AQSh: VimpelCom va MTS "Prezident Karimovning yaqin odamiga pora bergan"

Image copyright
Image caption AQSh Adliya vazirligi Vimpelcom va MTS ni Prezident Karimovning "yaqin odami"ga pora berishda ayblaydi

AQSh Adliya vazirligi O‘zbekiston telekommunikatsiya tizimidagi korruptsiya tergovi doirasida Rossiyaning ikki telekom shirkati mablag‘larini hibs qilishni so‘ragan.

Bu haqda Bloomberg agentligi dushanba kuni Nyu-Yorkdagi Manxetten federal mahkamasiga kiritilgan da‘vo arizasidan iqtibos keltirgan.

Unda aytilishicha, Amerika hukumati VimpelSom va MTS shirkatlarini O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning "yaqin odami"ga pora berishda ayblaydi.

AQSh Adliya vazirligining da‘vo qilishicha, bu ikki Rossiya shirkatlari ayni maqsadda soxta shirkatlar tarmog‘ini tuzishgan va qog‘ozda konsalting xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar imzolaganlar.

Qo‘shma Shtatlar hibs qilinishini talab etayotgan 300 million miqdoridagi bu pul-mablag‘lar, aytilishicha, Bank of New York Mellon Corp. ning Irlandiya, Lyuksemburg va Belgiyadagi hisoblarida saqlanadi.

Shu tariqa O‘zbekiston Prezidenti oilasining nomi aralashgan va kamida uch Ovro‘po davlatida olib borilayotgan yirik xalqaro korruptsiya tergoviga Qo‘shma Shtatlar ham qo‘shilgan.

"A" ismli mulozim

AQSh Adliya vazirligi kiritgan da‘vo arizasida Prezident Karimovning qarindoshi faqat "hukumat mulozimi A" nomi ostida kechadi.

Arizaga ko‘ra, ushbu shaxs boshqa kishilar nomiga rasmiylashtirilgan Takilant, Swisdorn va Expoline shirkatlarining haqiqiy egasi hisoblanadi.

Image caption Takilant ning qog‘ozdagi egasi bo‘lgan Gayane Avakyan O‘zbekistonda 6 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda

Amerika tomoniga ko‘ra, VimpelSom va MTS shirkatlari O‘zbekistonning telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun "hukumat mulozimi A"ga tegishli shirkatlar bilan ko‘p million dollarlik shartnoma imzolashlari kerakligini yaxshi anglab yetganlar.

Rossiyaning o‘zbek telekom bozoridagi ikki yirik shirkatiga nisbatan ilgari surilayotgan korruptsiya ayblovlari Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati yuz tutgan ayblovlar bilan hamohang.

TeliaSonera O‘zbekiston hukumatidan 3 G va 4G litsenziyalaridan foydalanish huquqini sotib olish uchun Prezident Karimov oilasiga yaqin shaxslarga yuzlab million dollar pora berganlikda ayblanadi.

Shvetsiyadagi tekshiruvlar TeliaSonera rahbari Larsa Nyuberg va vator boshqaruvchilarning iste‘fosiga olib kelgan.

Ushbu tergov doirasida Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin qator shaxslarga ayblov e‘lon qilingan va Gulnora Karimovaning Frantsiya va Shveytsariyadagi uylariga reydlar uyushtirilgan.

Shvetsiyalik jurnalist Ola Vesterbergning aytishicha, "Teliasonera" ishi bo‘yicha tekshiruv jarayoni shu yil oxirlarida nihoyasiga yetishi kutilmoqda.

Ayni paytda Shvetsiyada sirtdan ayblov e‘lon qilingan qator O‘zbekiston fuqarolari hozirning o‘zida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi olib borgan jinoyat ishi bo‘yicha vatanlarida uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilgan.

Korruptsiya mojarosi markazida bo‘lgan Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova esa Toshkentda uy qamog‘ida deb ishoniladi.

"O‘zbek ishi"

Image caption MTS 2014 yil oxirida O‘zbekistonga qaytgan

VimpelSom shirkati AQShdagi tekshiruvlardan xabardor ekanligini aytgan, ammo jarayonning borishi haqida sharh berishdan bosh tortgan.

"Biz tekshiruv jarayonida hokimiyat idoralari bilan to‘la hamkorlik qilishda davom etamiz", - deb aytgan VimpelSom vakili Artem Minayev "Interfaks" agentligi bilan suhbatda.

"O‘zbek ishi" bilan hozirda AQSh Adliya vazirligidan tashqari, VimpelSom shirkatining bosh qarorgohi joylashgan Gollandiya, Shvetsiya, Shveytsariya huquq-tartibot idoralari, shuningdek, AQShning Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi shug‘ullanayotgani aytiladi.

MTS hozircha AQShdagi mahkama da‘vosi yuzasidan sharh bermagan.

2012 yilda MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi bo‘lgan Uzdunrobita soliqdan qochish va noqonuniy daromadlarni o‘zlashtirishda ayblangandi.

Uzdunrobitaning qator rahbarlari qamoq jazolariga mahkum etilib, mol-mulki musodara qilingan.

MTS ning bosh hissadori bo‘lgan AFK "Sistema" shirkati rahbariyati o‘zbek tomonining ayblovlarini rad etgan va Toshkent shahar xo‘jalik sudining qarori ustidan Nyu-Yorkdagi xalqaro mahkamaga murojaat etgan.

Ammo pirovardida MTS O‘zbekiston hukumati bilan murosa bitimini imzolagan va 2014 yil dekabrida UMS nomi ostida O‘zbekiston bozoriga qaytgan.

MTS ning O‘zbekistonga qaytishi Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning biznes hamkorlari bo‘lgan Gayane Avakyan va Rustam Madumarovlarning uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston mahkamasi ularni iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, odam o‘g‘irlash va uyushgan jinoiy guruh tuzishda ayblagan.

Forbs nashri MTS O‘zbekiston bozorida o‘zi duch kelgan muammolarda Gulnora Karimovani ayblashi haqida yozgan.

Avvalroq Ovro‘poda e‘lon qilingan hisobotda Gulnora Karimova O‘zbekistonning serdaromad telekommunikatsiya bozorida katta ulush va ta‘sirga ega bo‘lgani iddao qilingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio