UzGazOil shoxobchalariga reydlardan naf bormi?

Besh yil ilgari O‘zbekistonning eng muvaffaqiyatli xususiy biznes shirkatlaridan biri bo‘lgan UzGazOil davlat tasarrufiga o‘tkazilganidan keyin byudjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishning qulay manbasiga aylangan, buni yonilg‘i quyish shoxobchalariga uyushtirilgan so‘nggi reydlar ham tasdiqlagan.

O‘zbekiston Internet nashrlari xabar qilishicha, Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi UzGazOil yonilg‘i quyish shoxobchalarida 29 may kuni prokuratura va soliq inspektsiyasi reydlar o‘tkazgan.

Bunga haydovchilarning ko‘pdan buyon UzGazOil shoxobchalarida ko‘rsatilayotgan xizmatdan nolib kelayotgani sabab bo‘lgani aytilgan.

Xususan, benzinni aytilganidan kam quyish, benzin sifatini pasaytirish, rasmiy bahodan yuqori narxlarda sotish ushbu shoxobchalarda oddiy holga aylanib qolgani xabar qilingan.

Bi-bi-si bunga munosabatini bilish uchun UzGazOil bilan bugun bog‘landi, ammo kompaniya biz bilan muloqot qilishni istamadi.

Shirkatdagi bugungi vaziyat bilan yaqindan tanish sobiq UzGazOil xodimining Bi-bi-siga aytishicha, davlat tasarrufiga o‘tkazilganidan keyin go‘yo modernizatsiya maqsadida AYoQShlar uchun xorijdan qimmatbaho uskunalar olib kelib o‘rnatilgan.

Kassa apparatlarining ham mukammallari xarid qilingan.

Biroq bu kassa apparatlarini "orqaga yurg‘izib" sifati talabga javob bermaydigan benzin savdosini tashkil qilishga mone‘lik qilmagan.

Shirkat sobiq xodimi so‘zlariga ko‘ra, bunday "iflos" benzin savdosi yirik AYoQShlarda yo‘lga qo‘yilgan.

U besh oldingi moliyaviy baquvvat tashkilot bugunga kelib norentabel shirkatga aylangan deb hisoblaydi.

Aftidan, UzGazOilning bosh tashkiloti hisoblangan "O‘zbekneftgaz" milliy xoldingi rahbariyati ham shunday xulosaga kelgan.

Zeromax neft va gaz shirkati tarkibidagi UzGazOil AYoQShlari 10 yil oldin ishga tushirilgan, xizmat va mahsulot sifati borasida boshqalarga o‘rnak bo‘lgan yonilg‘i shoxobchalariga aylangan.

Biroq 2010 yil martida Zeromaxga tegishli barcha mol-mulkka hibs qo‘yildi.

Zeromax bankrot deb e‘lon qilinib, rahbari Mirodil Jalolov hibsga olinganidan keyin UzGazOil milliy xolding tasarrufiga o‘tkazilgan.

Shundan keyin UzGazOil benzinlari sifati ham yomonlashgan, shirkatning daromad ko‘rsatkichlari ham pasayib ketgan.

Shundan so‘ng O‘zbekistonda benzin taqchilligi tez-tez kuzatila boshlagan.

UzGazOil sobiq xodimi bilan suhbatni tinglang

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio