Tojikiston: O‘zbeklar bilan muzokaralar "anchayin umidbaxsh"

Image copyright Tajik President Press Office
Image caption Qo‘shnilar

Tojikiston tarafi o‘zbek-tojik hukumatlararo komissiyasining uchinchi majlisini ijobiy baholagan.

23 iyun kuni Tojikiston Bosh vaziri o‘rinbosari Davlatali Saidov boshchiligidagi hay‘at Toshkentga borgandi.

Tojik hukumati manbalaridan birining "Aziya Plyus" internet nashriga bildirishicha, o‘zbekistonlik hamkasblari bilan muloqotlar samarali, amaliy va anchayin umidbaxsh kechgan.

Toshkentda Davlatali Saidov va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimovlar raisligida o‘tgan yig‘inda asosan ikki davlat orasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga e‘tibor qaratilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Tojikiston bilan munosabatlari sovuq bo‘lib kelgan, bunga asosiy sabab Tojikistonning ziddiyatli Rog‘un GESi qurilishini davom ettirish harakatlari sababligiga ishoniladi.

Bunga javoban rasmiy Toshkent qish mavsumida Tojikistonga gaz ta‘minotini to‘xtatib qo‘ygan va Tojikiston yuklarining chegaradan o‘tishiga to‘sqinlik qilgandi.

Sovuqchilik arimoqdami?

Toshkentdan siyosatshunos Farhod Tolipov ikki tomon o‘rtasida kechayotgan diplomatik uchrashuvlarning o‘zi munosabatlar ijobiy tomonga o‘zgarayotgani alomatidir.

"Avvalo, ta‘kidlash lozimki, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni tahlil qilganda, kuzatuvchilar va tahlilchilar "aloqalar past darajada, sovuqlashgan", deya baho beradilar. Shu nuqtai nazardan, hali bu ikki davlat bir-biriga yaqinlasha olmasligi borasida bashoratlar ham qilishadi. Ammo, men bu bashoratlarga qo‘shilmas edim. Chunki, yuzaki qaraganda shunday ko‘rinishi mumkin, ammo munosabatlar hayotda ancha murakkabroq, ko‘p qirrali, deb tushunish kerak. Qanchalik muammolar to‘planib kelgan bo‘lmasin, davlatlar rahbariyati, hukumatlararo aloqalar saqlanib turganligi, kechagiga o‘xshash uchrashuvlar muntazam ravishda bo‘lib turganligining o‘zi bir ijobiy fakt, deb bilaman... Ya‘ni, bu aloqalarni rivojlantirish uchun ikki o‘rtada siyosiy iroda borligidan dalolat beradi", deydi Farhod Tolipov.

Ammo, shunda ham, siyosatshunosga ko‘ra, hali ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar potetsiali to‘la ochilganicha yo‘q.

"Bugungi ahvol, ya‘ni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy ahvolning ahvoli kutilgandan ancha past darajada. Shu ikki davlatning potetsiali hali keng yoyilmagan, ochilmagan, deb o‘ylayman. Va hamkorlik juda keng olib borilishi mumkin, potetsial juda katta, aloqalarni hali ancha-ancha rivojlantirish mumkin... Va muz yorilib, erishni boshladi, deyishga asoslar bor", deydi u.

Viza tartibi

Image caption Chegaralar...

"Aziya Plyus" agentligining Tojikiston hukumatidagi manbadan iqtibos keltirishicha, yig‘inda ikki davlat o‘rtasidagi viza tartibi muhokama qilinmagan.

"Ikki tomon faqat savdo va iqtisodiy hamkorlikni tartibga solish hamda kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi. Viza tizimini bekor qilish siyosiy masaladir va 23 iyun kuni siyosiy mavzular borasida gapirilmadi", deb aytgan u.

Ammo, tojik hukumati manbasi viza muammosi ham vaqti soati bilan ijobiy hal qilinishiga ishonch bildirgan.

Toshkentdan siyosatshunos Farhod Tolipov ham bu masalada nekbin ekanini aytadi.

"Nafaqat tahliliy yoki ekspertlar darajasida, balki rasmiy darajada ham ikki tomonlama aviaaloqalarni qayta tiklash haqida e‘lon qilindi. Bu texnik sabablar bilan kechiktirilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo, shu xabarning chiqqani o‘zi ham amalda jiddiy qadamlar qo‘yilayotganini bildiradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston ham, Tojikiston ham viza tartibini yumshatish masalasini ko‘rib chiqishyapti, degan xabarlar ham chiqqandi. Mening o‘ylashimcha, shu viza tartibini soddalashtirish yoki agar kerak bo‘lsa, umuman, bekor qilish ham ko‘rib chiqilishi mumkin", deydi Farhod Tolipov.

Ayni paytda o‘zbek-tojik hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ini Dushanbeda oktyabr oxirlari va noyabr boshlarida o‘tkazilishiga kelishilgan. Unda chegara hududlaridagi bahsli nuqtalar masalasi mubohasa qilinishi kutiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio