Zepp Blatter: "Men iste‘fo berganim yo‘q"

Image copyright Reuters

79 yoshli Zepp Blatter bu haqda Shveytsariyaning "Blick" ro‘znomasiga bergan suhbatida chog‘ida aytgan.

"Men FIFA prezidentligidan iste‘fo berganim yo‘q", - degan u.

2 iyun kuni FIFA tarixidagi eng yirik korruptsion mojaro manzarasida qilgan bayonotidan barcha Zepp Blatter o‘zining 17 yillik boshqaruviga chek qo‘ydi, degan xayolda edi.

Ammo, "Blick" ro‘znomasining yozishicha, janob Blatter FIFA muzeyidagi bazm chog‘ida buning g‘irt teskarisini aytgan.

"Men iste‘fo berganim yo‘q. Faqat o‘zim va idoramni FIFA kongressi qo‘liga topshirdim", - deb aytgan u.

Bu esa, janob Blatter FIFA prezidentligi uchun saylovlarga yana o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin, degan fikrlarga yetaklagan.

Ammo shu yil may oyida Zepp Blatter beshinchi bor FIFA prezidenti etib saylangan haftaning o‘zida tashkilotdagi korruptsiya hollari bilan aloqadorlikda ikkita tergov jarayoni boshlangan.

Image copyright Reuters

Prezident etib saylanishidan to‘rt kun o‘tib esa, janob Blatter, "FIFA a‘zolarining vakolatini oldim. Ammo qolgan futbol olaminikini qo‘lga kiritmaganga o‘xshayman", - deya bayon qilgandi.

"Shu bois ham, men o‘z vakolatimni favqulodda saylov kongressi ixtiyoriga havola etishga qaror qildim. Saylovlargacha esa, men FIFA prezidenti sifatidagi faoliyatimni davom ettiraman", - deyarkan, "iste‘fo" yoki "iste‘foga chiqmoq" so‘zlarini qo‘llamagan.

Blatter janoblarining hozir Amerika tomonining ham tergovi ostida ekani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, aynan Amerika va Shveytsariyada kechayotgan qo‘shaloq tergov jarayoni sabab, FIFAning muvaqqat prezidenti futbol bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida Kanadada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati finaliga ham bora olmasligi mumkin.

Odatda, bu kabi turnirlarda g‘olib milliy terma jamoaga kubokni Zepp Blatter janoblarining o‘zi topshirib kelgan.

Ammo, hozircha, FIFA Kanadaga kim borishini rasman ma‘lum qilmagan.

"FIFA prezidenti bo‘ladimi yoki Bosh kotibi, ularning bo‘lajak safar rejalari, halicha, o‘z tasdig‘ini topmagan", - deb aytgan tashkilot so‘zchisi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq