O‘zbekiston Prezidenti ham "kuzatuv" ostidami?

Image copyright THINKSTOCK

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Milliy Xavfsizlik Agentligi 2006 va 2012 yillar o‘rtasida Frantsiyaning uch prezidentini ketma-ket yashirin ravishda kuzatgan.

"Wikileaks" sayti maxfiy hisobotlar va agentlikdan olingan texnik hujjatlarga asoslanib bu borada ma‘lumot tarqatdi.

Ularda, xususan, Frantsiya prezidenti Fransua Ollandning telefon suhbatlari yashirincha tinglangani aytiladi. AQSh Milliy Xavfsizlik Agentligi bu da‘volarni rad qildi.

Frantsiya Tashqi Ishlar vazirligi mamlakatning uch prezidenti ustidan josuslik qilingani haqidagi da‘volar ortidan Amerika elchisini suhbat uchun chaqirgan.

Prezident Olland "Mamlakat xavfsizligiga tahdidlarga toqat qilinmasligi"ni aytib, shoshilinch majlis chaqirgan.

Avvalroq, AQSh Olmoniya kantsleri Angela Merkel, shuningdek, Meksika va Braziliya rahbarlari ustidan ham josuslik qilishda ayblangandi.

Qo‘shma Shtatlar hatto o‘z ittifoqdoshlari sifatida ko‘rilgan mamlakatlar rahbarlari ustidan josuslik qilishi aytilar ekan, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston rahbari ham xuddi shunday "nazorat" ostida ekani ehtimoli qanchalar?

Image copyright AP

Toshkentdagi Strategik Tadqiqotlar Instituti sobiq direktori Rafik Sayfullin BBC bilan suhbatda O‘zbekiston hukumatini ham yashirincha "tinglash"larini istisno qilmaydi.

Rafiq Sayfullin: Chunki, Amerika maxfiy xizmatlarining texnik imkoniyatlari juda keng. Ular xohlagan odamini yo xohlagan narsasini tinglashlari mumkin. Ular bu imkoniyatlaridan foydalanib, O‘zbekistondagi jarayonlarni kuzatishi, o‘rganishi va nazorat qilishlariga shubha qilmayman. Siyosiy o‘yinlar o‘zi bu iflos narsa va uning o‘ziga yarasha qonunlari bor. Bu albatta hech qanday davlat rahbariga yoqmaydi va ikki tomonlama munosabatlarda salbiy manzara paydo bo‘ladi.

BBC: Amerika kuzatuvlaridan himoyalanish shunchalar qiyinmi? Ya‘ni, agar "Wikileaks" fosh qilmasa, Frantsiya prezidenti bilmay qolaverarmidi uni kuzatishayotganini?

Rafiq Sayfullin: Bilasizmi, "Wikileaks"dagi ma‘lumotlar bu chop qilingan ma‘lumot. Bu hamma vaqt bo‘ladi, Sovuq Urush davrida ham bo‘lgan, buni hamma bilgan.

BBC: Lekin Sovuq Urush paytida bu kabi kuzatuvlar tez-tez fosh qilinardi va ayg‘oqchilar qo‘lga olinardi.

Rafiq Sayfullin: Butun dunyodagi yaxshi tayyorlangan maxfiy xizmatlar, xususan O‘zbekistonniki ham bu kabi kuzatuvlar bo‘layotganini yaxshi biladilar. Oxirgi vaziyatga kelsak, bu yerda kimgadir xalqaro mojaro kerak bo‘lib qolgan. Aslida men bu ma‘lumotlarni "Wikileaks"ning o‘zi fosh qilganiga ishonmayman. Aslida buni maxfiy xizmatlarning o‘zi qilgan bo‘lishi mumkin va bu ham shu o‘yin qoidasiga kiradi. Ya‘ni, bu bilan amerikaliklarga "Siz jahonga xo‘jayin emassiz" deya yana bir bor ishora berib qo‘yishmoqchi. Amerikaliklarning ham maxfiy amallari kuzatilishini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi.

BBC: O‘zbekiston rahbari ham biladimi uni kuzatishlarini?

Rafiq Sayfullin: O‘zbekiston bu mintaqaning markaziy mamlakati. Bizning Prezident Karimovni ham kimdir Amerikada o‘tirib kuzatishi borasida iflos ma‘lumotlar chop etilsa, bu juda yoqimsiz ish bo‘lgan bo‘lardi. Uning o‘ziga ham bu yoqmasdi. Lekin, buning yuz berishini istisno qilib bo‘lmaydi. Yana aytaman, bu siyosiy o‘yinlarning qoidasi. Kimgadir siyosiy mojaroga bahona kerak bo‘lsa, yig‘ilgan ma‘lumotlarni chop qilib yuboradi.

BBC: Agar Markaziy Osiyo rahbarlarini oladigan bo‘lsak, ular orasida kelishmovchiliklar ko‘p. Karimov janoblari ham turli sabablarga ko‘ra ba‘zi qo‘shni rahbarlarni yoqtirmaydi. Masalan, O‘zbekiston maxfiy xizmatlari Qirg‘iziston yo Tojikiston prezidentlari ustidan kuzatuv olib boradimi?

Rafiq Sayfullin: Agar men sizga "yo‘q" desam, menga ishonmaysiz. Gap bu yerda aynan qanday kuzatuv olib borilishida. Qo‘shnilarimizdagi vaziyatlar diqqat bilan o‘rganiladi, chunki axir bilishimiz kerak qo‘shnining uyida nima bo‘layotganini, uning uyida masalan yong‘in yo suvsizlik yuz berib qolmasligi uchun. Ular ham O‘zbekistonni kuzatishadi. Bu normal tajriba. Siyosiy kelishmovchilik bor, albatta, lekin ularning chuqurlashib ketmasligiga yo‘l bermaslik muhimdir. Masalan, Amerika bilan O‘zbekiston maxfiy xizmatlarining ish yuritishidagi farq shuki, amerikaliklar nazorat qilish va boshqarish maqsadida ma‘lumot yig‘ishadi, O‘zbekiston esa bot-bot yuzaga qalqib chiqadigan muammolarni yaxshiroq tushunish maqsadida kuzatadi. O‘zbekiston qo‘shni davlatlardagi vaziyatni boshqarishga urinmaydi.

BBC: Bu kuzatuvlardan himoyalanish mumkinmi? O‘zbekiston hukumatini ko‘plar yopiq deydi, masalan, Karimovning yaqin doirasi juda yopiq ish olib boradi. Bu yopiqlik o‘sha kuzatuvlarga qarshi himoyaning bir usulimi?

Rafiq Sayfullin: Qaysidir ma‘noda, ha. Aslida O‘zbekiston unchalar ham yopiq davlat emas. Har bir mamlakat, xususan O‘zbekistondek katta mamlakatning o‘ziga xos milliy manfaatlari bor va ularni hukumat mudofaa qilishga majbur. Texnik jihatdan, sizni maxfiy tinglashlaridan 100 foiz himoyalanishning iloji yo‘q. Chunki bu himoya u yo bu mamlakatning qanchalar texnik jihatdan qurollanganiga bog‘liq. O‘zbekistonda bu daraja ancha yuqori. Lekin, baribir bu kafolat emas. O‘zi, umuman aytganda, telefon suhbatlarni yoki boshqa sirli uchrashuvlarni tinglashning o‘zi yetarli emas. Aslida bularning bari qandaydir kompromat materiallarni yig‘ish maqsadida qilinadi. Kompromatlar bilan esa qaysidir rahbarni o‘z yo‘lingga solib olishing va unga ta‘sir o‘tkazishing mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio