"Muhojirlarni vaqtincha qabul qilishga rozimiz"

Image copyright Reuters

Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan Malayziya, Tailand va Indoneziya rasmiylari ishtirokidagi favqulodda uchrashuvda dengizlardagi kemalarda qolib ketayotgan muhojirlarga vaqtincha boshpana berishga kelishganlar.

Muhojirlarning ko‘pchiligi Birmadagi ta‘qiblardan qochgan Rohinga musulmonlari ekaniga qaramasdan, Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Myanmar rasmiylari qatnashishdan bosh tortganlar.

Myanmar hukumatiga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyoda yuzaga kelgan muhojirlar inqirozi uchun Myanmar mas‘ul emas.

Malayziya, Tailand va Indoneziya dengizlarda qolib ketgan muhojirlarni o‘z hududlariga olishga rozi ekanlarini bildirganlar, bundan keyin xalqaro hamjamiyat bu muhojirlarni boshqa mamlakatlarga joylashtirishga ko‘mak berishi lozimligini ta‘kidlaganlar.

Oxirgi oyda Malayziya, Indoneziyaga yetib olish maqsadida kemalarda yo‘lga chiqqan noqonuniy muhojirlarning soni ortdi.

Image copyright Getty
Image caption Kuala-Lumpurda uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari uchrashdilar

Bunga javoban Malayziya va Tailand muhojirlar uchun o‘z chegaralarini yopdi, biroq Indoneziya o‘zining dengiz sarhadlarini to‘liq berkita olmadi.

Xalqaro hamjamiyat bu mamlakatlarga bosim o‘tkazmoqda, muhojirlarni qutqarish yo‘lida fal harakat qilishlarini talab qilmoqda.

Ammo agar qochqinlarni qabul qilsalar bundan ham ko‘p sondagi muhojirlar yopirilib kelishidan cho‘chiyotgan Tailand, Indoneziya va Malayziya o‘z sohillariga yaqin kelgan muhojirlarning kemalarini ortga qaytarishga harakat qilmoqdalar.

Oziq-ovqat va ichimlik suvisiz qolgan muhojirlar dengizda bir necha oylab qolishga majbur bo‘lganlar, insonlar hayotdan ko‘z yumgan, kemadagi muhojirlar o‘rtasida ovqat ustidan janjallar kelib chiqib, bir-birlarini o‘ldirgan hollari bo‘lgan.

Myanmardagi musulmon Rohingalarni Birma o‘z fuqarolari deb tan olmaydi, oxirgi yillarda Rohingalarga nisbatan bu mamlakatda tazyiqlar kuchaygan.

Image copyright AFP Getty

Rohingalar buddoyilar ta‘qibidan qochishga harakat qilayaptilar, Bangladeshdan chiqqanlar esa qashshoqlikdan qutulishni maqsad qilgan insonlardir.

20 may kuni Malak bo‘g‘ozida yana 370 muhojir qutqarilgan.

Ular orasida kamida 50 bola va ayol bo‘lgan.

Kemadagilarning aytishicha, dengizda to‘rt oydan buyon qolib ketganlar.

Kema motori buzilgan, egasi esa muhojirlarni tashlab ketgan.

"Bizning oziq-ovqatimiz tugab qoldi. Biz Malayziya sohiliga tushmoqchi bo‘ldik, lekin bizga ruxsat berishmadi", deb aytgan qutqarilganlardan biri.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq