Belarusda prezidentlik saylovlari 11 oktyabrga belgilandi

Image copyright AFP
Image caption Lukashenko Belarusni 20 yildan buyon idora qiladi

Belarus parlamenti navbatdagi prezidentlik saylovlarini shu yilning 11 oktyabriga belgilagan.

Saylovlar avval rejalanganidan bir oy avval bo‘lib o‘tadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, saylov natijalari oldindan ma‘lum-Aleksandr Lukashenko beshinchi muddatga saylanadi.

60 yoshli Lukashenko Belarusni 20 yildan buyon qattiqqo‘llik bilan boshqarib keladi.

Lukashenko hokimiyatga kelganidan buyon Belarusdagi bironta ham saylov erkin va demokratik deb tan olinmagan.

Moskvaning an‘anaviy ittifoqchisi bo‘lgan janob Lukashenko so‘nggi paytlarda g‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash tomon muhim qadamlarni qo‘ygan.

Xususan, Ukrainadagi inqiroz manzarasida Belarus rahbarining tinchlikparvarlik harakatlari Lukashenkoni "Ovro‘poning so‘nggi diktatori" sifatida ko‘radigan g‘arbda ham unga nisbatan munosabatning bir qadar yumshashiga sabab bo‘lgani kuzatiladi.

Dushanba kuni Tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey Belarus Ovro‘po Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar bilan aloqalarni rivojlantirish istagida ekanini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus g‘arb uchun erkin saylovlarning qanchalik ahamiyatli ekanini yaxshi tushunadi va kelayotgan prezidentlik saylovlarining shaffof va demokratik o‘tishi uchun barcha choralarni ko‘radi.

Yagona nomzod

Belarus parlamentining qarori muxolifat partiyalari orasida yagona nomzodni ilgari surish masalasida munozaralarni avj oldirgan.

2010 yilda Lukashenko to‘rtinchi muddatga prezident etib saylanishi ortidan poytaxt Minskda ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketgan.

Politsiya yuzlab namoyishchilar bilan birga saylovlarda Lukashenkoga raqib bo‘lgan 9 nomzoddan 7 nafarini ham hibsga olgan.

Ulardan biri - Nikolay Statkevich hanuz qamoqda qolmoqda.

Ozodlikka chiqarilgan boshqa bir muxolifat nomzodi Vladimir Neklyayev muxolifatni qamoqdagi sobiq nomzod atrofida birlashishga chaqirgan.

Inson haqlari himoyachisi Lyudmila Gryaznovaning BBCga aytishicha, qo‘shni Ukrainadagi urush Lukashenkoga norozilik maydonlarisiz qayta saylanishni kafolatlaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio