzoq yillar ishlagan, bugun Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayev fikricha, Prezident Islom Karimovning tadbirkorlik yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashga qaratilgan so‘nggi farmonini "o‘zlari sun‘iy qarshiliklarni paydo qilib olib, bu qarshilikni yengib o‘tishga harakat qilish" amallari deb ta‘riflaydi.

"Yo‘lning o‘rtasiga o‘zlari bir katta toshni qo‘yib qo‘yganlar. Keyin "sen chapdan aylanib o‘t", "sen o‘ngdan aylanib o‘t", "sen bu yo‘ldan ertalab o‘tasan", "sen esa kechqurun o‘tasan" deb yo‘ldagi tiqilinchni boshqarishga harakat qilishga o‘xshaydi bu amallar. Eng yaxshisi, o‘sha toshni butkul olib tashlash emasmi?", deydi iqtisodiy sharhlovchi.

Saparboy Jubayev O‘zbekistonda bankka kunlik naqd pul tushumini topshirgan shirkat ertasi kuni o‘zi xohlagan naqd pulni qaytarib olishiga kafolat yo‘qligini eslatadi.

Ushbu vaziyat esa insonlarni kunlik tushumini yashirishdek noqonuniy amallarga undaydi, naqd pul bilan kartochka savdosidagi narxlar farqidek dunyoning boshqa mamlakatida kuzatilmaydigan sun‘iy muammoni paydo qilgan.

O‘zbek amaldorlarining 20 yildan buyon erkin konvertatsiyaga yo‘l ochishdan bosh tortib kelayotganlari tadbirkorlik yo‘lidagi yana bir to‘siqlardan.

Aksar kuzatuvchilar, O‘zbekistondagi mavjud korruptsiya bundan keyin ham erkin tadbirkorlikni bo‘g‘ishda davom etaveradi, degan fikrdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer