Turkiya: AKP aksariyat ko‘pchilik maqomidan mahrum bo‘ldi

Image copyright AP

Yakshanba kungi saylovlarda Turkiyaning iqtidordagi Adolat va Tiklanish partiyasi eng ko‘p ovoz olishiga qaramay, 13 yil mobaynida birinchi marta parlamentdagi aksariyat ko‘pchilik maqomini yo‘qotgan.

Bu AKPning hukumat tuzishda qiyinchiliklarga yuz tutishini anglatadi.

Endilikda 41 foiz ovoz olgan Prezident Erdo‘g‘onning partiyasi yo koalitsiya tuzishi yo-da ozchilik hukumatiga kirishi kerak bo‘ladi.

Kurdparast XDP partiyasi 10 foizlik to‘siqni oshib o‘tib, birinchi marta parlamentdan o‘rin olishga muvaffaq bo‘lgan.

Ovozlarning qariyb barchasi sanab bo‘linarkan, AKP aftidan, parlamentda 258 o‘ringa ega bo‘ladi.

Bu avvalgi parlamentdagidan 18 o‘rin kam demakdir.

Kurdparast XDP partiyasi tarafdorlari ko‘chalarda bayram qilishgan.

Muxolifatdagi Jumhuriyatchi xalq partiyasi (JXP) esa 25 foiz ovoz bilan ko‘rinishicha, ikkinchi yirik partiya maqomini saqlab qolgan.

Image copyright AP
Image caption Kurdparast XDP partiyasi tarafdorlari ko‘chalarda bayram qilishgan

Milliyatchi harakat partiyasi (MHP) 16.5 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinda, to‘rtinchi partiya esa 13 foiz ovoz olgan Xalq demokratik partiyasi (XDP)dir.

O‘zining an‘anaviy saylovchilari bo‘lgan kurdlardan tashqari ovozlarni ham jalb eta olgan XDP parlamentda 75 bilan 80 o‘rtasida o‘ringa ega bo‘lishi kutilmoqda.

Eng ko‘p ayol nomzodlarga ega bo‘lgan XDP Turkiya tarixidagi birinchi ochiq hamjinsboz nomzodni ham ilgari surgan.

Istanbul fond birjasida dushanba kuni ertalab turk lirasi qiymati rekord darajada tushib ketgan, turk hissalari narxi esa 8 foizga arzonlagan.

Markaziy Bank liraning qadrini ko‘tarish uchun xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha foiz ko‘rsatkichlarini tushirgan.

Saylov natijalari Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning prezidentlik qudratini kuchaytirish rejalariga jiddiy zarbadir.

2003 yilda Bosh vazir sifatida hokimiyatga kelgan janob Erdo‘g‘on Turkiyani prezidentlik boshqaruviga aylantirish uchun parlamentdagi o‘rinlarning uchdan ikki qismini olishga umid qilayotgan edi.

"Saylovlarning g‘olibi hech shubhasiz, yana AKP" ekanini ta‘kidlagan Bosh vazir Ahmad Dovudo‘g‘li "xalqimizning qarori nihoiydir. U hamma narsadan ustun va biz shunga ko‘ra harakat qilamiz" deb aytgan.

XDP rahbari Salohiddin Demirtosh AKP bilan koalitsiya ehtimolini istisno etgan.

Milliyatchi harakat partiyasi rahbari Davlat Bog‘chali esa koalitsion hukumatga kirishni istisno etmagan, ammo saylov natijalari "AKP tugashining boshlanishi" ekanini aytgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio