Uyg‘urlar deb Turkiya-Xitoy munosabatlari sovuqlashdi

Image copyright AFP
Image caption Xitoy bayroqlari yoqildi

Xitoy bayroqlari yoqildi, restoranlariga hujum qilindi. Xitoylik degan yanglish taxmin bilan ba‘zi sayyohlar musht yeb qolishdi. Butun Turkiya bo‘ylab aksilxitoy norozilik chiqishlari kuzatildi.

So‘nggi 10 kun davomida mamlakatda Xitoyga qarshi kayfiyatlar kuchaydi.

Etnik kelib chiqishi bir bo‘lgan uyg‘urlar va turk musulmonlarini yaqin madaniy va diniy rishtalar bog‘laydi. Uyg‘urlar aksari esa, Xitoy g‘arbidagi uzoq Shinjon viloyatida istiqomat qiladilar.

Noroziliklar Xitoy hukumati muqaddas Ramazon oyi uyg‘urlarga ro‘za tutishni taqiqlagani haqidagi xabarlar ortidan boshlandi.

Ma‘lumki, bu oy dunyo bo‘ylab musulmonlar kun yorug‘ida yeb-ichishdan tiyiladilar.

"Shinjon mintaqasidagi uyg‘ur turklariga ro‘za tutish va boshqa diniy farz amallarini bajarish taqiqlangani borasidagi xabarlar xalqimizni qayg‘uga soldi", deyiladi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi o‘tgan hafta chiqargan bayonotda.

Bunga javoban, Xitoy hukumati mamlakatda musulmonlar diniy e‘tiqodlari to‘la hurmat qilinishi va Ramazon oyi Shinjonda diniy amallar man qilingani borasidagi xabarlar xaqiqatga mos emasligi, bu G‘arb matbuoti tomonidan bo‘rttirilganini aytib chiqdi.

"Biron bir davlat organi, jamoat tashkiloti va yo biron bir shaxs fuqarolarni dinga va yo dinsizlikka majburlay olmaydi. Ular dindorlar yoki dinsizlarni ajratib tahqirlamaydilar ham", deydi Xitoy tarafi.

Restoranga hujum

Jihan Yavuzning Istanbuldagi xitoycha restorani o‘tgan hafta norozi odamlar hujumiga uchradi.

"Odamlar bu yerga kelishdan qo‘rqib qolishdi. Yana hujum bo‘lishidan hadiksirashyapti", deydi u.

"Agar odamlar Xitoy hukumatiga qarshi norozilik bildirishni xohlashsa, elchixona qarshisida namoyish qilishsin. Norozilik bahonasida zo‘ravonlik qilish to‘g‘ri emas", deya qo‘shimcha qiladi Yavuz janoblari.

O‘tgan shanba Istanbulda Millatchilik Harakati partiyasi (MHP)ning yoshlar qanoti - "Bo‘zqurtlar" ("Kulrang bo‘rilar") shaharda yurish o‘tkazgan payt yana tartibbuzarliklar kuzatilgani xabar qilindi.

Xitoy sayyohlariga hamrohlik qiluvchi Miray Hamit 4-5ta odam o‘zi olib yurgan guruhga pichoq bilan hujum qilganini aytadi.

"Ular bizdan qayerlik ekanimizni so‘rashdi. Xitoydan ekanimizni bilishgach, birovimizni kaltaklay ketishdi. Turk gid va men hujumni to‘xtatishga urindik. Hammamiz qo‘rqib ketgandik. Birimiz jarohat oldik. Yaxshi hamki, jiddiy shikast yetmadi. Ammo, men ham musht yedim", deydi ayol.

Mirayning aytishicha, hujumchilarning "Bo‘zqurtlar"ga aloqasi bo‘lmasligi ham mumkin.

'Biz Turkiyaga ishonamiz'

Turk matbuoti "Bo‘zqurtlar" yurishi payti bir guruh koreys sayyohlariga ham xitoylik degan gumon bilan hujum bo‘lgani haqida yozdi. Ammo, guruhning o‘zi bu ayblovlarni rad qiladi.

"Bo‘zqurtlar"ning Istanbuldagi rahbari Ahmet Yigit Yeldirimga ko‘ra, aslida norozilik ishtirokchilari va politsiya o‘rtasida janjal kelib chiqqan, ammo biron bir sayyohga ziyon yetkazilmagan.

"Mamlakatimizga kelayotgan har sayyohning xavfsizligi bizning mas‘uliyatimizdir. Biz hech qanday zo‘ravonlikka toqat qilmaymiz", deydi u. Politsiya manbalari esa, Bi-bi-siga gapirmadilar. Biroq, Istanbuldagi Koreya elchiligi shaharda biron bir koreysga hujum bo‘lgani xususida biron bir shikoyat yoki xabar olmaganini aytdi.

Turk matbuoti va Millatchilik partiyasi rahbari koreyaliklar xitoylik deya adashtirilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan. Ammo, Xitoy sayyohlari Turkiyadagi aksilxitoy kayfiyatlardan qo‘rqayotgan ko‘rinmaydi.

"Biz nimalar bo‘layotganidan boxabarmiz. Ammo, biz biron bir muammoga duch kelmadik. Biz Turkiyaga ishonamiz. Turklar bizga do‘stona munosabatda bo‘lishdi", deydi sayyohlardan biri.

O‘tgan hafta Xitoy hukumati o‘z fuqarolariga Turkiyaga safar qilishga ehtiyot bo‘lish yuzasidan maslahat berdi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Uyg‘urlar

Uyg‘urlar kimlar?

*Uyg‘urlar etnik turklar, Islomga e‘tiqod qilishadi;

*Shinjon aholisining 45 foizini uyg‘urlar, 40 foizini esa, xitoy xanlari tashkil qiladi;

* Shinjon va yo Uyg‘uristonning iqtisodi asrlarki asosan savdo va qishloq xo‘jaligiga tayanib kelgan. Qashqir kabi yirik shaharlari esa mashhur Ipak yo‘lida joylashgani uchun u yerda savdo-sotiq rivojlangan;

*Yigirmanchi asrning boshlarida uyg‘urlar qisqa muddat mustaqil bo‘lishgan. Ammo 1949 yilga kelib Xitoy kommunistlari oz umr ko‘rgan Sharqiy Turkiston davlatini ishg‘ol qilib, nazorat o‘rnatishadi. Rasman Xitoy Shinjonni xuddi Tibet kabi muxtor mintaqa deb ataydi.

*O‘shandan beri mintaqaga katta sondagi xanlar ko‘chirib kelingan. Va uyg‘urlar o‘z madaniyatlari yo‘qolib ketishidan xavotirga tushishgan.

'Nega soqoling bor?'

Turkiya Xitoydan qochadigan uyg‘urlar eng ko‘p boshpana topadigan manzillardan biridir.

2009 yil o‘sha paytdagi bosh vazir o‘rinbosari Bulent Arinch Turkiyada 300, 000dan ortiq uyg‘urlar borligini aytgandi.

2006 yildan beri Xitoyda yashayotgan turk akademigi Mehmet So‘ylemezga ko‘ra, ayniqsa, keyingi ikki yil asnosida qochqinlar soni ortgan.

Image caption Shinjondagi mana bu targ‘ibot rasmda maxfiy ravishda nikohdan o‘tish Xitoy qonunlariga zid ekani urg‘ulangan

"Uyg‘urlar Xitoyda diniy cheklovlar va yo ijtimoiy tengsizlik bois xotirjam hayot kechira olmaydilar. O‘zini bosim ostida his qilganlar yoki qamoqda o‘tirib chiqqanlar mamlakatni tark qilishni afzal bilishadi", deydi u.

2014 yil dekbaridan beri Turkiyada yashayotgan uyg‘urlardan biri "shafqatsiz"liklarni boshidan kechirgani haqida aytadi. U nomini oshkor qilishni istamaydi.

"O‘tgan yili muqaddas Ramazon kechalaridan birida 50 kishicha yaqinlarimiz bilan iftorga yig‘ilgandik. Qizim bizni askarlar o‘rab olganlarini aytdi. Ular bizni ushlab ketishdi va ertalabgacha so‘roq qilishdi. Bizni qo‘yib yuborish uchun har birimizdan 1,000 dollardan so‘rashdi".

"To‘rt-beshta do‘stingiz bilan to‘plansangiz, namoz o‘qisangiz, ular eshikni buzib kiradilar va so‘roq qila boshlaydilar. "Nega soqoling bor? Nima uchun Qur‘on o‘qiyapsan? Nega ayoling o‘rangan?" deb so‘raydilar", qo‘shimcha qiladi suhbatdosh.

"Keyin sizni hibs qiladilar. Ular, hatto, 10 yoshli o‘g‘limni to‘rt nafar do‘sti bilan birga qzlga olishgan", deydi u.

Suhbatdoshimiz Turkiyaga Vetnam, Tayland, Kambodja va Malayziya orqali yetib kelgan.

Hozir u xotini, to‘rt bolasi bilan birga Istanbuldagi xonadonlardan birida istiqomat qiladi. U yerda yana beshta uyg‘ur oilasi bor.

Xitoy hukumati Shinjondagi uyg‘urlar jamoasi uchun turli qoilalar joriy qilish bilan diniy amallarni nazorat qilishga urinadi.

Tanqidchilar mazkur holat faqat vaziyatni yanada yomonlashishiga xizmat qilishini aytishadi.

'Vatanimni sog‘inaman'

So‘nggi ikki yilda musulmon uyg‘urlari va xitoy xanlari o‘rtasida kelib chiqqan zo‘ravonliklar ortidan Ramazon oyi Shinjonda o‘ta nozik paytga aylangan. Xitoy hukumati bunday amallarga islomiy ekstremistlarni ayblab keladi.

Zo‘ravonliklar yuzlab insonlar umriga zomin bo‘lgan.

Xitoy hukumati mamlakatdagi musulmonlarga qarshi bosimlar bo‘layotgani borasidagi ayblovlarni rad qiladi.

Ammo, biz bilan so‘zlashgan uyg‘urlardan biri yurtiga qaytish niyati yo‘qligini aytadi.

"Vatanimni sog‘inaman. U men tug‘ilib o‘sgan joy. Ammo, Turkiyada yaxshi yashayapman. Erkinman. Istaganimdek kiyinishim mumkin. Dinim farzlarini bajara olaman. Ortga qaytsam, meni qamoqqa tashlaydilar", deydi u.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq