Amerika O‘zbekistonda inson huquqlariga doir vaziyati yana tanqid qildi

Image copyright AFP
Image caption O‘zbekiston yana tanqid qilindi

AQSh Davlat departamentining dunyo davlatlarida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga doir yillik hisobotida O‘zbekistondagi holat yana tanqidga tutilgan.

O‘zbekistonning avtoritar bir mamlakat ekanini hisobot boshidayoq urg‘ulanar ekan, "Prezident Islom Karimov siyosiy hayotda yagona ustivor mavqeiga ega, hukumatning barcha sohalarida mutlaq nazoratga ega"ligi aytiladi.

Davlat departamenti shuningdek, O‘zbekistonda kechgan saylovlarda haqiqiy tanlovning yo‘qligini tanqid qiladi.

Qiynoqlar

Image caption O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoq keng qo‘llanishi sir emas

Inson huquqlariga doir abgor vaziyatning eng yorqin misoli o‘laroq xavfsizlik xizmatlari tomonidan mahbuslarni qiynoqqa solish holatlari keltirilgan.

Odil mahkama yo‘qligi, hukumatni saylovlar yo‘li bilan almashtirish imkoniyati berilmasligi, diniy erkinliklar cheklangani va diniy ozchiliklar vakillari, hamda barcha dindagilarga qarshi zo‘ravonlik va qamoqqa tashlash holatlari keng tarqalgani urg‘ulanadi.

Davlat departamenti shu jumladan, muddatsiz va uchrashuvsiz qamoqda ushlab turish, o‘ta abgor va ayrim paytlar hayotga tahdid soluvchi qamoqxona sharoitlariga ham e‘tibor qaratadi.

Matbuot, Andijon qirg‘ini va Gulnora Karimova

Image caption Prezidentning qizi ham uy qamog‘iga tashlanganmi?

Mamlakatda erkin matbuot yo‘qligi, fuqarolik jamiyatiga nisbatan o‘rnatilayotgan cheklovlar ham tilga olinar ekan, o‘zbekistonliklarning erkin harakatlanishiga to‘siqlar, hamda hukumat odamlarni majburiy mehnatga jalb qilinayotgani ham AQSh Davlat departamentining e‘tiboridan chetda qolmagan.

Majburiy bolalar mehnati ham hisobotda tilga olinadi.

Davlat departamentiga ko‘ra, hukumat mulozimlari korruptsiyadan xoli emas.

Hisobotda Andijon qirg‘ini ham tilga olingan.

O‘zbekiston ayni xunrezlik yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazilishiga hamon qarshilik qilib kelayotgani urg‘ulangan.

Davlat departamenti hisobotida yangi nom paydo bo‘lgan.

Bu prezident Islom Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovadir.

"Fevral oyida prezident Karimovning qizi Gulnora Karimova uy qamog‘iga tashlangani xabar qilindi. Sentyabr oyida esa O‘zbekistonda uy qamog‘i mahkama oldi tergov chog‘ida qonuniy deb e‘lon qilindi. Oradan bir necha hafta o‘tib esa, Bosh prokuratura Karimova xonimning uyushgan jinoyatchilikka aloqasi borligini tasdiqladi", deb yoziladi hisobotda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio