Qozog‘iston o‘z fuqarosi o‘lganidan keskin norozilik bildirdi

O‘zbek-Qozoq chegarasida O‘zbek chegarachilari qozog‘istonlik baliqchini otib o‘ldirgani yuzasidan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi qattiq norozilik bildirilgan bayonot e‘lon qilgan.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan.

Bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston chegarachilari 28 iyun tunida Sirdaryoda baliq tutayotgan ikki qozog‘istonlikka o‘q otgan.

O‘qotar quroldan olgan jarohati tufayli Qozog‘iston fuqarosi Valixon Axmetov vafot etgan.

"Shu munosabat bilan biz keskin norozilik bildiramiz va O‘zbekiston chegara xizmatining o‘qotar qurolni noqonuniy qo‘llashi, buning oqibatida tinch zamonda Qozog‘iston Respublikasi fuqarolarining halok bo‘lishi mamlakatarimiz o‘rtasida imzolangan Abadiy do‘stlik shartnomasi va Strategik sheriklik haqidagi bitimga asoslangan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhiga zidddir, shuningdek, Chegarachi vakillar faoliyat haqidagi hukumatlararo kelishuv me‘yorlariga ham qarshidir", deyiladi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Qozog‘iston tomoni ehtimoliy chegara buzuvchilar nishonga olinib o‘qotar qurol qo‘llanishini nomunosib va qabul qilib bo‘lmas chora deb ataydi, O‘zbek tarafidan o‘z fuqarosi o‘limi yuzasidan to‘la tushuntirish talab qilgan.

O‘zbekiston chegarachilari ushbu hodisani chegarani buzishning oldini olish deb taqdim qilganlar.

O‘zbekiston Davlat Chegara qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbek-Qozoq chegarasini buzib o‘tishga harakat qilgan ikki kishiga o‘q otilgan, ulardan biri halok bo‘lgan.

O‘zbek chegarachilari 29 iyun kuni O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida yuz bergan hodisada Qirg‘iz chegarachisini ayblagan.

Mast Qirg‘iz chegarachisi O‘zbek chegarachilarini so‘kib, hech bir sababsiz Kalashnikov avtomatidan o‘q uzganini, natijada O‘zbek chegarachilaridan biri jarohat olgani xabar qilingan.

Bundan oldin Qirg‘iz chegara xizmati ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasida otishma yuz bergani haqida xabar tarqatgan edi.

Aydarken chegara xizmati bo‘linmasi "Kara-Shoro" chegara nazorat nuqtasida Qirg‘iziston chegarachilari davlat chegarasi chizig‘ida bo‘lgan O‘zbekiston chegarachilariga tanbeh bergani, bunga javoban esa O‘zbek chegarachilari birinchi bo‘lib o‘qotar qurolni ishga solganlarini aytgan Qirg‘iziston Chegara Xizmati matbuot bo‘limi.

Qirg‘iz chegarachilariga ko‘ra, O‘zbekiston chegara qo‘riqchilari Qirg‘iz harbiylarining davlat chegarasiga daxl qilmaslik va chegara chizig‘idan masofa saqlash borasidagi talabiga javoban o‘q uzishgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio