O‘zbekiston Markaziy Banki Rossiya xabarlarini "provokatsiya" deb atadi

Image copyright Getty

Rossiya ommaviy axborot vositalarida, xususan "Rossiya-24" telekanali orqali O‘zbekistonda valyuta operatsiyalari to‘xtatilgani borasida tarqatilgan xabarni O‘zbekiston Markaziy Banki qattiq tanqid ostiga oldi.

Markaziy Bank rasmiy bayonot chiqarib, bu xabarlarni "uydirma gap va qip-qizil provokatsiya" deb atadi.

"O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan, amaldagi xalqaro operatsiyalar va ular bilan bog‘liq xorijiy valyuta savdosi cheklovlarsiz davom etmoqda", - deyiladi bayonotda.

Bank bayonotida aytilishicha, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi joriy yilning aprel va may oylarida o‘tkazgan tekshiruvlari O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy mavqei mustahkam ekanini tasdiqlagan.

"Hozirda rasmiy almashuv kursi 1 dollarga 2527 o‘zbek so‘mini tashkil qiladi, Rossiya kanali aytganidek 5000 so‘m emas", - deyiladi Markaziy Bank raddiyasida.

O‘zbekiston Markaziy Banki o‘z bayonoti rasmiy raddiya sifatida Rossiya ommaviy axborot vositalarida yoritilishini talab qildi.

O‘tgan hafta tarqagan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yuridik shaxslarga davlat kursida dollar sotish to‘xtatib qo‘yilgandi. Ushbu chora tadbirlar qora bozorda ko‘kka sapchigan dollarni jilovlash uchun qilinayotgani aytilgan.

Internet tarmog‘ida Markaziy Bankning og‘zaki ko‘rsatmasi asosida huquqiy shaxslarga va xorijlik sarmoyadorlarga davlat kursida dollar sotishni to‘xtatib turishni topshirgani haqida xabarlar chiqdi.

BBC bilan suhbatlashgan tadbirkorlar bundan oldin ham bankdan davlat kursida dollar olish oson bo‘lmaganini aytishdi.

Bir tadbirkorning aytishicha, shu vaqtgacha huquqiy shaxslar chetdan uskuna keltirish uchun o‘zining biznes rejasini ko‘rsatgan holda va bankka o‘zbek so‘mini qo‘ygan holda dollar olgan.

"Lekin bu jarayon juda ham qiyin edi. Pulni olish uchun hamkorimiz bir yil kutdi. Shu vaqt davomida uning milliy valyutadagi puli bankda turdi. Bir yildan keyin davlat kursida 100 ming dollar oldi. Pulning ishlatilmasdan bankda turishi tadbirkor uchun juda katta salbiy holat. Chunki biznesda pulingiz aylanib turmasa ish orqaga ketadi", - deydi tadbirkor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio