Bi-bi-siga aytaman: "Hijobdagi onalik yagona tanlovmi?"

Image copyright AP

O‘zbekistondagi davlat muassasalari va o‘quv dargohlariga hijobdagi ayol-qizlarni olmaslik haqida "norasmiy" ko‘rsatma berilganidan beri tug‘ilish darajasida o‘sish kuzatilgandek...

2009-2010 yillar mobaynida milliy televidenie orqali zo‘r berib namoyish etilgan ko‘rsatuvlarda ayollarni hijoblardan voz kechib, milliy ust-boshda yurishlari "rag‘batlantirildi".

Ulamolar ham bu "kampaniyaga" o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Ayni vaqtda aholi o‘sish darajasini nazorat qilish yo‘lida rasmiylar tug‘ilish sonini ham "jilovlash"ga urinadilar. Ko‘pda shifokorlar yordamida.

Shifokorlar "targ‘ib" qilayotgan narsa esa allaqachon etarli sonda farzandga ega bo‘lgan ayollarni tuxumdon naychalarini "tugib" qo‘yish amaliyotidir.

Ayni vaqtda hijobdagi ayollar o‘z e’tiqodlari bilan bilim olish va ishlash huquqlari o‘rtasidagi tanlovda qolib, uyda o‘tirishga majbur bo‘lmoqdalar.

"Uyda qolgan ayol esa o‘zini biron narsa bilan ovutishga intilib, farzand ko‘rishga harakat qilmoqda", - deyishadi shifokorlar.

25 yoshli tanish ayolning aytishicha, 5 yil avval Toshkent Pedagogika Institutiga kirishga harakat qilgan.

Institut rasmiysi u va yana bir qator qizlarni agarda qabul qilingan holatda hijoblaridan voz kechishlari haqidagi tilxatga imzo chekishlarini talab qilgan.

Lekin ulardan birontasi institutga qabul qilinmagan va oxir-oqibat "va’daga vafo" qilishlariga to‘g‘ri kelmagan.

Hozir bu ayolning ikki kichik farzandi bor. Hijob o‘rab, kirishi mumkin bo‘lgan yagona ilmiy dargoh bu Islom Universitetidir.

U erga yiliga atigi 8 ayol qabul qilinadi.

U erga ariza topshirgani borsa: "Uyda o‘tirib, farzandlaringizni katta qilsangiz ma’qulroq emasmi", -deyishgan.

Hijobda bo‘lganlari uchun ishdan bo‘shatilgan ayollar anchagina.

Oxirgi vaqtlarda hatto bozorda savdo qilayotgan ayollarga ham hijob o‘ramaslik aytilmoqda.

Albatta hijob tug‘ilish darajasi yuqori ekanligining yagona sababi emas.

Lekin hijobda yurish qarorini olgan yo-da bunga majburlangan ayol o‘z hayotini qanday mazmun bilan to‘ldirsin?

Ularning o‘ngida turgan tanlov: hijob yo-da o‘qish-ish, yo-da farzand va o‘qish-ish.

Umid va g‘ayratga to‘la ayollar uchun hijobdagi onalik ularning hayotini mazmunga to‘ldiruvchi yagona tanlov bo‘lib qolgan ko‘rinadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio