O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida yana bir noxush hodisa

Mintaqadan olingan xabarlarga ko‘ra, o‘zaro chegara yaqinida kuzatilgan so‘nggi mojaroda ham o‘zbekistonlik chegarachilar o‘t ochishga majbur bo‘lishgan va ikki qirg‘iz fuqarosini yaralashgan.

Har ikki tomon mas‘ullari yuz bergan hodisadan ogohlantirilgani va uning sabablarini o‘rganish harakatida ekanliklari aytilmoqda.

Qirg‘izistonlik mas‘ullarga ko‘ra, voqea O‘zbekiston orqali o‘tuvchi tranzit yo‘lida ro‘y bergan.

Yengil mashinada bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi Qadamjoydan Qizil-Qiya shahriga ketishda avtomashinalarning tranzit yo‘lida to‘xtashlarini ma‘n etuvchi ikki tomonlama kelishuvga amal qilmagan.

Yo‘lning O‘zbekistonning Farg‘ona tumaniga qarashli Kaptarxona aholi punkti hududidan o‘tuvchi qismida to‘xtab, Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan ikki ayolni o‘z mashinasiga olgan.

Bu holatga guvoh bo‘lgan o‘zbekistonlik chegarachilar uning mashinasini to‘xtatishga urinishgan, ammo qirg‘izistonlik haydovchi ularning buyruqlariga amal qilmay, harakatlanishda davom etgan.

Ayon bo‘lishicha, Qirg‘iziston fuqarosining bu kabi xatti-harakati ortidan, o‘zbekistonlik chegarachilar o‘tochar qurollarini qo‘llashga majbur bo‘lishgan.

Haydovchi va mashinada bo‘lgan yo‘lovchilardan birini yaralashgan.

Ammo, shunga qaramay, mashina rulida bo‘lgan haydovchi Qirg‘izistonga qarashli "Ayribas" chegara nazorat punktiga yetib olgan va o‘sha yerda ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Qirg‘izistondan olingan xabarlarga ko‘ra, ikkovlon hozir Qizil-Qiya shahridagi kasalxonalardan birida o‘z muolajalarini davom ettirishmoqda.

Avtomashina haydovchisining Botkent viloyatining Qadamjoy tumanilik, qolgan ikki yo‘lovchi ayolning O‘sh viloyatilik ekanliklari aytiladi.

Allaqachon O‘zbekiston bilan o‘zaro chegara yaqinida yuz bergan ushbu mojaro yuzasidan tergov ishlari boshlangani, unga oydinlik kiritish uchun har ikki tomon chegara xizmati vakillarining uchrashuvlari rejalanayotganiga oid xabarlar bor.

O‘zbekistonning qator internet nashrlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati yuz bergan hodisa yuzasidan kechaning o‘zida izoh bergan.

Davlat Chegarasini Qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmatining ma‘lumotlariga ko‘ra, "Audi" rusumidagi avtomobil chegaraoldi hududida Quvasoy chegara otryadining naryadi tomonidan aniqlangan va mashinaga turli mahsulot-moddiy qimmatliklar ortilganlik alomati bo‘lgan.

Avtomobil ikkita notanish yo‘lovchini olib, Qirg‘iziston tomoniga yo‘l olgan. Haydovchisi esa, to‘xtash haqida qonuniy talablarga bo‘ysunmagan.

Buning ortidan, haydovchi o‘zini to‘xtatish uchun o‘t ochishga majbur bo‘lgan harbiy xizmatchilarni bosib ketishga uringan.

Ularni ushlash sa‘y-harakatlariga qaramay, qoidabuzarlar Qirg‘iziston hududiga o‘tib ketishgan, deyiladi O‘zbekiston tomoni xabarlarida.

Bu – oxirgi bir haftaning ichida yuz berayotgan shunga o‘xshash ikkinchi holatdir.

Shu yilning 12 may kuni Farg‘ona viloyatining So‘x tumani Hushyor qishlog‘ida ham qirg‘izistonlik qoidabuzarlarni to‘xtatish jarayonida o‘zbekistonlik chegarachilar o‘t ochishga majbur bo‘lishgan.

Natijada davlat chegarasini buzgan bir Qirg‘iziston fuqarosi hayotdan ko‘z yumgan, yana bir nafari qo‘lga olinib, ertasiga qo‘yib yuborilgandi.

Xabarlarda ularning 15 tonnaga teng qishloq xo‘jalik mahsulotlarini Qirg‘izistonga olib chiqib ketish harakatida bo‘lganliklari aytilgandi.

Mintaqadagi muxbirlarimizga ko‘ra, aksariyat chegara punktlarining yopiq ekani bois, so‘nggi yillarda har ikki tomondan, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari kontrabandasi kuchaygan.

O‘zaro chegaraga yaqin qishloqlarda esa, chorva mollarini o‘g‘irlab, bir davlat hududidan ikkinchisiga olib o‘tib, sotish hollari ortgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq