Yunon inqirozi: Bosh vazir iste‘fo berishi mumkin

Image copyright AFP
Image caption Tsipras yunonlardan kreditorlarning takliflarini rad qilishni so‘radi

Yunoniston Bosh vaziri Aleksis Tsipras yakshanba kuni qarz inqirozi bo‘yicha o‘tadigan referendum natijalari ortidan iste‘foga chiqishini aytib ogohlantirdi.

Janob Tsipras Ovro‘po Ittifoqi taklif etayotgan choralarga yunon xalqi "yo‘q" deb javob bersa, yaxshiroq yechim topilishiga yo‘l ochilishini aytdi.

Aksincha, u byudjet xarajatlarini yanada qisqartirish uchun lavozimda qolmasligini bildirdi.

Yunonistonni qutqarish yo‘lidagi Ovro‘po Ittifoqi choralari seshanba kuni nihoyasiga yetadi.

Ayni kunda Yunoniston Xalqaro valyuta jamg‘armasiga 1.6 milliard yevro qarzini qaytarishi kerak.

Qarz Vashington vaqti bilan soat 18:00da qaytarilishi kerak.

Muddat yaqinlashib kelar ekan, ba‘zi xabarlarga ko‘ra, dushanba oqshomida kreditorlar Yunonistonga oxirgi taklif bilan chiqqanlar.

Ovro‘po Ittifoqi rahbarlarining ogohlantirishicha, agar Yunoniston kreditorlarning takliflarini rad qilsa, u Yevro hududidan chiqib ketishi mumkin.

Janob Tsipras o‘z mamlakati Yevro hududidan chiqarilishini istamayapti.

O‘tgan hafta Yunoniston hukumati va kreditorlar o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolishi ortidan Yunonistondagi banklar yopiqligicha qolmoqda.

Dushanba oqshomida davlat televideniyesi orqali chiqish qilar ekan, janob Tsipras yunonlardan kreditorlarning takliflarini rad qilishni so‘radi.

Uning aytishicha, bu raddiya yunonlarga muzokaralar stoliga "kuchliroq qurollar" bilan qaytishga imkon beradi.

O‘n minglab yunonlar dushanba oqshomida yunon parlamenti tashqarisida yig‘ilib, hukumatga o‘z dastaklarini izhor qildilar.

Seshanba kuni esa hukumatga qarshi namoyishchilar ko‘chalarga chiqishi mo‘ljallangan.

Yevrohududning ba‘zi rahbarlari, jumladan Italiya bosh vaziri va Frantsiya prezidenti amalda yunonlar kelgusi yakshanba kuni Yevrohududda qolish yo qolmaslikni hal qilishlaridan xavotirlarini izhor qilishdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio