Vashington metrosida Muhammad payg‘ambar (sav) karikaturalari taqiqlandi

Image copyright AP
Image caption So‘z erkinligi himoyachisimi va yo "mutaassib xonim"?

Vashington transport tizimi mulozimlari so‘z erkinligi himoyasi tashkilotlarining metroda Muhammad payg‘ambar (sav) karikaturalari joylashtirilish rejalariga ruxsat berishmadi.

American Freedom Defense Initiative (AFDI) may oyi boshlarida Texasda o‘zi tashabbuskor bo‘lgan Islom payg‘ambarini hajv qilgan konkursda g‘olib karikaturalar ko‘rgazmasini o‘tkazgan edi.

Ayni ko‘rgazmaga hujum qilingan va ikki hujumchi o‘ldirilgandi.

Shunga qaramay, tashkilotchilar Vashington metrosida musobaqada oliy mukofotga loyiq ko‘rilgan karikaturani namoyish etishga jazm qilishgan.

Ammo transport tizimi mulozimlari bunga yo‘l qo‘ymaslikka qaror qilishdi.

Metroda har turdagi siyosiy, diniy va tashviqot akslangan suratlar joylashtirish taqiqlandi.

Transport idorasining rahbarlari siyosiy va g‘oyaviy kampaniyalar akslangan reklamalarni metro tizimida joylashtirmaslik qarorini bir ovozdan ma‘qullashgan.

AFDI so‘z erkinligini himoya qilish da‘vosidagi tashkilot rahbari Pamela Geller esa bu qarorni keskin tanqid qilgan.

Uning nazarida bu "so‘z erkinligiga uyushtirilgan hujumdir".

O‘z web sahifasida Pamela Geller "terrorga nisbatan bu kabi murosalar mutlaq mag‘lubiyatni anglatadi", deb yozdi.

"Bu qo‘rqoqlar fuqarolarning xavfsizligini o‘ylayapmiz deb bahona qilishlari mumkin. Ammo men buning teskarisi bo‘lmoqda degan fikrdaman. Ularning qilayotgan amallari aslida amerikaliklar qayerda bo‘lishmasin ko‘proq xavf ostida qolishlarini anglatadi", deb yozadi Pamela Geller.

Geller metroda joylashtirishni istagan karikaturada go‘yo Islom payg‘ambari salla o‘ragan, qilich yalang‘ochlab "Mening rasmimni chizmaysiz!" deb turgani va bunga javoban rassom " Xuddi shuning uchun chizaman", deya qalam ushlagani tasvirlangan.

Pamela Gellerga ko‘ra, bu siyosiy mavqeini anglatadi, zinhor zo‘ravonlikka chorlov emas.

Pamela Geller Islomga nisbatan keskin tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bloggerdir.

2010 yilda u Manhettenda masjid qurilishiga qarshi kampaniya uyushtirgan va shu yo‘l bilan jamoatchilik e‘tiborini qozongandi.

U o‘zini so‘z erkinligi faoli deb sanaydi, ammo tanqidchilar uni "mutaassib xonim" deb ataydilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq