"Mahalliychilik yana kuchayishiga og‘ir iqtisodiy ahvol sabab"

Internet ijtimoiy tarmoqlarini kuzatib shunday xulosaga kelish mumkinki, O‘zbekistonda mahalliychilik kuchaymoqda.

Buni "Toshkent toshkentliklar uchun" degan chaqiriqlar yuzaga kelganida ham ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda 1960-, 1970- va 1980-yillarda mahalliychilik illati yuzaga kelganini ko‘pchilik yaxshi biladi.

Turli viloyatlardan Toshkentga ta‘lim olish kelgan talaba yoshlar o‘rtasida "SurQash"(Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari), "FAN"(Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari), "SamBux"(Samarqand va Buxoro viloyatlari) singari be‘mani nomlar paydo bo‘lgan va yoshlar o‘rtasida guruhiga qarab bo‘linish, yoqtirmaslik holatlari yuzaga kelgan.

O‘sha guruhlar o‘rtasidagi mushtlashuvlar fojeali oqibatlarga ham olib kelgan.

1980-yillar oxirlarida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligini istovchi insonlar norasmiy demokratik guruhlarga birlashdilar va jurnalist Narzullo Oxunjonov aytishicha, insonlardagi o‘z vatanini hur, erkin ko‘rish istagi ana o‘sha mahalliychilik yo‘qolishiga olib keldi.

Ammo mamlakat ichkarisida yashaydigan va chetdagi o‘zbekistonliklar fikricha, oxirgi yillarda chindan ham bu salbiy illat tobora ko‘payayotgani xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Buning asosiy sabablaridan biri - O‘zbek hukumatining iqtisodiy siyosatida.

Insonlarni ish bilan ta‘minlagan o‘nlab korxonalar bankrot bo‘lib ketdi, chet elliklar sarmoyalari bilan ochilgan qo‘shma korxonalar ta‘magir to‘ralarning zug‘umlariga chiday olmasdan yopildilar.

Hukumat dehqonlarga erkinlikni berishni istamaganidan paxta va don yetishtirish fermer uchun manfaatli emas.

Millionlab o‘zbekistonlik Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Ovro‘po, Arab mamlakatlari va Amerikaga chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Harvard universiteti olimasi Lora Adams O‘zbekistondagi iqtisodni yuritish usuli na sotsialistik va na kapitalistik ekani, oddiy odamlarni ezish ya‘ni ekspluatatsiya qilishga asoslanganini aytadi.

Olimaning qayd etishicha, O‘zbekistondagi kuch-qudratga ega hukmdorlar shu asno o‘zlari uchun misli ko‘rilmagan mol-mulk to‘plashmoqda, ammo mamlakat boyliklari aholi qatlamlari bo‘ylab odil taqsimlanayotgani yo‘q.

Oqibatda daromad topish istagidagi odamlar o‘zlarining qishloq, shaharlarini tashlab yirik shaharlarga yo‘l olmoqdalar.

Ayrim yirik shahar yashovchilarida esa "kelgindilar bizning nonimizni tortib olayapti" degan fikr paydo bo‘lgan.

O‘zbekistonda urchiyotgan mahalliychilik haqida shoira Shamsiya va jurnalist Narzullo Oxunjonov bilan suhbat.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq