Pan Gi Mun: Iyun voqeasi bo'yicha adolatli tergov o'tkazilsin

2010 yilning iyunida bo'lib o'tgan entik nizoga 5 yil to'lishi munosabati bilan O'sh shahriga kelgan Pan Gi Mun Qirg'iziston hukumatini voqea asoratlarini tezroq va adolatli bartaraf etishga chaqirgan.

Payshanba kuni tushdan keyish O'sh shahriga kelgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Qirg'iziston Bosh vaziri Temir Sariev bilan birgalikda iyun voqealarida qurbon bo'lganlarga bag'ishlab o'rnatilgan “Onalarning ko'z yoshi” monumentiga gulchambar qo'ygan.

U erda yig'ilganlar oldida gapirgan BMT Bosh kotibi Qirg'iziston hukumati 2010 yilgi millatlararo nizoni tez orada bartaraf etganini yuqori baholashini bildirgan.

Ammo, shu bilan bir qatorda, rasmiy Bishkekni kelajakda yana qator muhim ishlarni amalga oshirishga ham da'vat etgan.

Birinchisi – 2010 yilning iyunidagi etnik nizoga aloqodar nohaqliklarning barchasini odamlarning millati va boshqa maqomiga qaramasdan, to'liq, xolis tergov o'tkazish;

Ikkinchisi – og'ir jinoyat qilganlarning barchasini jazolash;

Uchinchisi – qiynoq qo'llanilgan ko'rsatmalar va protseduralarni buzish bilan qabul qilingan ayblov hukmlarini qayta ko'rib chiqish;

To'rtinchisi – millatlar orasidagi yarashuvning haqqoniy jarayoni, jabrdiydalar uchun qayta tiklash ishlarini amalga oshirish orqali qo'llov va bu ishga fuqaroviy jamiyatni ham jalb etish – dedi Pan Gi Mun.

Shundan so'ng, BMT Bosh kotibi shahar rasmiylari, fuqaroviy jamiyat vakillari va inson haqlari faollari bilan uchrashgan.

Uchrashuvlari chog'ida Qirg'iziston hukumatini fuqaroviy jamiyat va inson haqlari faollari faoliyatiga salbiy ta'sir etuvchi qonun loyihalaridan voz kechish kerak ekanligini aytgan.

“Barcha qonunlar, jumladan, hozir parlamentda ko'rib chiqilayotgan qonun loyihalari ham xalqaro standartlar, inson haqlarini saqlash qoidalariga mos kelishi kerak. Ular fuqaroviy jamiyat faoliyatlarini, mustaqil ommaviy-axborot vositalari va inson haqlarini himoya qilishi kerak”, – deya Qirg'iziston rasmiylariga murojaat qilgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.

O'z navbatida, Qirg'iziston Bosh vaziri Temir Sariev 2010 yilda O'sh va Jaloloboddagi etnik nizolar ortidan shaharlarni qayta tiklash jarayonlarida BMTning qo'llovi o'zgacha ahamiyat kasb etganini, qolaversa, Qirg'iziston demokratiya yo'lida ildam qadam tashlab, oldinga intilayotganini urg'ulagan. BMTning ko'rsatayotgan yordamlari uchun Pan Gi Munga o'z minnatdorchiligini bildirgan.

Juma kuni Bishkekda bo'lib o'tgan anjumanda gapirgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun o'zining O'sh safarini millatlararo nizoning besh yilligini xotirlash va tinchlikni mustahkamlash jarayonini qo'llash, deya izohlagan.

Pan Gi Mun bugun ertalab Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambaev bilan ham uchrashgan, “Parlament demokratiyasini rivojlantirish: olingan saboqlar va kelajagi", deya nomlangan anjumanda ham qatnashgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio