Xalqaro Amnistiya: A‘zam Farmonovni shartsiz ozod eting!

Image caption A'zam Farmonov

Inson huquqlari faoli A‘zam Farmonov “qamoqxona qoidalarini buzganlikda” ayblanib yana besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

A‘zam Farmonov shu yil aprel oyida to‘qqiz yillik qamoq muddati tugab, ozodlikka chiqishi kutilayotgan edi.

Nufuzli Amnesti Interneyshnl tashkiloti o‘zbekistonlik inson huquqlari faolini ozod etish uchun xalqaro kampaniya boshlagan.

Tashkilotga ko‘ra, A‘zam Farmonov zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz ozod etilishi kerak.

A‘zam Farmonovning turmush o‘rtog‘i Ozoda Yoqubova erining aynan qanday vajlar bilan yana qamoq jazosiga hukm etilganini bilmaydi.

Hozirda inson huquqlari faoli Jasliq qamoqxonasida ekani aytiladi. O‘zbekistonda norasmiy Inson Huquqlari Jamiyatining faoli bo‘lgan A‘zam Farmonov 2006 yil iyunida tovlamachilikda aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

An‘anaga aylangan bahonalar

Image caption Siyosiy mahbuslar

O‘zbekistonda siyosiy mahbuslarning turfa bahonalar bilan qamoq jazosini uzaytirish holatlari an‘anaga aylanib ulgurgan.

Ismi oshkor etilishini istamagan mahalliy jurnalist O‘zbekistondagi qamoqxona nozirlarining biri bilan suhbat hozirgacha uni dahshatga solishini aytadi. “Siyosiy mahbus degan gap yo‘q bizda...Tepadan buyruq keladi. Chiqarmaysan deyiladi, erinmasa bir parcha qog‘oz ham jo‘natadi, biz ham chiqarmaydigan qilamiz. Davlatga qarshimisan, jazong shu, jimgina ishlab yuravermagan bular ham...”

O‘zbekistonlik va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari O‘zbekiston hukumatining siyosiy tutqun deb ko‘rilgan mahkumlarni qamoqdan chiqarmaslik maqsadidagi bahonayu amallarini muntazam tanqid qilib keladilar.

Ko‘plab yillar davomida siyosiy tutqunlarning qamoq muddatlari "jazoni ijro etish muassasasining ichki tartibini buzdi" degan bahona bilan uzaytirib kelinadi.

Qamoq jazolari muntazam uzaytirilib turadiganlar orasida taniqli siyosiy mahbuslar Muhammad Bekjon va Murod Jo‘rayevlar ham bor.

20 yildan beri qamoqda qolayotgan Murod Jo‘rayevning qamoq muddati hozirga qadar uch marta uzaytirilgan.

Xar ikki mahkumning ham salomatligi haqida xavotirlar yangragandi.

O‘zbekiston hukumati mamlakat qamoqxonalarida siyosiy tutqunlar borligini hech qachon tan olgan emas.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.Instagram – BBC UZBEKTwitter – BBC UZBEKOdnoklassniki – BBC UZBEKFacebook- BBC UZBEKGoogle+ BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq