'Parda ortidagi O‘zbekiston': Anda jonim qoldi mening...

Image copyright none
Image caption AQShlik tadqiqotchi, jurnalist Sara Kendzior

Shvetsiya poytaxti Stokgolmda AQShning Jorj Vashington universiteti va Shvetsiyaning Xalqaro Ishlar instituti tarafidan uyushtirilgan "O‘zbekiston parda ortida" nomli ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Bi-bi-si anjumanda qatnashgan O‘zbekiston bo‘yicha yetakchi mutaxassislar bilan suhbat o‘tkazgan. Bugun biz AQShlik tadqiqotchi, jurnalist Sara Kendzior bilan suhbatni e‘tiboringizga havola qilamiz.

Bi-bi-si: Amerikada hozir Markaziy Osiyo va jumladan, O‘zbekistonga ilmiy, akademik qiziqish ne qadar katta?

Sara Kendzior: Afsuski, bu mintaqa AQSh siyosati e‘tibor doirasidan chiqib borishi tufayli ilmiy, akademik tadqiqotlar ham ancha ziyon ko‘rdi. AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etgach, mintaqaga e‘tibor sustlasha boshladi. Tadqiqotlarga ham moliya ajratilishi keskin kamaydi. Ba‘zi markazlar yopildi, mutaxassislar boshqa mintaqayu, boshqa mavzularga ko‘chishga majbur bo‘lishdi. Bu menimcha, kaltabinlik. O‘z paytida Rossiya bo‘yicha ham mutaxassislar soni keskin qisqartirilgan edi. Endilikda esa, Rossiya yana siyosiy sarlavhalarga chiqqach, AQShda bu mamlakat haqida akademik bilimlarning taqchilligi ayon bo‘ldi. Ushbu xatoni biz Markaziy Osiyoga va xususan, O‘zbekistonga nisbatan ham qayratmasligimiz lozim deb bilaman.

Bi-bi-si: Siz o‘z maqolalaringizda, jumladan Al Jaziradagi blogingizda so‘nggi payt ancha siyosiylashgandeksiz. Sizningcha, akademik tadqiqotlar naqadar siyosiylashgan bo‘lishi mumkin?

Sara Kendzior: Mening Al Jazira blogida qilgan ishim ko‘proq jurnalistkaga taalluqli. Lekin, unda ham men mumkin qadar ob‘ektiv va faktlarga asoslangan bo‘lishga tirishaman. Oqni oq, qorani qora deyish akademik ilmning ham vazifasi. Men o‘zimning akademik ishimda bo‘ladimi, jurnalizmdami, mana shu tamoyillarga tayanishga harakat qilaman.

Bi-bi-si: O‘zbekiston bo‘yicha so‘nggi tekshiruvlaringiz nimadan iborat bo‘lgan?

Sara Kendzior: Men so‘nggi o‘n yil ichida Andijon fojeasi haqida "Anda jonim qoldi mening" nomli loyiha ostida o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida yangragan fikrlarni, nuqtai nazarlarni, bahslarni kuzatib va o‘rganib bordim. Bular asosida o‘zbek xalqining ongi qay taraf o‘zgaryapti, Andijon fojeasi unga qanday ta‘sir qildi degan savollarga javob qidirdim. Bu tadqiqot natijasida yana bir narsaga duch keldimki, biz abadiy degan internet yozuvlari ham xalq xotirasidan, internet xotirasidan o‘chib ketishi mumkin ekan. Buni ravshanroq tushuntiray. Deylik, Andijon qirg‘inidan keyin turli o‘zbek saytlari va Arbuz.som, MuslimUzbekistan.com forumlarida Andijon haqida turli tafsilotlar, suratlar, munozaralar qaynab yotardi. Bunda turli qarashlar bir-biri bilan to‘qnashar, orada serqirrali haqiqat tug‘ilardi. Lekin, turli sabablarga ko‘ra Arbuz.som, MuslimUzbekistan.com ham yopildi. Endi ulardagi munozaralardan asar ham qolgani yo‘q. Xuddi shu hodisa mustaqil jurnalistik sayt Uznews.com bilan ham yuz berdi. Bu saytlar na arxivlashtirilgan, na saqlangan. Bu degani dijital asrda ham biz xalq xotirasini yo‘qotishga qodirmiz. Bunisi esa, o‘ta ayanchli xulosa.

Bi-bi-si: Siz so‘nggi paytlar turli sohalarda, turli mavzularda ishlayapsiz. O‘z akademik ishlaringizda O‘zbekistonga, O‘zbekiston va o‘zbeklarni tadqiq etishga sodiq qolish niyatingiz bormi?

Sara Kendzior: Mening ko‘nglim O‘zbekistondadir. Bobur aytmish: "Anda jonim qoldi mening!" Shuning uchun ham o‘zbek tilini o‘rganganman, shuning uchun ham, o‘zbek tilidagi kitoblarni o‘qiyman, O‘zbekistonda nima kechayotganidan muttasil xabar izlayman. Albatta, agarda O‘zbekiston ochilsa, u yerga borib tadqiqotlarimni davom ettirish niyatim bor, hozirda esa, akademik ishim qatori balki o‘zbek adabiyotidan ba‘zi namunalarni tarjima qilarman.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio