BBCga aytaman: Vabodan-da xavfli illat

Mahalliychilik - o‘zbekning qochib qutula olmagan qismatidir desam, mubolag‘a bo‘lmas. Ko‘z ochib dunyoga kelgan o‘zbekning bu muammo bilan to‘qnashmay iloji yo‘q. Afsuski, vabodan-da xavfli bo‘lgan ma‘naviy "kasallik"dir bu... Vabo ma‘lum muddat "yashab", sanoqli kishilarning vujudini yemirishi mumkin. Yomon illat esa, agar unga barham berilmasa, yillar, asrlar davomida necha-necha avlodlarning ongini va qalbini yemiradi...

Mahalliychilikning paydo bo‘lish alomatlari-yu, uning jamiyatga keltirgan mislsiz zararlari hamda tarixi ancha ilgariroqqa borib taqaladi. Zamonlar, davrlar, tafakkurlar evrilishiga, ta‘bir joiz bo‘lsa, ma‘naviy fasllar "ob-havo"siga qarab, qondagi, ruhiyatdagi bu "mikrob" ham goh xuruj qilib, goh susayganini, goho esa tinchlanganini kuzatish mumkin.

Aslida, davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganiga chorak asr bo‘lgan bir millatning zamonaviy, globallashayotgan dunyo ichida yashab turib ham hanuz bu eski illatdan qutula olmayotgani, mazkur ma‘naviy dardga barham berilishi o‘rniga, aksincha, uning rivojlanishiga turtki bo‘lib xizmat qilayotgan omillarning ko‘payib borayotganligi juda tashvishli va achinarli hol. Lekin, afsuski, chindan ham keyingi besh-o‘n yil ichida mahalliychilik avj olmoqda. Mahalliychilik kayfiyati ustun bo‘lgan kishilarga har qadamda duch kelish mumkin: mahallada, bog‘chada, maktabda, ko‘chada, bozorda, oliygohlarda, hatto davlat muassasalarida ham...

O‘z haq-huquqini talab qilib, direktor huzuriga kirgan bir radiojurnalistni "egib qo‘yish"ga qasd qilgan bosh muharrir: "Bo‘tta man xo‘jayinman, mani yuzimni bosib direktorga kiradiganlarga ko‘chasini ko‘rsatib qo‘yaman! Sanga o‘xshab poyezdga osilib kelganlarga har qadamda o‘z o‘rnini eslatib turish kerak! Ko‘z ochirtirmaslik kerak. Bo‘tga kelib odam bo‘lib qolgan ilonchalarni bittama-bitta boshini yanchib tashlash kerak!" – deya o‘shqirganlari, o‘sha xodimni yumma talaganlarini hamkasblar uzoq vaqt og‘rinib so‘zlab yurganlari esimda... Bu johilona so‘zlar omi bir kishining emas, odamlar madaniyat o‘chog‘i deb biladigan katta dargohda mas‘ul lavozimda o‘tirgan oliy ma‘lumotli bir ayolning og‘zidan chiqayotganligi achinarli edi.

Albatta, ma‘naviyati yuksak, keng dunyoqarash sohibi bo‘lgan, iymon-e‘tiqodi mustahkam insonlar xunuk vaziyatlarni xushxulqlik ila bartaraf etib, suhbatdoshiga-da go‘zal tushunchalarni hadya eta oladilar. Lekin hamma gap qarshingdagi insonning to‘g‘ri maslahatni qay darajada qabul qila olishida...

Kunlarning birida shundoqqina pod‘ezdimiz yonida chamasi, 10-12 yoshlardagi yetti-sakkiz nafar bola bir tengdoshini o‘rtaga olib mazaxlar, haqoratlar, turtkilayotlagandi. Sal nariroqda ko‘p qavatli uylarning hovlisini supurib yurgan keksa yoshlardagi farrosh ayol supurgisini ohista yerga qo‘yib, bolalarning yoniga keldi va so‘radi: "Xo‘sh, o‘rtog‘iylani naga xafa qivossila?" Bolalarning mahmadanarog‘i bijirlay ketdi: "Manavi bola bizani maktabimizda o‘qimasin! Chunki u qishlaqi. Ketsin shahrimizdan!".

Farrosh ayol bir zum o‘yga cho‘mib turdi-da, so‘ng dedi: "Sizlar bir yurtning, bir millatning bolasi bo‘la turib, o‘z do‘stingizni ranjitishingiz uyat. Vaholanki, Toshkentimiz bir vaqtlar hatto o‘z yovlarining bolasini ham bag‘riga olgani uchun "non shahri", "mehru muruvvat shahri" deya tillarda doston bo‘lgan... Qishloqliklarning yetishtirgan mevalari

yaxshi-yu, o‘zlari yomonmi? Kimning qay manzilda tug‘ilishi va qatta yashashini Alloh taqdiriga bitib qo‘yadi, rizqu nasibasini ham O‘zi beradi. Shunday ekan, bir-biringizni xafa qilishga ne hojat?... Qani endi o‘rtog‘iyladan kechirim so‘rayla-chi!

Bolalar o‘z ishlaridan uyalib, uzrhoxlik qildilar...

Iymon va axloq borasida go‘zal saboq olgan oddiygina farrosh ayolning tarbiya usulini ko‘rib, rahmatli Onamning: "Oliygoh talabalarning faqat ma‘lum darajadagi bilimini tasdiqlab, ish yuritishi, jamiyatga foyda keltirishi uchun "Diplom" beradi, xolos. Bilim bilan birga aql-farosat, go‘zal axloq, keng fe‘l, iymon e‘tiqod esa Hayot dorilfununida o‘qitiladi, shakllanadi va sinovdan o‘tadi", - deganlari yodimga tushdi...

...Ta‘kidlash joizki, mahalliychilik illati faqat poytaxtdagi ba‘zi toifalarninggina emas, viloyatlardagi aholi ayrim qatlamining ham "yara"siga aylanib ulgurgan. Masalan, Toshkentga turli viloyatlardan kelib ta‘lim olayotgan talabalar, poytaxtda yashab, ishlayotgan ba‘zi odamlar orasida ham mahalliychilik kayfiyatidagi kishilar borki, ular FAN, SAM SURQASh kabi guruhlarga bo‘linib, ba‘zan lavozim, shon-shuhrat talashish ortidan xusumatlashib, bir-birlarining "tagiga suv quyish"lari, goho zimdan goho ochiq-oshkor ayirmachilik qilishlarini kuzatish mumkin. Bundan tashqari, aksar viloyatlarda lahja, shevasiga qarab tumanlarga, tumanlarda esa qishloqlarga ajratish, ba‘zi qishloqlarda qadimiy urug‘-qabilalarni surishtirish, tabaqalanish hanuz uchrab turadi. BUYuK KELAJAKni va‘da qilayotgan ayrim "jilovbardor"lar esa, xalqimiz orasidagi bunday xavfli parchalanishga barham berish o‘rniga, aksincha, bu "mayda"lanish va "mayda"lashishlardan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanib, moddiy boylikka bo‘lgan o‘chliklarini namoyon qilayaptilar, xolos. Bu, albatta, afsuslanarli hol...

Ilm susaygan joyda johillik kuchayadi. Johillik turfa illatlar, jinoyatlarga doya bo‘ladi. Bugun mamlakatning korruptsiya botqog‘iga obdon botishiga, har sohada soxtakorlik tufayli ishlar ortga qarab ketayotganligiga ayni shu mahalliychilik atalmish ko‘hna illat jiddiy sabab bo‘layotir.

...Har bir xalq o‘z hayotiga o‘zi mas‘ul. Har bir millatning yutug‘i yo fojeasi o‘z hatti-harakati, fe‘li-tabiati, tanlagan yo‘li, tutgan pozitsiyasiga bog‘liq. Asrlardan buyon bir millat o‘laroq bir Vatanda yashayotgan xalq "Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar" degan dono naqliga amal qilmay, mahalliychilik atalmish bir illat pichog‘i bilan o‘zini o‘zi bo‘laklab, parchalashiga loqayd qarash mutlaqo mumkin emas. VATAN ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib, bir mushtdek birlashish, dunyoning turfa tebranishlaridan beshikast, omon qolish, jahonning ilg‘or mamlakatlari safiga kirish chora-tadbirlari xususida jiddiy o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimikin?...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq