Yangi qurilayotgan Rog‘un GESi yaqinida yana zilzila yuz berdi

Rixter shkalasi bo‘yicha 5.5 ballik zilzila Tojikiston sharqida tongi soatlarda yuz bergan. Zilzila markazi Rog‘un shahri yaqinida bo‘lgani, uning kuchi poytaxt Dushanbeda ham sezilgani aytilmoqda.

Mintaqadan olingan xabarlarga ko‘ra, Tojikistondan tashqari, yengilroq yer silkinishlari O‘zbekiston va Afg‘oniston shimolida ham kuzatilgan.

Qurbonlar va ko‘rilgan zarar haqida, hozircha, ma‘lumotlar yo‘q.

Rog‘un shahri yaqinida qurilayotgan va Markaziy Osiyoda eng yirigi bo‘lishi kutilayotgan GSE esa, aynan zilzilalar bois, qolgan mintaqa davlatlari, ayniqsa, O‘zbekistonning jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.

Jumladan, o‘zbekistonlik mutaxassislarga ko‘ra, yangi GESning balandligi 335 metr bo‘lishi kutilayotgan to‘g‘oniga darz yetishi – Amudaryoning quyi oqimida joylashgan davlatlar uchun haqiqiy fojeaga aylanadi.

Xuddi shu manzarada Rog‘un GESini qurish loyihasi ikki mamlakat munosabatlarini keskin sovuqlashtirgan.

Tojikiston seysmik faol mintaqada joylashganini rad etmagan ayrim mahalliy mutaxassislarga ko‘ra esa, Rog‘un GESi qurilishi mintaqaga xavf solmaydi.

Agar, Tojikistondan olingan xabarlarga tayanilsa, chorshanba kuni ertalab mahalliy vaqt bilan 8:31 da yuz bergan zilzila markazi Rog‘undan bor-yo‘g‘i 28 chaqirim uzoqlikda bo‘lgan, xolos.

Ammo bu Rog‘un shahri yaqinida kuzatilayotgan birinchi kuchli yer silkinishi emas.

Image copyright BBC Farsi

2010 yilda Tojikistonning Rog‘un GESi qurilayotgan sathiga yaqin va mamlakatdagi eng yirik Norak GESi joylashgan shimoliy-sharqiy mintaqalarida qariyb 6 balli yer silkinishi yuz bergandi.

Tojikiston zilzila tez-tez yuz beradigan tog‘li mamlakat.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, Tojikistonda yiliga 2.000 dan ortiq yengil yer silkinishlari kuzatiladi.

Ulardan ayrimlari o‘nlab insonning umriga zomin bo‘lgani, yana katta sondagisiga tan jarohati yetkazgani ham bor gap.

Bundan bir necha yil burun Tojikistonning tog‘li Pomir mintaqasida ro‘y bergan qaqshatqich zilzila oqibatida esa, yuzlab kishilar boshpanasiz qolishgandi.

Tojikistonning sharqiy Badaxshon viloyati ham tez-tez yer silkinishlari yuz berib turadigan mintaqa hisoblanadi.

1911 yil yuz bergan zilzilada Sarez mintaqasida bir qishloq suv ostida qolgandi.

Mazkur zilzila oqibatida kamida 90 odamning halok bo‘lgani ishoniladi.

Suv ostida qolgan "Sarez" qishlog‘i o‘rnida Sarez ko‘li vujudga keldi.

Sarez Markaziy Osiyo mintaqasiga eng ko‘p xavf soluvchi ko‘l hisoblanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq