Myanmar muhojirlik inqiroziga yolg‘iz o‘zi mas‘ul emasligini ta‘kidladi

Image copyright EPA

Myanmar Osiyodagi muhojirlar bilan bog‘liq inqirozga yolg‘iz o‘zi aybdor emasligini aytdi.

Mazkur muammo Bankokda o‘tayotgan Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiyatsiyasi anjumanida muhokama qilingan.

Qo‘shma Shtatlar va BMT vakillari ham hozir bo‘lgan yig‘inda vaziyat "o‘ta tashvishli darajada" ekani ta‘kidlangan.

Xabarlardan ma‘lumki, Bangladesh va Myanmar (Birma)dan bosh olib chiqqan minglab odamlar baliqchilar qayiqlarida Tayland, Indoneziya va Malayziya tomon yo‘l solishgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2,600ga yaqin muhojir hozir dengizda qolib ketmoqda.

Bangladeshliklar aksari mehnat muhojirlari ekani aytiladi. Birmadagi Rohinga musulmonlari esa, mamlakatdagi ta‘qib va tazyiqlardan qochishmoqda.

Inqiroz joriy yil boshlarida Tayland muhojirlarning quruqlikdagi yo‘llariga to‘siq qo‘ya boshlashi ortidan jiddiylashgan.

Noqonuniy muhojirlar oqimini to‘xtatishga qaratilgan ushbu choralar ortidan odam savdogarlari dengiz yo‘lini tanlashga majbur bo‘lishgan.

"Bizga barmoq o‘qtamang"

Image copyright none
Image caption Xtin Linn: Bizga barmoq o‘qtamang

Myanmar Tashqi ishlar vaziri Xtin Linn o‘z mamlakati inson savdosiga qarshi kurashda hamkorlik qilishi mumkinligini aytgan.

Ammo, unga ko‘ra, "noqonuniy muhojirlar qayig‘i bilan bog‘liq masalada" faqat Birmani ayblab bo‘lmaydi.

"Barmoq o‘qtash hech bir maqsadga xizmat qilmaydi. Bu ish bizni hech qanday yechim tomon olib bormaydi", deb aytgan Linn janoblari.

Tayland Tashqi ishlar vaziri Tanasak Patimaprakorn o‘z chiqishida: "Noqonuniy muhojirlar oqimi... tashvishli darajaga yetdi", deb aytgan.

Shuningdek, u "bu odamlarni bosh olib ketishga" majburlayotgan sabablarga ham e‘tibor qaratish lozimligini ta‘kidlagan.

Aftidan, Tayland Tashqi ishlar vaziri izohlari Bangladesh va Myanmarni nishonga olgan.

AQSh Davlat kotibi yordamchisi Ann Richard ham dengizlardagi muhojirlar hayotini saqlab qolish yo‘lida tezkor sa‘y-harakatlarga qo‘l urishga undagan.

Bankokdagi BBC muxbiri Jonatan Xedga ko‘ra, endi muhojirlarga qanday qilib yordam berish masalasida murosaga borilayotgan ko‘rinadi.

"Allaqachon quruqlikka chiqib olganlarga ko‘mak berish uchun mablag‘lar yig‘ilmoqda. Hatto, Tayland o‘z suv hududi uzra AQShning harbiy kuzatuv uchoqlari uchishiga qarshi amallaridan voz kechdi", deydi muxbirimiz.

Ayni paytda muhojirlar oqimini keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish masalasi hamon mushkul qolmoqda. Bangladesh allaqachon ko‘plab iqtisodiy qashshoq muhojirlar o‘zlariga tegishli ekanini tan olgan.

Ammo, muxbirimiz Jonatan Xedning aytishicha, hech kim Rohinga musulmonlari degan atamani qo‘llashga jur‘at qilayotgani yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq