Koreyada Yaqin Sharq "tumovidan" o‘zbek muhojirlari xavotirda

Image copyright Getty

Janubiy Koreyada MERS virusini yuqtirganlar soni 30 taga etgani xabar qilinmoqda.

Virus ilk bor mamlakatda bundan 2 hafta avval qayd qilingandi. Shu vaqtgacha kasallik tufayli ikki kishi olamdan o‘tgan.

"Yaqin Sharq nafas yo‘llari sindromi" deya yuritiluvchi ushbu virusning Janubiy Koreyada tarqashi bu erda yashovchi, mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan o‘zbekistonliklarni xavotirga solgan.

Hozircha virusni yuqtirganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Lekin albatta ular mamlakatdagi vaziyatni tashvish bilan kuzatib turishibdi.

"Shamollash alomatlari sezilgan zahoti ba’zi koreys talabalarni darhol kasalxonaga tekshiruvdan o‘tkazishga olib ketishyapti. Magazinlarda niqoblar savdosi avj pallada. Bizga bozorlarga va odam gavjum joylarga bormaslik kerakligini aytishdi", - deydi Seulda ta’lim olayotgan bir o‘zbekistonlik talaba yigit.

"Turli gaplar yuribdi. Hali 2 yildan ko‘proq shartnomam bor. Kasallik vahimasi bosilgungacha mehnat ta’tili olib, vatanga ketvorsammikan deb turibman", - deydi Daejon shahridagi zavodlardan birida ishlaydigan boshqa bir o‘zbekistonlik.

Viza muddati tugashiga sanoqli oylar qolgan ayrim o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari esa sal ertaroq bo‘lsa-da tugunlarini elkalariga ortib, uyga ravona bo‘lishayotgani aytilmoqda.

Koreyada ta’lim olayotgan talabalarga universitet ma’muriyatlari tomonidan iloji boricha universitet hududidan tashqariga chiqmaslik tavsiya etilmoqda.

Katta shaharlarga borishga cheklov qo‘yishayotganligini aytishmoqda.

Janubiy Koreyada har bir tashkilot va kompaniyalarda xodimlarni har yili iyul oylarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish odatiy hol.

Endilikda MERS virusi tarqalishi munosabati bilan qat’iy tartibda tibbiy tekshiruv kuchaytirilishi kutilyapti.

"Koreyslar juda vahimaga tushib yurishibdi. Ularning ahvolini ko‘rib, menda ham biroz qo‘rqinch bor. Ishxonamiz boshliqlari virus chiqqan shaharlarga yaqinlashmaslikni aytishyapti. Pyongtek shahrida virus yuqtirganlar ko‘p ekan. Yakshanba kunlari ko‘chaga chiqmasdan yotoqxonamizda o‘tiribmiz", - deydi Busan shahridagi avtomobil ehtiyot qismlari chiqaradigan zavodda ishlaydigan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri.

Koreyaga ketsammikan, ketmasam...

Koreyadagi MERS virusi bilan bog‘liq gaplar internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekistonga ham etib kelgan.

Koreys diyoriga ketishga chog‘lanayotgan ayrim o‘zbekistonliklarning bu xabar shashtini tushirayotgan bo‘lsa, ayrimlar ishsizlikdan qiynalib o‘tirgandan ko‘ra, tavakkal qilishlarini aytishadi.

"Koreya rivojlangan davlat. Ular bu kasallikni tez orada yo‘q qilishlariga ishonaman. Vahimaga hojat yo‘q. Hammasi iziga tushadi", - deya o‘ziga taskin beradi Koreyaga ketish vizasi chiqishini kutayotgan bir o‘zbekistonlik.

Hozirda Janubiy Koreyada mehnat qilayotgan yoki ta’lim olayotgan o‘zbekistonliklarning aniq soni haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q.

O‘zbekiston Janubiy Koreyaga erkin yollash tizimi bo‘yicha ishchilar yuborib keladi va o‘zbekistonliklar koreys tilidan imtihon va tibbiy tekshiruvdan o‘tgan holda 4 yilu 10 oylik muddatga mehnat shartnomasini tuzib, Koreyaga ketishadi.

"Tuya tumovi" nima?

MERS virusi ilk bor 2012 yili Saudiya Arabistonida qayd etilgandi.

MERS shamollash va Sars kabi kasalliklar alomatlarini o‘z ichiga oluvchi yuqori harorat, nafas olishda qiyinchiliklar, o‘pka yallig‘lanishi va buyraklarning ishlamay qolishiga olib keluvchi illatdir.

Shu vaqtgacha jahon bo‘ylab 1,167 kishi virusga chalingani, ulardan 479 kishi vafot etgani ma’lum.

O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida MERS ning dastlab tuyalardan insonga o‘tganligi aniqlangan va shuning uchun ushbu kasllikni "tuya tumovi" deb ham yuritadilar.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio