Prezident Karimov yangi aksilterror mulozimini tayinladi

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yangi vazir o‘rinbosari tayinlagan.

IIV rasmiy veb sahifasida e‘lon qilingan xabarda aytilishicha, Tursunpo‘lat Toshpo‘latovni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni 29 iyunь kuni imzolangan.

Sobiq vazir o‘rinbosari Davron Nazarmuhammedov avvalroq Prezidentning davlat maslahatchisi etib tayinlangan edi.

Xabarlarga ko‘ra, Tursunpo‘lat Toshpo‘latov bundan avval poytaxt militsiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Terrorizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining mamlakatdagi diniy va siyosiy o‘zgacha fikrlovchilarni ta‘qib qiluvchi va qiynoqlar uchun mas‘ul tuzilmasi sifatida ko‘riladi.

Siyosiy faollar va inson haqlari himoyachilari boshqarma xodimlarining o‘zlariga nisbatan noqonuniy hatti-harakatlaridan shikoyat qilishgan.

Poraxo‘r xodimlar

O‘zbekiston IIVsi mamlakat prokuraturasi va boshqa kuch tizimlari bilan bir qatorda eng korruptsiyalashgan tizimlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston hukumati shu kunlarda BMTning Jenevadagi Inson Haqlari Qo‘mitasiga taqdim etgan hisobotda aytilishicha, 2014 yilda mamlakat huquq-tartibot idoralarining 451 nafar xodimlari poraxo‘rlik, mansab vakolatlarini suiste‘mol qilish va boshqa jinoyatlarda ayblanib, jazoga tortilgan. O‘zbekiston hukumatiga yaqin 12news.uz nashrining hisobotdan iqtibos keltirishicha, ularning aksariyati - 285 nafari IIV xodimlaridir.

Shuningdek, Bosh prokuraturaning 30 nafar, Adliya vazirligining 28, MXX ning 1 nafar, Davlat soliq qo‘mitasining 49, Bojxona qo‘mitasining 38 nafar xodimlari jazoga tortilgan.

Rasmiy hisobotda xodimlardan birining qiynoq qo‘llashda aybdor deb topilgani aytiladi.

Ularning 328 nafariga qamoq jazosi berilgani ta‘kidlangan.

8-9 iyul kunlari BMTning Jenevadagi Inson Haqlari Qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatining mamlakatdagi inson haqlarining ahvoliga doir navbatdagi hisobotini tinglaydi.

Inson haqlari qo‘mitasidagi manba‘ning Bi-bi-siga bildirishicha, o‘zbek hukumat hay‘atiga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Islom Jasimov rahbarlik qiladi.

O‘tgan yillarda BMTning inson haqlari qo‘mitasidagi muhokamalarda hukumat hay‘atiga O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov boshchilik qilib kelgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio