"Parda ortidagi O‘zbekistonga" qiziqish katta

Image copyright none

Shvetsiya poytaxti Stokgolmda AQShning Jordj Vashington universiteti va Shvetsiyadagi Xalqaro Ishlar instituti tarafidan uyushtirilgan "O‘zbekiston parda ortida" nomli ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Bi-bi-si anjumanda qatnashgan O‘zbekiston bo‘yicha yetakchi mutahassislar bilan suhbat o‘tkazgan.

Bugun biz anjuman uyushtiruvchilaridan biri, Shvetsiya Xalqaro Ishlar instituti ilmiy xodimi doktor Yoxan Engvill bilan bilan suhbatni e‘tiboringizga havola qilamiz.

Bi-bi-si: Sizlar uyushtirgan konferentsiyaning nomi "O‘zbekiston parda ortida" deb ataladi. Nimaga ayni shu nomni tanladingizlar?

Yoxan Engvil: Chindan ham konferentsiyamiz nomi "O‘zbekiston parda ortida", lekin bu nomning davomi ham bor: "Yondashuvlar, tadqiqotlar va mavzular". Konferentsiya qatnashuvchilarining aytishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonni O‘zbekiston ichidan turib tadqiq etish imkoniyalari ancha kamaygan. Lekin, bu degani tadqiqotlar to‘xtab qolishini anglatmaydi. Konferentsiyamiz ana shu yangi yo‘llarga bag‘ishlagan. Jumladan, hozirgi kunda o‘zbek diasporasi ancha o‘sganliini nazarga oladigan bo‘lsak, ana shu diaspora orasida ham tadqiqotlar olib borish mumkin.

Bi-bi-si: O‘zbekistonda chet ellik tashkilotlar va jumladan, tadqiqot markazlarining ishi ancha mushkullashgani ayon. Biroq, umuman olganda, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonni o‘rganishda G‘arbning o‘zida ham ishtiyoq kamayganini kuzatsa bo‘ladimi?

Yoxan Engvill: Qisman bu ham to‘g‘ri. Konferentsiya qatnashchilarining bir qanchasi hozirgi kunda G‘arbda Markaziy Osiyoni va O‘zbekistonni o‘rganishga jumladan moliya qisqarganini ham aytishmoqda. Biroq bizning ushbu konferentsiyamiz O‘zbekistonga hanuz qiziqish kattaligini ko‘rsatmoqda emasmi? Undan tashqari, biz Markaziy Osiyo mamlakatlarining boshqalari haqida ham shu kabi konferentsiyalar o‘tkazmoqchimiz.

Bi-bi-si: Mazkur ilmiy konferentsiya qanday natijalarni ko‘zlagan?

Yoxan Engvill: Konferentsiyada biz turli mavzularni muhkoma qilishni o‘zimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Jumladan, O‘zbekistonning siyosiy iqtisodini yaqindan muhokama qilmoqchimiz. Bunda hukumatning paxtakor fermerlar bilan munosabati, norasmiy yo ko‘lka iqtisod, O‘zbekistondagi korruptsiya tizimi va boshqalar. Yana bir mavzumiz “O‘zbekistonda islom: davlat, media va ahloq” deb ataladi. Boshqa mavzular orasida hozirgi zamonda o‘zbek bo‘lish nimani anglatishini ham muhokama etmoqchimiz. Mubohasaviy mavzularimizdan biri “O‘zbek rejimi, elita va mafkura” deb nomlangan. Unda mustaqillik mafkurasi, inson huquqi kabi masalalar ko‘riladi.

Bi-bi-si: Shvetsiyaning O‘zbekiston bilan aloqalari, ayniqsa, Teliasonera mashmashasidan keyin nazarga tushib qoldi. Shu nuqtai nazardan, ushbu konferentsiyaning aynan Stokgolmda o‘tkazilishida o‘ziga xos ma‘no bormi? Yoki akademik tadqiqotlarga bu mashmashalarning aloqasi yo‘qmi?

Yoxan Engvill: Umuman olganda, ushbu mashmasha axborot vositalarida ancha muhokama etildi. Buning ketidan, tabiiyki, Shvetsiya aholisi ham O‘zbekiston haqida bir muncha xabar topdi, uning bu mamlakatga qiziqishi biroz bo‘lsa-da, ortdi. Lekin, bu hodisalarning akademik tadqiqotlarga bevosita aloqasi bor deyishdan tiyilardim. Akademik tadqiqotlarning sur‘ati axborot vositalarnikidagidek tezkor emas. Tadqiqotlar vaqt talab qiladi, ular muddatkor bir jarayondir. Shuning uchun, bu ikki hodisani bir-biri bilan bog‘lashdan yiroqman.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio