"O‘zbekistonda byudjet muassasalari yana dalaga haydaldi"

Image copyright none
Image caption O‘zbekiston Inson Huquqlari himoyachilari alyansi suratlarni yashirin ravishda olganini aytadi

O‘zbekiston Inson Huquqlari himoyachilari alyansining xabar berishicha, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston bo‘ylab shifokorlar, maktab, kollej o‘qituvchilari, bog‘cha tarbiyachilari va boshqa muassasalar xodimlari majburiy tarzda paxta dalalariga olib chiqilmoqdalar.

Xabarga ko‘ra, shifokorlar va o‘qituvchilarning g‘o‘za o‘tashga ommaviy tarzda yuborilishi viloyat va shaharlar hokimlari tomonidan shaxsan tashkillashtirilmoqda.

Inson Huquqlari himoyachilari alyansiga ko‘ra, bu Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyalarini 2014-2016 yillarda amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qaroriga ziddir.

O‘tgan yilgi Xalqaro Quldorlik Ko‘rsatkichida O‘zbekiston - quldorlikni qo‘llaydigan oldi davlatlardan birisi sifatida qayd qilingan.

Ayniqsa, paxta mavsumi qiziydigan kuz oylari O‘zbek hukumati quldek mehnatni majburan joriy etish bobida Afrikadagi Mavritaniyadan keyin dunyoning ikkinchi eng ashaddiy qonunbuzari deya tilga olingandi.

Biz tashkilot rahbari Yelena Urlayevaga bog‘landik va bu ma‘lumotlarni qanday qo‘lga kiritgani xususida so‘radik:

Yelena Urlayeva: Hozir majburiy o‘toqqa olib chiqish bilan bog‘liq Qashqadaryo viloyati, Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni kuzatayapmiz.

BBC: Odamlar g‘o‘zani o‘toq qilishga qachondan buyon safarbar qilinayaptilar?

Yelena Urlayeva: Bu turli mintaqalarda turlicha. Lekin, asosan 12 maydan boshlab ommaviy o‘toqqa olib chiqish boshlangan.

BBC: Safarbar qilinayotganlar faqat tibbiyot muassasalari xodimlari va o‘qituvchilarmi yoki boshqa davlat idora-muassasalarining xodimlari hammi?

Image copyright none

Yelena Urlayeva: Boshqa davlat idoralarining xodimlari ham o‘toqqa olib chiqilayaptilar. Bular - suv ta‘minoti idorasi xodimlari, banklarda ishlaydiganlar, oliy o‘quv yurtlarining talabalari. Manqa Qoraqalpog‘istonda ko‘p sondagi talabalar dalaga olib chiqilgani haqida ishonchli xabar oldik. Xullas, O‘zbekistonda bugun majburiy mehnatni bartaraf etishga qaratilgan milliy reja qabul qilinganiga qaramasdan keng miqyosdagi majburiy ommaviy safarbarlikning guvohi bo‘layapmiz.

BBC: Sizningcha, nega bugun ham majburiy mehnat davom etayapti, rahbarlar bundan voz kechishni xohlamayaptilar?

Yelena Urlayeva: Buning davom etayotgani sababi, bizning davlatimiz erkin mehnat munosabatlarini o‘rnatishni istamayotganida, fermerlarga, kasaba uyushmalariga erkinlik berishni xohlamayotganida, erkin tadbirkorlikka yo‘lni ochishni xohlamayotganidadir. Hech narsani o‘zgartirishni istamayaptilar, hamma narsaning nazoratini yana o‘z qo‘llarida ushlab turishni, yana eski tizimdan foydalanishni istayaptilar. Odamlarni qul o‘rnida ekspluatatsiya qilish arzonga tushadi, bundan ular foyda ko‘radilar. Oddiy odamlarga esa bu faqat ziyon keltirayapti.

BBC: O‘toqqa jalb qilingan kishilarga qanday sharoit yaratilgan?

Yelena Urlayeva: Men shaxsan o‘zim dalalar bo‘ylab yurdim, bir necha tumanlarni borib ko‘rdim, odamlar bilan uchrashdim. Odamlar, asosan, shikoyat qiladilar. Ularni juda erta dalaga olib chiqishadi. Misol uchun To‘ytepa tuman sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarini ularning dam olish kunlari dalaga olib chiqayaptilar. Ular smena bo‘yicha ishlaydilar. Dam olish kuni kelganda esa, ular chopiqqa chiqishlari shart. Ular dam olishsiz ishlashga majbur qilinayaptilar. Xulosa qilib aytganda, ular dam olmayaptilar hisobi. Umuman, bundan hech kim xursand emas. Hamma o‘toqdan xalos bo‘lishni istaydi. Yangi yo‘l tumani 30-maktab o‘qituvchilari shikoyat qilishdi. Ular, yana bir qancha tibbiyot xodimlari o‘toqqa bormaslik uchun pul berishyapti ekan. Joylarda o‘toqqa safarbarlik hokimiyatlar tomonidan tashkillashtirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Masalan, Qibray, G‘azalkent, Chirchiq, Olmaliqda katta sondagi shifokorlar ana shu tashkil qilingan avtobuslarda dalalarga olib ketilmoqda. U yerlarda jurnalistga o‘xshash odamlar paydo bo‘lsa, militsiya chaqiriladi. Biz ba‘zan qo‘limizga ketmon olib, boshimizda ro‘mol bog‘lab, o‘zimizni xuddi dalaga ishlash uchun kelgandek tutyapmiz. Yashirin ravishda suratlarga olmoqdamiz. Vaziyatni favqulodda deb aytish mumkin.

BBC: Ularga bu ish uchun pul to‘lashadimi?

Image copyright none

Yelena Urlayeva: Yo‘q, yo‘q, ular bu ishlar uchun pul to‘lashmaydi. Chunki, o‘toq ish kuni hisobida bajarilgan deb ko‘riladi. Kuni kecha men Olmaliqlik shifokorlar bilan gaplashdim. Ular kun bo‘yi ketmonda ishlashlari, ertasi kuni kichkina go‘daklarga shu dag‘al qo‘llari bilan ukol qilishlari kerakligini aytishadi. Shifokorlarning qo‘llari dag‘al emas, nozik bo‘lishi kerak. Bu albatta, tahqirlash. Odamlar juda norozi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq