Ham Turkmaniston va ham Rossiya Afg‘onistondagi vaziyatdan xavotirda

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedovga ko‘ra, afg‘on mojarosiga diplomatik yo‘lda yechim topish uchun mamlakati BMT homiyligi ostidagi tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilishga hozir.

Turkmaniston rahbarining aytishicha, devor-darmiyon qo‘shnilaridagi vaziyatning tinch yo‘l bilan o‘nglanishiga tarafdorlik qilishadi va bu yo‘lda yangi siyosiy vositalarni ishlab chiqishda ham faol ishtirok etishga tayyorlar.

Prezident Berdimuhammedov bu haqda Afg‘oniston prezidentining MDH davlatlari bo‘yicha vakili Muhammad Shokir Korgar bilan Ashxoboddagi uchrashuvi chog‘ida bayon qilgan.

Uning bu so‘zlari Afg‘onistonning Turmaniston doxil qator Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalarida vaziyat jiddiy izdan chiqqan, u yerlarda toliblardan tashqari "Islomiy Davlat" jangarilari ham faollashishga muvaffaq bo‘layotganiga oid xabarlar manzarasida yangramoqda.

Bundan tashqari, so‘nggi oylarda ayrim nufuzli mintaqaviy internet nashrlarida "Islomiy Davlat"ning allaqachon Markaziy Osiyoda ham faollashishga ulgurganiga oid xabarlar paydo bo‘lgan, ularda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari guruh jangarilarining aynan Turkmaniston chegarasi bo‘ylab yashirinib yurishganini tasdiqlashgani haqida so‘z yuritilgandi.

Xuddi shu xabarlar manzarasida G‘arbning ba‘zi bir yetakchi nashrlari mintaqadagi manbalariga tayanib, Turkmanistonning Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasida mislsiz xavfsizlik choralariga qo‘l urayotgani haqida ham yozishgandi.

Bu xabarlarda turkman tomonining chegarada maxsus xandaqlar qazishdan tortib, tikanakli simlar o‘rnatishgacha borayotgani haqida aytilgandi.

Tahdid

O‘zbekistonlik tahlilchilar esa, "Islomiy Davlat"ning shundoqqina Markaziy Osiyoning ostonasida paydo bo‘lishi mavjud tahdidning teraktlar va jangovar amaliyotlar darajasiga o‘sib yetganini anglatishini bayon qilishgandi.

Turkmaniston Afg‘oniston bilan 744 kilometrga uzangan chegaraga ega.

O‘tgan yil boshida esa, o‘tgan o‘ttiz yil badalida ilk bor Afg‘oniston tomonidan hujumga uchragan, turkman hududiga bostirib kirgan noma‘lum qurolli shaxslar Turkmanistonning uch chegara qo‘riqchisini o‘ldirib, yana ikki nafarini yaralashgandi.

Ammo shu paytga qadar mazkur hujum kimning ishi ekani noma‘lum, betaraf mavqei bois, Afg‘oniston Tolibon harakatining shu paytgacha biror marta Turkmaniston tuprog‘iga daxl qilmagani ham bor gap.

Rasmiy Ashxobodning tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilish taklifi G‘arb va mintaqadagi qator o‘yinchi davlatlarning afg‘on mojarosiga diplomatik yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan o‘tgan 13 yillik sa‘y-harakatlari besamar ketgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Katta sondagi xorijiy ittifoq qo‘shinlarining afg‘on mojarosiga biror bir yechim topmay Afg‘onistonni tark etishlari ortidan, o‘tgan yili dunyoning ikkita harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi bo‘lgan Xitoy ham xuddi shunday taklif bilan chiqqan.

Xitoy hukumati orada Afg‘oniston Tolibon harakatining hay‘atini Pekinga kelishiga ham erishgan, bu xususda o‘zining mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi va toliblarga katta ta‘sirga ega, deb ko‘rilgan Pokiston bilan ham muloqotlar olib borgan, rasmiy Islomobod bilan bir necha o‘n milliard dollarlik iqtisodiy bitimlar imzolagan, ammo shunda ham, hozircha, deyarli biror bir yutuqqa erishmagan.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Turkmaniston o‘zining boy energiya zaxiralari, Turkiya, Afg‘oniston va Xitoyning imkonli va ishonchli energiya manbai sifatidagi muhim geosiyosiy roli uchun mintaqadagi jangari guruhlar uchun jozibali nishon bo‘lishi mumkin.

Ularning aytishlaricha, bundan tashqari, Afg‘oniston bilan chegarasining uzoqqa uzangani va xavfsizlik kuchlari qudratining haminqadarligi Turkmanistonni bu kabi hujumlar qarshisida zaif qilib qo‘yadi.

Ustiga ustak, qolgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan taqqoslanganda, mudofaa masalalarida Rossiya va AQSh bilan aloqalarining u qadar yaqin emasligi ham Turkmanistonni anchayin qaltis ahvolda qoldirgan, deyishadi ular.

Rossiya ham xavotirda

Image copyright AFP

Tahlilchilarga ko‘ra, yaqin-yaqingacha toliblarning yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelgan va yaqinda "Islomiy Davlat"ga rasman bay‘at keltirgan O‘zbekiston Islomiy Harakatining aksariyat jangarilari ham markaziy osiyolik.

O‘zbekiston Islomiy Harakati esa, so‘nggi oylarda Afg‘onistonning aynan Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalarida qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgan.

So‘nggi xabarlar manzarasida Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili ham jangarilarning qo‘shni Tojikistonga bostirib kirish ehtimollarini nazardan soqit etmagan.

O‘z chiqishida Zamir Kabulov ham ular aksariyatining aynan tojik, o‘zbek va qirg‘iz ekaniga e‘tibor qaratgan.

Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida katta sondagi jangarilar to‘planishgani kuzatilayotganini aytgan.

Kabulov janoblari, o‘z o‘rnida, jangarilarning Afg‘onistondan qo‘shni davlatlarga kirib borishlarining oldini olish muhim vazifa ekanini ta‘kidlagan.

Unga ko‘ra, "Afg‘oniston, Iroq, Suriya va boshqa davlatlarda bo‘lib qaytgan jangarilarning Tojikiston va Turkmanistondagi hozirliklari butunboshli mintaqadagi siyosiy barqarorlikka salbiy ta‘sir qilishi mumkin".

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Turkmaniston tomonining tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilish taklifi ortida ham aynan o‘z xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlari turibdi.

Ularning aytishlaricha, rasmiy Ashxobod o‘zining so‘nggi bayonoti bilan aslida faqat Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasidagi mavjud vaziyatga Rossiya, Xitoy va G‘arbning e‘tiborini qaratmoqchi.

Agar, yangi diplomatik vositachilik roliga oid bayonotlariga kelsak, bu masalada, Turkmanistonga o‘zi ega bo‘lgan ulkan energiya zaxiralari ham, toliblar bilan betaraf munosabatlarini ta‘minlab kelgan neytral mavqei ham ish bermaydi. Chunki joriy paytda Afg‘onistonda jang qilayotgan jangari guruhlar o‘zlarining oralarida yakdillik yo‘q, deyishadi ular.

1999 yili Afg‘oniston masalasi bo‘yicha O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan 6+2 kontakt guruhi ham tashkil qilingan va rasmiy Toshkent hanuz afg‘on mojarosiga diplomatik yo‘l bilan yechim topishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ostidagi bu guruh muhim o‘rin tutishini ta‘kidlab keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq