Qozog‘iston: sayg‘oqlarning qirilishida rus raketalari aybdormi?

Image caption Qozoq matbuotining xabarlariga ko‘ra, shu oy boshidan beri 100,000dan ortiq sayg‘oqlar nobud bo‘lgan

O‘rta Osiyoning eng g‘aroyib va nodir jonivorlaridan biri, sayg‘oqlarning sirli ravishda o‘lishi davom etmoqda.

Ularning o‘limiga aynan nima sabab bo‘layotgani hali nomalum esa-da, qozoq faollari, bloger va internet foydalanuvchilari jon-jahdlari bilan bu fojeada Rossiya raketalarining Boyqonurdan uchirilishini ayblashmoqda.

Ularning fikricha, muammoning asl sababi "Proton" raketalarida ishlatiladigan o‘ta zaharli yoqilg‘i - geptil moddasidir.

Qozog‘istonda joylashgan Boyqonur kosmodromi Sovet Ittifoqi davrida Qizil O‘rda shahrida qurilgan bo‘lib, uni Rossiya 2050 yilgacha ijaraga olgan.

U yerda amalga oshiriladigan koinot sari parvozlarning zarari haqidagi gap-so‘zlar qozog‘istonliklarni havotirga solib keladi.

Buning ustiga, o‘tgan yillar mobaynida kosmodromda bir necha "Proton-M" raketalari halokatga uchrab, parchalari uchish joyiga yaqin hududlarga sochilib ketgan.

"Bu narsaning sababi ochiq-oydin - "Proton" parvozlari va geptilning ishlatilishi. Bundan tashqari, bu narsa yana Qozog‘istonda joylashgan (rus) harbiy poligonlariga ham bog‘liq. Bu sinov poligonlari yopilishi kerak. Ularning Qozog‘istonga keragi yo‘q", deydi "Antigeptil" jamoat harakatining faoli Ulan Shamshit.

"Sayg‘oqlar muqaddas jonivorlar. Ular bizning, qozoqlarning o‘rnimizga halok bo‘ldi. Ularning o‘rniga biz ruslarning ishidan aziyat chekishimiz kerak edi", deydi o‘ziga xos chiqishlari bilan tanilgan qozoq blogeri Aygul Utepova zonakz.net saytida keltirilgan sharhida.

Tengrinews.kz saytida sharh qoldirarkan, internet foydalanuvchisi "Amangeldi Beysekenov" shunday deydi: "Qozog‘iston fuqarolariga va tabiatiga zarar keltirayotgan chet el tashkilotlarining ish faoliyati davlat siri bo‘lishi kerak emas va odamlar bu haqda bilishi kerak".

Qozog‘iston hukumati raketa parvozlarining jonivorlar o‘limiga sabab bo‘layotganini rad etib kelmoqda.

Davlat veterenariya xizmatiga ko‘ra, sayg‘oqlarni pasterellez yoki enterotoksemiya kasalliklari halok qilmoqda.

Ammo parlament deputati Aldan Smail ham ushbu fojeada zaharli raketa yoqilg‘isining roli bor ekanligini ta‘kidlaydi.

"Hammamiz Boyqonurdan uchadigan "Proton"larning qaysi yo‘nalishda uchishini yaxshi bilamiz. Aynan shu yo‘nalish minglab jonivorlar uchun halokat keltiradi", degan u parlamentdagi nutqida.

Sayg‘oqlarning keskin qirila boshlashi odamlar orasida va ommaviy axborot vositalarida turli mish-mish va farazlar tarqalishiga sabab bo‘ldi.

Ayrim mahalliy saytlar jonivorlar o‘layotgan joydan noma‘lum metal sharlari topilgani haqida xabar qilishdi.

Inforburo.kz sayti hatto bu sharlarning rasmlarini ham namoyish qildi.

Caytning aytishicha, hozirda g‘aroyib sharlar mahalliy hokimiyat idorasiga olib ketilgan.

Qozoq matbuotining xabarlariga ko‘ra, shu oy boshidan beri 100,000dan ortiq sayg‘oqlar nobud bo‘lgan.

Bu esa Qozog‘iston hududida yashaydigan barcha sayg‘oqlarning uchdan biridan ko‘prog‘i demakdir.

Ma‘lumotlarga qaraganda, 2014 yili mamlakatda sayg‘oqlar soni 256,700 ni tashkil etgan.

Sayg‘oqlar "Qizil Kitob"ga kiritilgan bo‘lib, ular o‘zlarining uzunchoq shakldagi noodatiy tumshuqlari bilan ajralib turadi.

Qozoq biologi Lyudmila Muzychkoning aytishicha, ularning o‘limi boshqa hayvonlarga ham xavf soladi.

"Tabiatda hamma narsa bir-biri bilan bogliq. Oziqlanish zanjiriga qarasak, sayg‘oqlarning o‘limi ular bilan oziqlanuvchi yirtqichlarga ham qiron keltirishi mumkinligini ko‘ramiz", -deydi olima.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio