Prezident Nazarboyev: "Rossiyaga qarshi sanktsiyalar noqonuniy"

Image copyright Reuters

Qozog‘iston rahbari bu haqda Rossiyaning davlatga qarashli "Rossiya 24" televizion kanaliga bergan suhbati chog‘ida bayon qilgan.

Nursulton Nazarboyevning iddao qilishicha, yaqinda G‘arb tomonidan Rossiyaga kiritilgan jazo choralari Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma‘qullovini olmagan.

Qozoq rahbariga ko‘ra, bir necha oydan buyon amalda bo‘lgan sanktsiyalar iqtisodga ham ters mazmunda va Ovro‘osiyo ittifoqining taraqqiyoti yo‘liga ham g‘ov bo‘ladi.

Qozog‘iston prezidentining bu kabi so‘zlari yangragan suhbatining o‘zi kecha seshanba kuni kechqurun olib uzatilgan.

Qolgan mintaqa davlatlari kabi Rossiya Qozog‘istonning ham yirik iqtisodiy hamkorlaridan biri sanaladi.

Qozog‘iston, bundan tashqari, yaqinda shaxsan prezident Vladimir Putin tashabbuskori bo‘lgan Ovro‘osiyo ittifoqiga ham bosh qo‘shgan.

Ammo, prezident Nazarboyevning o‘z suhbatida e‘tirof etishicha, yaqin iqtisodiy ittifoqchisiga qarshi kiritilgan jazo choralari Qozog‘iston uchun ikki tomonlama: ham salbiy va ham ijobiy ta‘sirga ega bo‘lgan.

Qozoq rahbariga ko‘ra, bir tomondan, G‘arbning sanktsiyalari ta‘siri ostida Rossiya milliy pul birligi – rublning qadrsizlanishi o‘zlarida narx-navoning o‘ynashiga olib kelgan.

Boshqa tarafdan, Rossiyaga avvalgidan ko‘ra ko‘proq mahsulot eksport qilishlariga yo‘l ochgan.

"Sanktsiyalardan faqat Rossiya ziyon chekayapti, deb o‘ylamang. Bu kabi qarama-qarshi jazo choralaridan Ovro‘podagi barchani ham mamnun, deb bo‘lmaydi. Biznes ahli Rossiyada o‘zlari yotirim kiritib, pul ishlashlari mumkin bo‘lgan ulkan bozorni yo‘qotdi. Shunday ekan, bu kabi vaziyatda hech kimni g‘olib, deb atab bo‘lmaydi", - degan janob Nazarboyev o‘zining televizion suhbatida.

"Echilmas muammo yo‘q"

Image copyright Getty

Xuddi shu manzarada mintaqaviy tahlilchilar Rossiya rublining qadrsizlanib, neftning arzonlashishi Qozog‘iston iqtisodini ham boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygani haqida yozishgan.

Rasmiy Ostona davlat byudjetini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lgani, Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sish sur‘atlariga oid bashoratlarning manfiylashgani va tanganing qiymati oshiqcha baholab yuborilgan-yuborilmaganiga oid savollarni paydo bo‘lgani bunga misol ekanini aytishgandi.

Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, alal-oqibat har qanday urush muzokaralar yo‘li bilan yakun topadi. Shunday ekan, mavjud inqiroz ham ertami-kechmi, o‘z poyoniga yetadi.

Prezident Nazarboyev, xuddi shu o‘rinda, yechilmas muammo yo‘qligi, agar bu masalada o‘zidan vositachilik qilishi so‘ralsa, hech ikkilanmay bu ishga kirishajagini ham bayon qilgan.

Unga ko‘ra, murosa ilinjida muzokaralar stoliga o‘tirishsa, davlat rahbarlari til topishmasliklarining iloji yo‘q.

"Hozir ham Rossiya va ham Ukraina tomoni mavjud muammoga barham berib, boshi berk ko‘chadan chiqib ketishning ayni pallasiga yetishdi. Ovro‘po rahbarlari ham xuddi shunday istakda. Buning uchun vaqt ham pishib yetilgan", - deya bayon qilgan Qozog‘iston rahbari.

Prezident Nursulton Nazarboyev Rossiya televizion kanali bilan suhbati chog‘ida yana bir qudratli qo‘shnisi Xitoyning yangi Ipak Yo‘li g‘oyasiga ham to‘xtalib o‘tgan.

Dunyo ummonlariga yo‘llari to‘silgan mamlakati uchun yangi infratuzilmalar barpo etilishining muhimligini urg‘ulagan.

Bu yo‘lda Xitoyni o‘zlariga iqtisodiy, siyosiy va yoki harbiy tahdid sifatida ko‘rmasliklarini ham qo‘shimcha qilgan.

Rossiya va Markaziy Osiyo

Image copyright Reuters

Rossiya rubli keskin qadrsizlanishining ta‘siri o‘tgan yaqin oylar ichida qolgan Markaziy Osiyo davlatlarida ham yaxshigina sezilgan.

Allaqachon Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston iqtisodiga jiddiy zarba berib ulgurgan.

Chunki aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari va importga qaram.

Shu bois ham, Rossiya rubli ortidan mahalliy pul birliklari ham o‘z qadrini yo‘qota boshlagan.

Bu esa, o‘z navbatida, chetdan kelayotgan keng iste‘moldagi mahsulotlar narxlarining qimmatlashuviga sabab bo‘lmay qolmagan.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Ukraina inqirozida tutgan o‘rni uchun rasmiy Kremlni "jazolash"ga qaror qilgandi.

Rossiyaning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan neft narxining pasayib ketishi esa, bu jarayonni yanada tezlashishiga xizmat qilgandi.

Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyoning uzoq yildan beri qudratni qo‘ldan bermay kelayotgan eng keksa ikkita davlat rahbaridan biri hisoblanadi.

U o‘tgan yil oxirida Qozog‘iston xalqiga kutilmagan murojaat bilan chiqib, yaqin istiqbolda Qozog‘istonni global sinovlar kutayotgani bilan ham ogohlantirgandi.

Qozog‘istonni oldinda kutayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarga tayyor turishga chaqirgandi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, jahon bozorida neft narxlarining beqarorligi va Qozog‘istonning yirik iqtisodiy sherigi bo‘lmish Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz qozoq hukumatini jiddiy tashvishga solmay qo‘ymagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq