Frantsiyada hujum: "Bir insonning boshi tanasidan judo qilingan"

Image copyright BBC World Service

Xabarlarga ko‘ra, hujum Lion shahri yaqinidagi gazni suyultiruvchi korxonada amalga oshirilgan.

Islomchilarning ishi, deb gumon qilinayotgan hujumda bir erkakning boshi tanasidan judo qilingan, kamida bir kishi yaralangan.

Xabarlarga ko‘ra, bir qancha kichik portlashlar ham yuz bergan.

Sen-Kanten-Fallave shahrida joylashgan korxonadagi manba bunga gaz to‘la kanisterlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Frantsiyalik mulozimlarga ko‘ra, maxsus politsiya kuchlari hujum bilan aloqadorlikda bir shaxsni qo‘lga ham olishgan.

Ammo, xabarlarda aytilishicha, hujumchilar ikki nafar bo‘lishgan.

Arabcha yozuvlar bitilgan bayroq o‘rnatilgan mashinada korxonaga bostirib kirishgan.

Air Products korxonasi Amerikaga tegishli bo‘lgani aytilmoqda.

Frantsiya ommaviy-axborot vositalarining xabar berishicha, boshidan judo qilingan tana yonida islomiy bayroq ham topilgan.

So‘nggi xabarlardan qurbonning korxona xodimi ekani anglashiladi.

Frantsiyalik mas‘ullarga ko‘ra, amalga oshirilgan hujum yuzasidan allaqachon tergov ishlari boshlangan.

Mas‘ullar ishning korxonaga hujum qilgan "bir guruh" shaxslarga qarshi olib borilayotganini aytishmoqda.

Hujum ortidan, Ovro‘po Ittifoqining yig‘inida bo‘lgan prezident Fransua Olland ham kechga qolmay Bryusseldan Frantsiyaga qaytmoqchi.

Ammo u yo‘lga chiqishdan oldin maxsus matbuot anjumani bergan.

Leon yaqinidagi hujumda bir kishi qurbon bo‘lib, ikki nafarining yaralanganini tasdiqlagan.

Qo‘lga olingan gumondorning shaxsi aniqlangani, hozir uning boshqa hamkorlari bo‘lganmi-yo‘qligi o‘rganilayotganini ham bildirgan.

Janob Olland hujumchilar ikki nafar bo‘lishganini aytarkan, ikkinchi shaxsning kim ekani tafsilotlarini ochiqlamagan.

Ammo, Frantsiya prezidentiga ko‘ra, bu - terrorchilik amali bo‘lgan.

Hujumchilar esa, korxonani portlatish maqsadida bo‘lishgan.

Image copyright BBC World Service

Tez orada Frantsiya Ichki ishlar vazirining hujum sathiga yetib borishi kutilmoqda.

Lion shahri yaqinidagi hujum esa, mahalliy vaqt bilan ertalabki 10:00 da amalga oshirilgan.

Mahalliy "Le Dauphine Libere" nashrining yozishicha, shu oy boshida mashinada bo‘lgan bir shaxsning korxona atrofida "o‘ralashib" yurgani kuzatilgan.

Ammo Frantsiya televizion kanallaridan birining xabar berishicha, hibsga olingan shaxsning yonida kimligini tasdiqlovchi biror bir hujjat bo‘lmagan.

O‘zi esa, aksilterror politsiya kuchlari vakillariga gapirishdan bosh tortgan.

"Frans-Press" axborot agentligiga ko‘ra, qurbonning boshidan shosha-pisha bitilgan arabcha yozuv ham topilgan.

Frantsiya Bosh vaziri Manuel Vals Lion atrofidagi barcha qaltis sathlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirishga buyruq bergan.

Bordo hokimi esa, o‘zining "Twitter" akkauntida yuz bergan hujumni qoralab chiqqan.

"Terrorchilik tahdidi yuqori ekani, Frantsiya fuqarolarini himoya qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ishga solishi lozimligi"ni aytgan.

So‘nggi hujum islomiy jangarilarning Parij atrofida uyushtirgan va 17 insonning umriga zomin bo‘lgan hujumlaridan olti oycha o‘tib kuzatilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq