"Tushunmagan tushunib oladi": Ramzan Qodirov Bosh rolda

Image copyright RIA Novosti

Bu haqda Checheniston prezidentining o‘zi "Instagram" dagi akkauntida xabar bergan.

Ramzan Qodirovning yozishicha, o‘zi Bosh qahramoni bo‘lgan o‘tkir syujetli film tez orada kattayu kichik ekranlarga chiqadi.

Checheniston rahbariga ko‘ra, faqat davomiy muzokaralar ortidangina, bu yangi Gollivud filmida suratga tushishga rozi bo‘lgan.

Janob Qodirovning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, filmning muayayn qismlari allaqachon tasvirga olib bo‘lingan.

"Uning rejissyori esa, Gollivudning qator shov-shuvli filmlari muallifi. Bundan tashqari, bu filmda Gollivudning manaman, degan yulduzlari ham bandlar", - deb yozgan Checheniston prezidenti o‘zining "Instagram" dagi akkauntida.

Ammo, xuddi shu o‘rinda, Ramzan Qodirov o‘zi so‘z yuritayotgan rejissyor va yulduzlarning aynan kim ekanliklari tafsilotlarini ochiqlamaydi.

Biroq, unga ko‘ra, o‘zi Bosh qahramoni bo‘lgan film mualliflari uning muvaffaqiyatiga shubha qilishayotgani yo‘q.

Chechen rahbarining xuddi shu so‘zlari manzarasida turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida "Tushunmagan tushunib oladi" filmining treyleri ham paydo bo‘lgan.

15 soniyali treylerda kamuflyaj va o‘zining odatiy qora ko‘zoynagida bo‘lgan Ramzan Qodirov Qafqozning toshu ko‘lmakli adirlarida zirxli mashinalar qurshovida avtomatidan havoga o‘t ochgancha, yugurib ketayotgan qiyofada aks etadi.

Ushbu treylerda e‘lon qilinishicha, Checheniston prezidenti Bosh qahramoni bo‘lgan Gollivud filmi butun Rossiya kinoteatrlarida namoyish etiladi.

Chechen rahbarining "Instagram" dagi dushanba kungi xabari seshanba kuni tonggacha 25.000 dan ortiq foydalanuvchi tomonidan yoqtirilgan.

Image copyright AFP

Ammo, eslatib o‘tish joiz, bu – Checheniston prezidenti tasvirga tushgan ilk film emas.

2014 yilda ham Ramzan Qodirovning qisqa metrajli "Sehrli taroq" filmida rol o‘ynab berganiga oid xabarlar olingandi.

Bundan ikki yilcha avval frantsiyalik kino yulduzi Jerar Deparde u rahbarlik qilayotgan Checheniston haqida film ishlash istagini izhor etgandi.

Soliqlarning oshirilishiga norozilik sifatida 2012 yilda Frantsiya fuqaroligidan voz kechgan taniqli aktyorning bu so‘zlari Rossiya unga o‘z fuqaroligini bergan va buning ortidan, Checheniston Respublikasining faxriy fuqarosiga ham aylangan paytda yangragandi.

Jerar Deparde poytaxt Grozniyga shaxsan tashrif buyurib, prezident Ramzan Qodirovning mehmoni bo‘lgan, xuddi shu maqsadda mahalliy kinematograflar va talabalar bilan ham uchrashgandi.

Ramzan Qodirov esa, avvalroq frantsuz aktyoriga o‘z yurtlariga kelib yashashni taklif etgan va "buyuk madaniyat arbobi uchun lozim bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga" va‘da qilgandi.

Checheniston prezidenti poytaxt Grozniyning hashamatli mavzesidan Jerar Depardega besh xonali kvartira ham sovg‘a qilgandi.

38 yoshli Ramzan Qodirov Chechenistonni 2007 yildan buyon boshqarib keladi.

Faollar amaldagi chechen hukumatini Chechenistonni islomiylashtirish va erkinliklarni bo‘g‘ishda ayblab kelishadi.

Image copyright Reuters

Ramzan Qodirov Bosh qahramoni bo‘lgan yangi Gollivud filmi haqidagi xabarlar manzarasida Rossiyada xuddi shu kabi ayblovlar yangragan va yaqinda qamoqdan ozod etilgan sobiq neft korchaloni Mixail Xodorkovskiy tomonidan moliyalangani aytilgan 26 daqiqali "Oila" nomli hujjatli film ham bo‘y ko‘rsatgan.

Bu haqda "The Moscow Times" ga tayanib, nufuzli "Gardian" nashri xabar bergan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq