Xitoy Sibir yerlarini Rossiyadan ijaraga olmoqchi

Image copyright AFP

Xitoy shirkati sharqiy Sibirdagi 115 ming gektar yerni qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirish maqsadida ijaraga olish uchun Rossiya bilan muzokaralar olib bormoqda.

Zabaykalьe rasmiylariga ko‘ra, Huae Sinban sarmoya shirkati bilan shartnoma qiymati 448 million dollarga qadar bo‘lish mumkin.

Rossiyaning TASS agentligiga ko‘ra, mahalliy hukumat Xitoy shirkati bilan bu boradagi memorandumni imzolagan.

Huae Sinban Sibir yerlarini 49 yilga ijaraga olishni rejalamoqda.

Xitoy boshqa mamlakatlarga ham yerlarni ijaraga olish orqali sarmoyalar kiritgan.

Zabaykalьe gubernatori Konstantin Ilkovskiyning aytishicha, ijara haqi va muddati bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar "bir yil ichida" nihoyasiga yetkaziladi.

Moskva davlat universiteti professori Natalьya Zubarevichning Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, Sibirdagi bu kabi yirik hududni qishloq xo‘jalik maqsadlarida ijaraga olish samarasiz, chunki ob-havo sharoitlari og‘ir va tuproq juda ko‘p mehnat talab qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘simlik moyi yetishtirish ham nazarda tutilgan, ammo u mintaqada kungaboqar o‘smaydi.

"Qattiq kontinental iqlim bois u yerda chorvaga ham sharoit yo‘q. Xitoyliklar juda uddaburon, ammo ular iqlimga bas kela olisharmikan? Aftidan, ular issiqxonalardan foydalanishadi", - deydi Natalьya Zubarevich.

Ammo kelishuv yaxshi ish bergani taqdirda, bu Moskva hamda Pekin o‘rtasidagi tobora rivojlanib borayotgan biznes aloqalarini yanada gurkiratishi mumkin.

Gubernator Ilkovskiyning aytishicha, Xitoy shirkati ijaraga oladigan yerda 1000 ga yaqin mahalliy aholi vakillari hamda xitoyliklar uchun ish o‘rinlari yaratiladi.

Moskva Davlat xalqaro munosabatlar instituti - MGIMOning Xitoy bo‘yicha mutaxassisi Vladimir Korsunning aytishicha, Xitoy sarmoyasini jalb etishning birdan-bir yo‘li yerni ijaraga berishdir.

Unga ko‘ra, xitoyliklar o‘z sarmoyalari uchun xavfsizlik va hukumatning kafolatlari, maxsus sharoitlar, jumladan, ma‘lum bir hudud berilishini istashadi.

2014 yilning may oyida Rossiya energiyaga tashna Xitoy bilan 30 yilga mo‘ljallangan 400 milliard dollarlik gaz shartnomasini imzolagan.

G‘arbiy Sibirdan Xitoy shimoli-g‘arbiga uzanadigan ikkinchi gaz quvuri haqidagi memorandum ham imzolandi.

G‘arb Ukrainadagi urush sabab Rossiyaga qarshi iqtisodiy jazo choralarini kiritishi ortidan Moskva sarmoyalar uchun sharqqa yuz burdi.

Prezident Vladimir Putin o‘tgan bir yil ichida Xitoy Prezidenti Si Tszinьpin bilan kamida besh marta uchrashdi.

Har ikki rahbar bir-birlarini "yaxshi do‘stlar" deya ta‘riflashadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio